Turkiy Kengash: Karimov davrida sun`iy dushmanga aylantirilgan qo`shnilar bugun birlashmoqda

31.03.2021 07:35

Bugun Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammiti bo`lib o`tadi. Avvaliga Turkiston shahrida o`tishi rejalashtirilayotgan sammit kutilmaganda onlayn videokonferensiya shakliga ko`chirildi. Kutilmagani shundaki, Qozog`istonda koronavirus pandemiyasining yangi to`lqini boshlanib qolib, xavfsizlik masalasi kuchaytirilishi uning bilvosita o`tishida hal qiluvchi omil bo`ldi. 

Asosiy sammit yil adog`ida Turkiyada o`tishi kerak edi. Ammo Qozog`iston Respublikasi birinchi prezidenti – Elboshi, Kengashning faxriy raisi Nursulton Abishevich navbatdan tashqari sammitni o`tkazish tashabbusini ilgari surib qoldi. 

Albatta, ko`pni ko`rgan, qolaversa, garchi lavozimi o`zgarganiga qaramay, hali-hanuz qozoq siyosiy elitasida etakchilikni bermay kelayotgan Nazarboevning tashabbusini hamma a`zolar ham birdek ma`qulladi. 

Adashtirmaslik kerakki, mazkur tashkilotga ildizlari turkiy tilli bo`lgan barcha davlatlar ham a`zo emas. O`zbekistondan tashqari, Ozarbayjon, Qozog`iston, Qirg`iziston va Turkiya uning a`zolari hisoblanadi. 

O`zining asli kelib chiqishini xunlarga borib taqaydigan Vengriya ham tashkilotda kuzatuvchi davlat sifatida ishtirok etib kelmoqda. Faqat Turkmaniston o`zining doimiy betaraflik maqomidan kelib chiqib, mehmon sifatida qatnashadi. 

O`ZBEKISTONGA NIMA BERADI?

Birinchi galda Markaziy Osiyoda hal qiluvchi o`ringa ega bo`lgan O`zbekiston davlatining 2019 yilda Kengashga a`zo bo`lish qarori Tashkilotning maqomini keskin oshirib yubordi. 

Uzoq yillar Birinchi Prezidentning Turkiya etakchilari bilan shaxsiy munosabatlaridagi araz-ginalik uning go`yoki “til bilan bog`liq har qanday tashkilotga a`zolik ma`qul emas”, degan bahonasi bilan Tashkilotga a`zoligiga to`siq qo`yib keldi.

Albatta, Karimovga xos qaysarlik va mustaqillikni har narsadan birinchi qo`yishi muhim omil bo`ldi. Ammo 90-yillarda Turkiyaning O`zbekiston bilan munosabatlaridagi ketma-ketma xatolari va bir tomonlama “katta og`alik”ka intilishi, G`arbning ko`magiga tayanadigan muxolif kuchlarni faol qo`llab-quvvatlashi, turkparast yangi avlodni shakllantirishga tizimli kirishgani ham ko`p jihatdan sabab bo`ldi, desak to`g`ri bo`ladi.   

Ammo Erdog`an hokimiyatga kelgach, turk dunyosi bilan amaliy va iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirishga ko`proq kuch berdi. Siyosiy raqibi bo`lgan Fatxula Gyulenga qarshi kurash boshladi. Ko`p yillar dunyoning ko`plab davlatlarida o`z tarafdorlarini tayyorlovchi turk maktablari faoliyatini ham mafkuradan holi o`zanga burishga intildi. 

Bu sabablar albatta tarix. Asosiysi, hokimiyatga kelgan yangi Prezident Shavkat Mirziyoev tashqi siyosatda katta sakrashlarni amalga oshirdi. Bu avvalo, “o`zbek xalqi uchun maksimal foyda keltiradigan har qanday yo`ldan borish”, “Karimov davrida “sun`iy dushmanga aylantirilgan qo`shnilar” bilan do`stlashish”, “nomatlub davlatlar bilan “yaxshisi uzoqroq yurish” tendensiyasidan tushunmagan davlatni “chuqurroq o`rganish” tamoyillariga o`tildi.

Ha, to`g`ri, Turkiya xato qildi, ammo u katta davlat, tili bir mamlakat, iqtisodiyoti yuksalayotgan yurt. Qolaversa, bu erda hech bir aniq hisob-kitobi yuritilmaydigan kamida 300 ming o`zbek millatiga mansub fuqarolarimiz tirikchilik qilmoqda, yurtiga yuz millionlab dollar mablag` o`tkazayapti. 

O`zbekiston etakchisi agar nomi ko`p yillardan buyon yangraydigan, lekin amalda real kuchga ega bo`lmagan ayrim muxoliflar bilan bog`liq muammo bo`lsa, uni ham qochib, qovoq-araz qilib yurmasdan, faqat yaqindan muloqot olib borish yo`li bilan echish taklifini ilgari surdi va zamonaviy tashqi siyosatning eng konseptual yondashuvidir.  

