O`zbekiston futboli tarixida turli moliyaviy inqirozlar bo`lgan. Klublar tugatilgan, nomini o`zgartirgan, homiysini yo`qotgan yoki mavsumni qiyinchilik bilan yakunlagan holatlar ham uchragan. Ammo mamlakatning eng nufuzli musobaqasi bo`lgan Superligada qatnashuvchi jamoaning o`yinga borish uchun yo`l xarajatini topa olmay qolishi so`nggi yillarda deyarli kuzatilmagan voqea.
«Bunyodkor»ning moliyaviy qiyinchiliklar tufayli Navoiyga bora olmasligi va Professional futbol ligasi tomonidan unga texnik mag`lubiyat yozilishi o`zbek professional futbolining moliyaviy modeli qanday ahvolga kelib qolganini ko`rsatuvchi jiddiy signal.
Bu klub oddiy klub emas. Bir paytlar «Bunyodkor» nafaqat O`zbekiston, balki butun Osiyo futbolida eng katta byudjetga ega jamoalardan biri edi.
2008 yilda klubga yirik investor kirib kelgach, «Bunyodkor» nafaqat O`zbekiston, balki butun Osiyoda eng katta byudjetli klublardan biriga aylandi. Luis Felipe Skolari, Rivaldo, Ziko kabi jahon futboli yulduzlari bilan shartnoma imzolandi. Britaniyaning BBC, Ispaniyaning Marca, Reuters, ESPN kabi nashrlari o`sha yillari Toshkent klubini Osiyo futbolining yangi boy loyihasi sifatida ta`riflagan edi. Samuel Eto'Oga qisqa muddatga kelish uchun 25 million dollar taklif qilingani haqidagi xabarlar ham xalqaro matbuotda keng muhokama qilingan. Garchi transfer amalga oshmagan bo`lsa-da, bu raqam klubning o`sha paytdagi moliyaviy imkoniyatlari haqida tasavvur beradi.
Bu holat yillar davomida to`liq bozor iqtisodiyotiga o`ta olmagan o`zbek klub futboli tizimining natijasidir. Mamlakatdagi aksariyat professional klublar hali ham mahalliy byudjet, davlat korxonalari yoki bitta homiyga qattiq bog`langan. Daromadning asosiy manbai chipta sotuvi, telehuquqlar, merchendayzing yoki transfer siyosati emas, balki tashqi moliyalashtirish bo`lib qolmoqda.
Futbol iqtisodiyotida esa eng xavfli model ham shu. Homiy ketishi yoki moliyalashtirish qisqarishi bilan butun tizim izdan chiqadi.
Bugun Evropa yoki Yaponiya, Janubiy Koreya kabi rivojlangan futbol mamlakatlarida klub byudjeti bir nechta manba hisobiga shakllanadi. Teletranslyasiya huquqlari, marketing, stadion tushumlari, akademiyalar, transferlar va xususiy investisiyalar klub iqtisodiyotining asosini tashkil etadi. O`zbekistonda esa klublarning moliyaviy hisobotlari ham jamoatchilik uchun deyarli yopiq. Klub qancha daromad topdi, qancha mablag` sarfladi, qarzdorligi qancha, bu savollarga aksariyat hollarda javob yo`q.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, «Bunyodkor» voqeasiga texnik mag`lubiyat sifatida emas, tizim inqirozining belgisi sifatida qarash lozim.
Superliga lisenziyalash talablari klublarning moliyaviy barqarorligiga ham alohida e`tibor qaratishni nazarda tutadi. Demak, bugungi vaziyat Professional futbol ligasi va O`zbekiston futbol assosiasiyasi uchun ham jiddiy xulosa chiqarishga asos bo`lishi kerak. Agar klub mavsum davomida futbolchilar maoshini o`z vaqtida to`lay olmasa yoki hatto safar xarajatini qoplay olmaydigan ahvolga tushsa, demak, lisenziya berish jarayonida moliyaviy barqarorlik mezonlari yanada qat`iy ko`rib chiqilishi zarur.
«Bunyodkor» hali ham O`zbekiston futbolining eng katta brendlaridan biri hisoblanadi. Bu klub mamlakatga chempionliklar, Osiyo Chempionlar ligasidagi yorqin ishtiroklar va ko`plab mashhur futbolchilarni bergan. Shuning uchun uning bugungi ahvoli nafaqat muxlislarni, balki butun futbol jamoatchiligini o`ylantirishi kerak.
«Bunyodkor»ning muammosi hech qachon futbol sifatida bo`lmagan. Muammo iqtisodiy modelda edi. Klubning katta qismi mustaqil daromad hisobidan emas, bitta yirik homiy mablag`lari evaziga yashadi. Evropada yirik klublar daromadining asosiy qismi telehuquqlar, marketing, chipta savdosi va transferlar hisobiga shakllanadi. «Bunyodkor»da esa, bu mexanizmlar to`liq shakllanmagani uchun homiy mablag`i qisqarishi bilan butun tizim izdan chiqa boshladi.
AFC klublarni lisenziyalash tizimida moliyaviy barqarorlikka alohida talab qo`yadi. Klublar muddati o`tgan qarzdorlikka ega bo`lmasligi, futbolchilar va murabbiylar oldidagi majburiyatlarni vaqtida bajarishi, faoliyatini davom ettira olish qobiliyatini isbotlashi kerak. Agar bu talablar qat`iy ishlaganida, vaziyat bir necha oylab maosh olmagan futbolchilar haqidagi xabarlar yoki klubning ichki chempionat uchrashuviga borish uchun mablag` topolmay qolishigacha etib kelmasligi kerak edi.
Bir vaqtlar millionlab dollarlar sarflangan klubning bugun yo`l haqiga ham muhtoj bo`lib qolgani shunchaki moliyaviy inqiroz emas, bu o`zbek futbolining so`nggi o`n besh yillik taraqqiyot modeli qayta ko`rib chiqilishi kerakligini ko`rsatadi.
Balki «Bunyodkor» voqeasi o`zbek futboli uchun og`riqli, ammo foydali dars bo`lar. Bu voqea professional futbolni byudjet yoki bitta homiy hisobidan emas, iqtisodiy jihatdan mustaqil klublar orqaligina rivojlantirish mumkinligini ko`rsatadi. Aks holda, bugun «Bunyodkor» bilan yuz bergan holat ertaga boshqa klubda ham takrorlanmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.