O`zbekistonda 1 iyundan nimalar o`zgaradi?

01.06.2026 10:43

2026 yil 1 iyundan boshlab O`zbekiston qonunchiligida aholi, tadbirkorlar va davlat idoralari faoliyatiga daxldor bo`lgan qator muhim o`zgarishlar kuchga kirdi. Yangi tartiblar energetika, soliq siyosati, mehnat munosabatlari, qurilish, farmasevtika va bojxona sohalarini qamrab oladi.

1 iyundan aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning yangilangan tariflari amal qila boshladi. Bunda amaldagi tabaqalashtirilgan tizim saqlab qolindi.

Oddiy maishiy iste`molchilar uchun oyiga 200 kVt/soatgacha elektr energiyasi 650 so`mdan hisoblanadi. Tabiiy gaz uchun esa isitish mavsumida 500 kub metrgacha, qolgan davrlarda 100 kub metrgacha bo`lgan hajm 1100 so`mdan belgilandi. Ushbu me`yorlardan yuqori iste`mol qilinganda oshirilgan tariflar qo`llanadi.

Kichik biznes uchun muhim yangilik sifatida QQS va foyda solig`i to`lashning umumbelgilangan tartibiga o`tish chegarasi 1 milliard so`mdan 5 milliard so`mgacha oshirildi. 

Mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga alkogol va tamaki mahsulotlari uchun naqd pul qabul qilish huquqi qaytarildi.

1 iyundan ko`mir ijtimoiy ahamiyatga ega strategik tovarlar ro`yxatidan chiqarildi. Natijada, uning narxi talab va taklif asosida shakllanadi.

Ko`mir mahsulotlari asosan birja savdolari orqali sotiladi. Yirik iste`molchilar va issiqlik elektr stansiyalari esa o`rtacha birja narxlarida xarid qilish imkoniga ega bo`ladi.

Xalqaro sertifikat va malakaga ega bo`lgan soliq xizmati xodimlariga har oy lavozim maoshining 100 foizi miqdorida ustama to`lanadi.

Mazkur qo`shimcha to`lovlar Soliq qo`mitasining maxsus jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshiriladi.

Endilikda umumiy ovqatlanish muassasalari xodimlarni bir kunlik, bir necha kunlik yoki haftalik muddatlarga ham rasmiy ishga qabul qilishi mumkin.

Yangi tartib mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan shaklda amalga oshiriladi.

Ugom daryosi davlat gidrologik tabiat yodgorligi sifatida muhofaza qilinadi.

Shu munosabat bilan daryo sohillari va suvni muhofaza qilish hududlarida qurilish ishlari, sun`iy inshootlar barpo etish hamda gidrotexnik ob`ektlar qurish taqiqlandi.

Qurilish sohasida javobgarlik ham kuchaytirildi. Qurilish ob`ektlarida shaharsozlik qoidalarining qo`pol buzilishi aniqlanganda nafaqat pudratchi, balki texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi mutaxassislar ham javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, qiymati 3 milliard so`mdan yuqori bo`lgan ijtimoiy ob`ektlar va yirik qurilishlar onlayn kameralar orqali nazorat qilinadi.

Mahkum yoshlar raqamli kasblarga o`qitiladi. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlaridagi jazoni ijro etish muassasalarida «Ikkinchi imkon» loyihasi boshlandi.

Loyiha doirasida mahkum yoshlarga dasturlash, raqamli texnologiyalar va xorijiy tillar o`rgatilib, kurs yakunida elektron sertifikat beriladi.

Korrupsiya xavfi yuqori lavozimlar tekshiriladi. Inspeksiyalarda korrupsiyaviy xavfi yuqori deb baholangan vazifalarda ishlovchi xodimlar maxsus diagnostikadan o`tkaziladi.

Agar xodimning korrupsiyaga barqarorlik darajasi past deb topilsa, u boshqa lavozimga o`tkaziladi.

Farmasevtika sohasiga yangi imtiyozlar belgilandi. Dori vositalari ishlab chiqaruvchilari xalqaro GMP sertifikatlarini olish bilan bog`liq xarajatlarining yarmigacha kompensasiya olishi mumkin.

Shuningdek, mahalliy olimlar tomonidan yaratilgan yangi dori vositalari uchun klinik sinov va ro`yxatdan o`tkazish xarajatlarining katta qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Markirovka kodlari o`zaro tan olinadi. O`zbekiston hamkor davlatlar bilan suv va salqin ichimliklar uchun raqamli markirovka kodlarini o`zaro tan olish tizimini joriy qildi.

Bu mahsulot harakatini kuzatish va noqonuniy aylanmaga qarshi kurashish imkoniyatlarini kengaytiradi.

Bojxona to`lovlarini kechiktirish imkoniyati paydo bo`ldi. Tadbirkorlar uchun bojxona to`lovlarini 120 kungacha kechiktirib yoki bo`lib-bo`lib to`lash mexanizmi joriy etildi.

Shu bilan birga, bojxona auditida «maslahatchi-auditor» tamoyili qo`llanib, tadbirkorlarga aniqlangan kamchiliklarni mustaqil bartaraf etish imkoniyati beriladi.

Shu bilan birga, qurilish, korrupsiyaga qarshi kurash va ekologik muhofaza sohalarida nazorat mexanizmlari kuchaytirilmoqda.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар