O`zbekistonda yana energetika vaziri almashdi. Bu mamlakat iqtisodiyotining eng og`ir sohalaridan biriga yangi rahbar kelayotganini anglatadi. Energetika nafaqat elektr va gaz ta`minoti, balki investisiyalar, sanoat, tadbirkorlik, inflyasiya va aholi turmush darajasi bilan chambarchas bog`liq tizimdir.
Ammo yangi vazir ishni yana yangi strategiyalar, yangi dasturlar yoki navbatdagi megaloyihalardan boshlasa, ehtimol, avvalgi xatolar yana takrorlanadi. Bugun sohaga eng kerakli narsa yangi va`dalar emas, eski va`dalarning taqdiri haqida jamoatchilikka hisob berishdir.
So`nggi olti yilda energetika sohasi mamlakatda eng ko`p investisiya jalb qilingan tarmoqlardan biri bo`lgan. Prezident chiqishlarida energetikaga milliardlab dollar investisiya kiritilayotgani, yangi elektr stansiyalari qurilayotgani, qayta tiklanuvchi energiya manbalari jadal rivojlanayotgani, xususiy investorlar jalb qilinayotgani bir necha bor ta`kidlandi. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 2020–2025 yillar davomida sohaga jalb qilingan investisiyalar o`nlab milliard dollar bilan o`lchanadi. Shu davrda quvvati minglab megavatt bo`lgan issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalari bo`yicha loyihalar boshlandi, xalqaro moliya institutlari va xususiy investorlar bilan yuzlab kelishuvlar imzolandi.
Biroq, milliardlar sarflanganiga qaramay, aholining savollari, muammolari hamon tugamadi, kamaymadi, aksincha, ko`payib borayotgandek. Nega har qish faslida elektr uzilishlari yana kun tartibiga chiqadi? Nega gaz bosimi bilan bog`liq muammolar hanuz bartaraf etilmagan? Nega tadbirkorlar elektr energiyasi uzilishlari sabab ishlab chiqarishini vaqtincha to`xtatishga majbur bo`ladi? Agar investisiyalar kutilgan samarani berganida, bu savollar bugun dolzarb bo`lmasligi kerak edi.
Jamoatchilik milliardlab dollarlik loyihalar haqida eshitdi, ammo ularning natijalari bo`yicha to`liq va tizimli hisobotni ko`rmadi. Qaysi ob`ektlar o`z vaqtida foydalanishga topshirildi? Qaysi qurilishlar kechikdi? Qaysi loyihalarning qiymati qayta ko`rib chiqildi? Qaysi ob`ektlar hali ham to`liq quvvat bilan ishlamayapti? Bu savollarga javoblar tarqoq ma`lumotlar ko`rinishida berildi, xolos.
Shu bois, yangi vazirning birinchi qarori yangi qurilish emas, balki to`liq audit bo`lishi kerak. Bu audit so`nggi yillarda energetika sohasiga jalb qilingan davlat mablag`lari, tashqi kreditlar va xususiy investisiyalarni qamrab olishi lozim. Har bir yirik loyiha bo`yicha quyidagi ma`lumotlar ochiqlanishi maqsadga muvofiq: dastlabki qiymat qancha edi, yakunda qancha mablag` sarflandi, ishlar belgilangan muddatda tugadimi, ob`ekt bugun qanday quvvatda ishlayapti va u rejalashtirilgan iqtisodiy samarani berdimi?
Bugungi kunda O`zbekiston energetika sohasidagi eng og`riqli paradokslardan biri shundaki, mamlakat bir vaqtning o`zida milliardlab dollar investisiya jalb qilayotgan, yangi elektr stansiyalari qurayotgan va shu bilan birga, elektr hamda gaz tanqisligi haqida muntazam gapirayotgan davlatga aylandi.
Tabiiy gaz sohasida ham vaziyat jiddiy. So`nggi yillarda gaz qazib chiqarish hajmi pasayib bordi. Oqibatda, O`zbekiston avval eksport qilgan hajmlarni qisqartirib, keyin esa qo`shni davlatlardan gaz import qilishga o`tdi. Buni faqat geologik omillar bilan izohlash etarli emas. Bu sohada investisiyalar qay darajada samara bergani, konlarni modernizasiya qilish ishlari qanday tashkil etilgani va strategik rejalashtirish qay darajada to`g`ri bo`lgani ham tahlil qilinishi shart.
Elektr tarmoqlaridagi texnik va tijorat yo`qotishlari ham hanuz dolzarb muammo bo`lib qolmoqda. Xalqaro moliya institutlari hisobotlarida ham O`zbekiston elektr tarmoqlarini modernizasiya qilishi va raqamlashtirishni jadallashtirishi zarurligi qayta-qayta ta`kidlangan. Chunki ishlab chiqarilgan energiyaning sezilarli qismi iste`molchiga etib bormasdan yo`qotiladi. Bu esa qo`shimcha gaz sarfi, qo`shimcha xarajat va qo`shimcha investisiya talab qiladi.
Energetika mamlakatdagi eng katta moliyaviy oqimlar aylanadigan sohalardan biri bo`lsa-da, jamoatchilik ko`plab yirik loyihalar haqida to`liq ma`lumotga ega emas. Qaysi kompaniya qaysi tenderda g`olib bo`lgani, qanday mezonlar asosida tanlangani, qurilish jarayonida smeta necha marta o`zgargani yoki ob`ektlarni qabul qilishda qanday baholash o`tkazilgani kabi ma`lumotlar ochiq e`lon qilinsa, sohaga bo`lgan ishonch ham ortadi.
Sobiq rahbariyat faoliyatiga baho berish uchun bitta mezon etarli: sarflangan mablag`lar aholi turmushida qay darajada sezildi? Agar bu investisiyalar kutilgan darajada ishlaganida, mamlakat har qish mavsumida energetika bo`yicha favqulodda choralar ko`rishga ehtiyoj sezmasdi. Demak, muammo mablag` etishmasligida emas, balki mablag`larni rejalashtirish, boshqarish va nazorat qilish tizimida bo`lsa kerak.
Energetika sohasida rahbarlar almashishi an`anaga aylanmasligi kerak. Har bir rahbar o`zidan keyin aniq hisobot qoldirishi lozim. Qaysi va`dalar berildi? Qaysi biri bajarildi? Qaysi loyihalar nega kechikdi? Qaysi qarorlar kutilgan natijani bermadi? Bu savollarga ochiq javob berilmas ekan, navbatdagi vazir ham avvalgi muammolar merosini qabul qilaveradi.
Yangi vazir oldida turgan eng katta vazifa yana bir yirik elektr stansiyasi qurish emas. Eng katta vazifa — tizimga ishonchni qaytarish. Bu esa, navbatdagi balandparvoz bayonotlar bilan emas, balki ochiq audit, moliyaviy hisobdorlik, mustaqil tahlil va jamoatchilik oldidagi shaffof hisobot bilan boshlanadi. Energetika sohasida haqiqiy islohot yangi loyihalar qurishdan emas, avval eski loyihalarning natijasini hisoblashdan boshlanadi.