Bularning barcha-barchasini hisobga olib, Qirg`izistonning Cho`pon-ota shahrida o`tgan Tashkiloti sammitida ilk bora qatnashgan O`zbekiston keyingi yil Bokuga to`laqonli a`zo bo`lib bordi. Rasmiy Toshkentning o`tgan ikki yildagi qiziqarli va hayotbaxsh takliflari va ularning amaliy ijrosi bu alohida mavzu. Biroq shunisi aniqki, mintaqa yuragida joylashgan va barcha turklar o`zining “ota yurti” deb ataydigan O`zbekistonning tashkilotga qo`shilishi uning kuchini ham, qudratini ham, 35 millionlik aholisi bilan jozibadorligini ham oshirib yubordi.   

QORABOG` – KATTA SABOQ

Tog`li Qorabog` Ozarbayjonning 30 yillik qalb og`rig`i edi. U ko`pincha bu hayot-mamot masalasida Turkiy davlatlar uning pozisiyasini etarlicha va munosib daraja qo`llab-quvvatlab kelmagani uchun anchayin norozi ham bo`lar edi. 

O`zi bu bahsli hududni rasmiy Boku bir kun kelib qaytarib olishiga ko`pchilik ishonmasdi ham. 

Biroq, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev sher o`z o`ljasini qulay vaqt etguniga qadar sabr bilan kutganiday juda uzoq va puxta tayyorgarlik bilan kutgan ekan. Imkoniyat bo`lishi bilan boshlab yuborgan keng ko`lamli urushida u juda hayratlanarli g`alabaga erishdi. 

Rossiyaning so`nggi daqiqalardagi aralashuvi bilan Qorabog`ni to`liq qaytarib ololmagan bo`lsa-da, ammo tarixiy g`alabaga erishdi. Bu zafar ortida Turkiyaning faol harbiy va taktik qo`llab-quvvatlashi turganini ham butun dunyo bilib turibdi. Ustiga-ustak, Qorabog`da tinchlikni saqlash vaji bilan turklar ham o`z harbiylarini kiritdi. 

Bir so`z bilan aytganda, qardoshlik va birdamlik ruhi Ozarbayjon misolida juda katta natija berdi. Rasmiy Moskva o`zing an`anaviy harbiy-siyosiy ta`sir doirasi deb qaraydigan bu mintaqaga Anqaraning kirib kelishi unga yoqmasligi aniq. Lekin ruslar istaydimi-istamaydimi, Turkiyaning o`sib kelayotgan qudrati bilan hisoblashishga majbur.

Qolaversa, oxirgi oylarda ayrim rus amaldorlarining Qozog`iston hududiy suverenitetiga qarshi aytilayotgan juda qo`rqinchlik bayonotlari, Xitoyning o`sib borayotgan harbiy-iqtisodiy qudrati Markaziy Osiyo mamlakatlarini boshqa kuch markazlari bilan aloqalarni mustahkamlashga undamoqda. 

Bu ularning garchi ochiq-oshkora aytishayotgan bo`lmasa-da, o`z xavfsizligini ta`minlashda, harbiy jihatdan Turkiyaga ishonch bildirayotganini ham tasdiqlab turibdi.   

    AFG`ONISTON HAM QO`ShILIShI MUMKIN...

Albatta, bu ikki omildan tashqari, Turkiyaning iqtisodiy salohiyatini ham barcha a`zolarni o`ziga qizg`in jalb etadi. 

Turkiy Kengashdan tashqari, bosh qarorgohi Anqara shahrida joylashgan Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti, Bokudan qo`nim topgan Turkiy tilli davlatlar Parlament Assambleyasi hamda Turkiy madaniyat va meros jamg`armasi, Nur-Sulton shahridagi Xalqaro Turk akademiyasi va Ishbilarmonlar kengashi, 2019 yilda Vengriya poytaxti Budapeshtda ochilgan Turkiy tilli davlatlar kengashi vakolatxonasi kabi tuzilmalar ham mavjud.

O`zbekiston bu tuzilmalarda ishtirok etish masalasini muhokama qilayotgani aniq. Shu bilan birga, faqat Bishkek va Toshkent shahri Tashkilotning biror tuzilmasi yo`qligi bilan ajralib turibdi. O`zbekiston bu bo`shliqni albatta, to`ldirishga harakat qilishi tayin. Qirg`izistonning yangi etakchisi Japarov ham qo`l qovushtirib o`tiradiganga o`xshamaydi. 

Turkmaniston esa hozircha qo`shilish niyati yo`q. Ammo Afg`oniston Rahbariyati tashkilotga kuzatuvchi bo`lishni istayotgani haqida oxirgi paytlarda anchagina gap so`zlar paydo bo`ldi. Afg`oniston hukumati turkiy xalq bo`lmagani holda, bu pozisiyasini mamlakatda uchinchi rasmiy til sifatida o`zbek tili amal qilayotganini va u turkiy oilaga mansubligini asos qilib ko`rsatmoqda. Demak, istiqbolda uning ham tashkilotda ishtirok etish masalasi ko`rib chiqilishi aniq. 

Nima bo`lganda ham bugun Sammitda yangraydigan barcha fikrlar biz uchun ham nihoyatda muhim va dolzarb ekanligi ayon.

Sh.XOLMUHAMMAD o`g`li 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
5
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар
01.04.2021 07:35
Бирлашган узар бирлашмаган тузар Деган макол аждодларимиздан колган Аммо душман ичимизга Миллатчилик ё бошка катта огачилик фитналар солишидан огох булишимиз Керакмикин?