Endi aholi gaz baloni kelishini 46 kunlab kutmaydimi?
Prezident Shavkat Mirziyoev aholini suyultirilgan gaz bilan ta`minlash tizimini isloh qilish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, respublikada 3,8 millionga yaqin aholi hamda qariyb 2 mingta ijtimoiy soha ob`ekti suyultirilgan gaz bilan ta`minlanadi. Joriy yilda aholi va ijtimoiy soha ob`ektlari ehtiyoji uchun 604,8 ming tonna suyultirilgan gaz etkazib berish ko`zda tutilgan.
Amaldagi tizimda qator muammolar saqlanib qolayotgani ko`rsatib o`tildi. Ayrim hududlarda suyultirilgan gaz iste`molchilarga belgilangan muddatda etib bormayapti. Natijada aholi qo`shimcha ehtiyojini avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan bozor narxlarida xarid qilishga majbur bo`lmoqda.
Tahlillarga ko`ra, suyultirilgan gazni 46 kundan ortiq muddatda olayotgan iste`molchilarning ulushi 22 foizni tashkil etadi. Bunday holatda ayrim oilalarning bir oylik xarajati amaldagi belgilangan narxdan bir necha barobar yuqori bo`lmoqda.
Mavjud tartibda suyultirilgan gaz aholi va ijtimoiy soha ob`ektlariga imtiyozli narxlarda etkazib berilmoqda. Shu bilan birga, ishlab chiqarish, import, xarid va etkazib berish xarajatlari o`rtasidagi tafovut yildan yilga ortib, byudjetdan ajratiladigan subsidiyalarga talab ko`paymoqda.
Davlat rahbari ayni masalada eng avvalo aholi manfaati ustuvor bo`lishi zarurligini ta`kidladi. Suyultirilgan gaz odamlarga o`z vaqtida etib borishi, ta`minotda uzilishlarga yo`l qo`yilmasligi va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar qo`llab-quvvatlanishi lozimligi qayd etildi. Shu maqsadda suyultirilgan gaz ta`minoti tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish bo`yicha takliflar ishlab chiqilgan.
Aholiga suyultirilgan gaz etkazib berish tizimini qayta tashkil etish maqsadida “Hududgazta`minot” ta`sischiligida “LPG-Trade” mas`uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu tuzilma suyultirilgan gazni birja orqali xarid qilib, belgilangan tartibda odamlarga etkazib berish bilan shug`ullanadi.
Shu bois, suyultirilgan gazning chakana narxini belgilashda iqtisodiy asoslangan mexanizmlarning samarali ishlashi ta`minlanadi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun kompensasiya to`lanishi belgilanadi.
Bu orqali narx siyosati bosqichma-bosqich tartibga solinib, ehtiyojmand oilalar uchun manzilli qo`llab-quvvatlash mexanizmi joriy etiladi. Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag`lar umumiy subsidiya o`rniga aniq iste`molchiga yo`naltirilishi tizimning adolatliligi va samaradorligini oshiradi.
Ijtimoiy soha ob`ektlarining ehtiyojlari uchun suyultirilgan gazni birja narxlarida etkazib berish, aholiga belgilangan narxda sotish natijasida yuzaga keladigan salbiy tafovutni respublika byudjeti mablag`lari hisobidan qoplash tartibi ham ko`zda tutilmoqda.
Xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi. Andijon viloyatida suyultirilgan gaz etkazib berish jarayoniga xususiy operatorlarni jalb etish bo`yicha pilot loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mazkur jarayonda operatorlarda zarur lisenziya va ruxsatnomalar, malakali muhandis-texnik xodimlar bo`lishi, xizmatlar kamida ikki operator tomonidan amalga oshirilishi, iste`molchilar uchun mobil ilova va onlayn xizmatlar yo`lga qo`yilishi belgilangan. Iste`molchilar soni va hududiy masofalardan kelib chiqib, shaharsozlik normalari hamda yong`in xavfsizligi talablariga javob beradigan shoxobchalar tashkil etilishi ko`zda tutilgan.
Ushbu tajribani keyinchalik boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich joriy etish imkoniyati ko`rib chiqiladi.