O`zbekiston Birinchi xonimi Serbiyaning madaniy merosi bilan tanishdi

08.09.2026 21:21

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Serbiya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida mamlakat Birinchi xonimi Ziroat Mirziyoeva Serbiya Birinchi xonimi Tamara Vuchich hamrohligida Belgraddagi qator madaniy ob`ektlarga tashrif buyurdi.

 

Dasturning ilk manzili Serbiya Milliy muzeyi bo`ldi. Birinchi xonimlar muzey ekspozisiyasi bilan tanishib, unda mamlakat tarixiga oid arxeologik topilmalar, shuningdek, serb va jahon san`ati asarlarini ko`zdan kechirdilar. Shu bilan birga, oliy martabali mehmonlar "Etno-mreja" an`anaviy hunarmandchilik ko`rgazmasi bilan ham tanishdilar.

Mamlakatning eng muhim milliy yodgorliklaridan biri — serb kirill yozuvining eng qadimiy namunasi hisoblangan Miroslav Injiliga alohida e`tibor qaratildi. XII asrga oid ushbu noyob qo`lyozma yuksak badiiy qiymatga ega bo`lib, uning miniatyuralari mahorat bilan bezatilgan. 2005 yilda Miroslav Injili UNESCOning "Jahon xotirasi" xalqaro reestriga kiritilgan.

Shundan so`ng Birinchi xonimlar dunyodagi eng yirik pravoslav ibodatxonalaridan biri va Serbiyaning muhim ma`naviy ramzi bo`lgan Avliyo Savva cherkoviga tashrif buyurdilar.

Samimiy muloqot chog`ida Ziroat Mirziyoeva va Tamara Vuchich O`zbekiston va Serbiya o`rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish muhimligini ta`kidladilar.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар