O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev madaniyat, san`at, adabiyot va kreativ iqtisodiyot sohalari vakillari bilan uchrashuv o`tkazib, sohani mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko`lamli tashabbus va islohotlarni e`lon qildi.
Davlat rahbari uchrashuvdan ko`zlangan asosiy maqsad sohadagi muammolarga echim topish, iste`dodlarni qo`llab-quvvatlash hamda adabiyot, madaniyat, san`at va kreativ iqtisodiyotda yangi muhit yaratish ekanini ta`kidladi.
Yangi tizimga muvofiq, teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg`u san`ati, tasviriy va amaliy san`at kabi 21 ta yo`nalish bo`yicha ijodiy birlashmalar tashkil etiladi. Ushbu birlashmalarga mashhur ustoz san`atkorlar bilan bir qatorda vazirlar va yirik kompaniyalar rahbarlari hamrais bo`ladi. Ular hududlardagi madaniyat muassasalari, musiqa maktablari va ijodiy jamoalar faoliyatini qo`llab-quvvatlash, mavjud muammolarni hal etish bilan shug`ullanadi.
Yosh iste`dodlarni rag`batlantirish maqsadida 1 sentyabrdan boshlab respublika tanlovlari g`oliblariga 100 million so`m, nufuzli xalqaro tanlovlar sovrindorlariga esa 300 million so`mgacha mukofot puli beriladi. Ular ishtirok etadigan xalqaro tanlovlar bilan bog`liq barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi. Shuningdek, ularning ustoz va murabbiylariga oylik maoshining 100 foizigacha ustama to`lanadi. Bu imtiyozlar xususiy ijodiy jamoalarga ham tatbiq etiladi.
Har yili 100 nafar iqtidorli yosh davlat hisobidan xorijdagi nufuzli madaniyat va san`at ta`lim muassasalarida o`qitiladi. Shu bilan birga, iste`dodlarni kashf etish va prodyuserlik loyihalarini rivojlantirish uchun “Ijodga investisiya” jamg`armasi tashkil qilinib, unga har yili 200 milliard so`m ajratiladi.
Uchrashuvda adabiyot sohasini rivojlantirishga ham alohida e`tibor qaratildi. Endilikda har yili kamida 50 ta eng yaxshi asar uchun ijodiy buyurtma beriladi. O`zbek adabiyotining eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinib, mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlari o`tkaziladi. Shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi bilan nashr etiladigan kitoblarning qog`oz xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi.
Yoshlarni kitobxonlikka keng jalb qilish maqsadida mamlakat bo`ylab kitob do`konlari, kutubxonalar va buk-kafelar soni ko`paytiriladi. Har bir viloyat hokimiga yil yakuniga qadar chekka hududlardagi 50 tadan 100 tagacha mahallada namunaviy kutubxona va kitob do`konlarini tashkil qilish vazifasi yuklatildi.
Prezident o`z nutqida milliy ruh va milliy g`oyani mustahkamlashda san`atning o`rni beqiyos ekanini ta`kidlab, xalq qalbiga ta`sir qiladigan, Vatanga muhabbat va millatga sadoqat tuyg`ularini kuchaytiruvchi qo`shiqlar, romanlar, spektakllar va filmlar yaratish muhimligini qayd etdi. Shu munosabat bilan har yili mazkur yo`nalishlarda maxsus tanlovlar o`tkazilib, gran-pri sohiblariga qo`shimcha grantlar ajratiladi.
Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlardagi turli yot g`oyalarga qarshi ma`naviy immunitetni shakllantirish maqsadida ijodkorlarning raqamli makondagi faolligini oshirish zarurligi ta`kidlandi. Yangi tashkil etiladigan ijodiy birlashmalar mahalla va jamiyatdagi birdamlik, oilani mustahkamlash, halol mehnat, tabiatni asrash, sog`lom turmush tarzi, milliy g`urur va shukronalik kabi mavzularda ta`sirchan asarlar yaratishi lozimligi qayd etildi.
Madaniyat va san`atni iqtisodiyotning muhim tarmog`iga aylantirish maqsadida kreativ iqtisodiyot hajmini yaqin yillarda 145 trillion so`mga etkazish rejalashtirilgan. Buning uchun kreativ industriya parklari rezidentlari uchun alohida soliq rejimi joriy etilgan, Toshkent shahri va Nukusda yirik kreativ parklar barpo etilmoqda. Shuningdek, poytaxtda sentyabr oyida Zamonaviy san`at markazi ish boshlaydi.
Davlat rahbari madaniyat va san`at xalqlar o`rtasidagi eng mustahkam ko`prik ekanini ta`kidlab, milliy mahsulotlarning dizayni va xalqaro tanilishiga ham alohida e`tibor qaratdi. Hunarmandlarni xalqaro ko`rgazmalarga olib chiqish, xorijlik dizaynerlar bilan hamkorlikni kengaytirish bo`yicha maxsus dastur ishlab chiqiladi.
Uchrashuv yakunida har bir hududda xalqaro miqyosdagi madaniy tadbirlar va festivallarni muntazam tashkil etish bo`yicha topshiriqlar berildi. Qayd etilishicha, Namanganda o`tkazilayotgan Gullar festivali qisqa vaqt ichida 1,5 milliondan ortiq sayyohni jalb etib, mamlakatning madaniy salohiyati va turizm imkoniyatlarini yana bir bor namoyon etdi.