O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasida “Oltin qalam” XX Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovga bag`ishlangan brifing bo`lib o`tdi. Unda tanlov uchun hujjatlar qabul qilish jarayoni yakunlangani ma`lum qilinib, kelib tushgan ijodiy ishlar soni hamda ishtirokchilar tarkibi haqida axborot berildi.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilda xalqaro tanlovga jami 3905 ta ijodiy ish kelib tushgan. Bu ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan 654 taga ko`p bo`lib, tanlovga bo`lgan qiziqish va ijodiy faollik 20,1 foizga oshganini ko`rsatmoqda.
Tanlovda jami 607 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Ularning 53 tasi jamoaviy, 554 nafari esa yakka tartibdagi ishtirokchilar hisoblanadi.
Ijodiy ishlar ommaviy axborot vositalarining turli yo`nalishlari bo`yicha qabul qilingan bo`lib:
— bosma nashrlar yo`nalishiga — 1288 ta;
— internet nashrlari yo`nalishiga — 826 ta;
— televidenie yo`nalishiga — 854 ta;
— radio yo`nalishiga — 280 ta;
— fotojurnalistika yo`nalishiga — 210 ta;
— publisistik janrdagi eng yaxshi kitob nominasiyasi uchun — 52 ta ijodiy ish taqdim etilgan.
Brifing davomida tanlovning xalqaro nufuzi tobora ortib borayotgani ham ta`kidlandi. Xususan, “Chet ellik jurnalistning O`zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun” nominasiyasiga dunyoning 40 ta davlatidan 86 nafar jurnalist tomonidan 395 ta ijodiy ish taqdim etilgan.
Hozirda tanlovga kelib tushgan ijodiy ishlarni Hakamlar hay`ati tomonidan xolis va haqqoniy ko`rib chiqish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o`tamiz, “Oltin qalam” XX Milliy mukofoti xalqaro tanlovi g`olib va sovrindorlari 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o`tkaziladigan bayram tadbirida e`lon qilinib, taqdirlanadi.