Xalqaro tadqiqotlar va chiroyli statistika raqamlari hamisha odamni to`q ko`rsatadi. Dunyoning eng yirik onlayn ma`lumotlar bazasidan biri – Numbeo Toshkentda farovon yashashning oylik bahosini e`lon qilgani haqida xabar bergan https://t.me/rost_24uz/16460edik avvalroq. Unga ko`ra, poytaxtda bir kishining ijara to`lamasdan «yaxshi yashashi» uchun oyiga 6 mln 343 ming so`m kerak emish. Agar oila 4 kishidan (er-xotin va ikki farzand) iborat bo`lsa, bu raqam 23 mln 512 ming so`mga etadi.
Biroq, tashkilot taqdim etgan batafsil hisobot sahifalariga chuqurroq ko`z yugurtirsak, raqamlar ortidagi mantiqsizlik va sof o`zbekona voqelik o`rtasidagi ulkan jarlik yaqqol ko`zga tashlanadi. Poytaxt aholisi haqiqatan ham to`yib ovqatlanyaptimi yoki faqat maoshdan maoshgacha «jon saqlayaptimi»? Keling, o`zimiz bilgan matematikani ishga solamiz.
Bir kishi yashash xarajatlari uchun cho`ntak tahlili
Numbeo hisob-kitobicha, Toshkentda 1 kg mol go`shti 137,9 ming so`m, 12 dona tuxum 22,4 ming so`m, 1 kg mahalliy pishloq esa naqd 105,7 ming so`mni tashkil etadi. Baza xarajatlarning bor-yo`g`i 30 foizga yaqinini oziq-ovqatga ajratgan.
Ammo bugungi Toshkent bozorlaridagi asl haqiqat va narxlar butunlay boshqacha. Birgina tirikchilik uchun zarur bo`lgan go`sht, yog`, un, kartoshka va kundalik sabzavotlarni hisoblasak, bir kishining uyda ovqatlanishi uchun kamida 3 - 3,5 mln so`m faqat qozon-uchoq xarajatlariga ketadi.
Bunga maishiy xizmatlarni qo`shing. Baza statistikasida kattaroq (85 kv.m) xonadon uchun kommunal to`lovlar 679 ming so`m deb ko`rsatilgan. Keling, real hayotga qaytamiz. Poytaxtdagi aksariyat aholi uzog`i bilan o`rtacha 50 kvadrat metrli uylarda yashaydi. Bunday uy uchun svet, gaz, issiq suv, isitish tizimi va JEK uchun to`lovlar oyiga kam deganda 400 ming so`mga aylanadi. Kabelli internetning o`rtacha bahosi esa 150 ming so`m. Demak, hech qaerga chiqmay, faqat uyda o`tirib, svetni yoqib, bepul shaxsiy uyida yashagan taqdirda ham 6,5 mln so`mlik maoshning sezilarli qismi maishiy ehtiyojlar uchun qurbon bo`lib ketadi. Yo`lkira, kiyim-kechak va kutilmagan sog`liq muammolarini hisoblasak, 6,5 million so`m «farovon yashash»ga emas, shunchaki «qarzga botmay kun ko`rish»ga etadi, xolos. Qarindosh-urug`ning tug`ilgan kuni, to`y-tomoshasini hisobga olish shart emas bunga.
Bog`cha, maktab va farzand «injiqliklari»
Endi masalaning eng og`riqli tomoniga o`tamiz. Ertalabdan kechgacha mehnat qilayotgan oddiy o`zbek oilasini tasavvur qiling: er, xotin va ikki nafar bog`cha va maktab yoshidagi farzand. Numbeo ularning ijarasiz farovon yashashi uchun 23,5 mln so`m mablag` e`lon qildi.
Xalqaro ekspertlar o`zbek oilasining majburiy chiqimlarini hisobga olishmagan. Statistikaga ko`ra, Toshkentda bitta bolaning xususiy bog`chadagi bir oylik to`lovi o`rtacha 3 mln 793 ming so`mni tashkil etadi. Shu o`rinda aytib o`tish kerakki, davlat bog`chasiga navbat kutish uchun yillar kerak bo`ladi. O`rtacha uyda ochilgan xususiy bog`chalar ham indamaygina 1 mln 300 ming atrofida narxni qo`yib olishgan o`zlariga. Agar ota-ona majburlikdan bolasini xususiy bog`cha yoki maktabga bersa, ikki farzandning o`ziga bir oyda qariyb 7-8 million so`m pul shundoqqina ketib qoladi. Va ota-onalar bolasini xususiy bog`cha va maktablarga berishga oshiqishmoqda, chunki u erda til o`rganadi va bolasi qaysidir ma`noda erkin fikrlash ko`nikmasiga ega bo`ladi. Harqalay ular shunday o`ylashyapti. Davlat bog`chasi va maktabida ham sinf fondi, tadbirlar va to`garaklar bilan har oy cho`ntakdan kamida 1 million so`m chiqim bo`lib ketadi.
Bola baribir bola-da. Oyda bir marta ularni poytaxtdagi biror istirohat bog`iga olib borsangiz, Numbeo tahlilining o`zida bitta kino chiptasi 70 ming so`m deb belgilangan. Ikkita bolaning karusel uchishi, kinoga kirishi, muzqaymoq va shirinligi uchun kamida 150-200 ming so`m ketadi. Bu raqamlarni oddiy oilaning oylik byudjetiga qo`shganda, xalqaro tashkilot aytgan «23,5 millionlik farovon hayot standarti» oddiy o`zbek oilasi uchun xato hisoblangandek ko`rinadi.
Dori-darmon — oylik byudjetni shiluvchi yangi «soliq»
Bugungi kunda shamollash, gripp va turli viruslar shunday balo bo`ldiki, mahalliylashib, ommaviy xuruj qiladigan odat chiqardi. Oyda bir marta oilaviy shamollamaydigan yoki kasal bo`lmaydigan xonadonning o`zi yo`q.
Bugun Toshkent dorixonalaridagi narxlarni ko`rib, odamning to`g`ri ma`noda isitmasi chiqib ketadi. Oddiy yo`talga qarshi sirop, antibiotik va vitaminlar to`plami olinganda, har bir oila a`zosi uchun kamida 200 ming so`mdan xarajat to`g`pi keladi. Oilada 4 kishi bo`lsa, birgina mavsumiy shamollashning o`zi oila byudjetiga 800 ming so`mlik kutilmagan zarba beradi. Sog`liqni saqlash va dori-darmon xarajatlari allaqachon oilalarning majburiy va eng og`ir chiqimiga aylanib bo`ldi.
«Uy-joy qilaman» degan odam och qolishi kerakmi?
Maqolaning eng og`riqli qismi va Numbeo tadqiqotining eng zaif nuqtasi ijara va uy-joy masalasidir. Xalqaro baza bu hisob-kitoblarni «ijara to`lamasdan» deb aytib, o`zini suvdan quruq chiqarmoqchi bo`ladi.
Lekin ularning o`z statistikasida shahar markazidagi 1 xonali uyning ijarasi o`rtacha 7 mln 466 ming so`m, shahar chekkasida esa 4 mln 444 ming so`m ekani rasman yozib qo`yilgan.
Xo`sh, poytaxtda o`z uyi yo`q, ijarada turadigan minglab yosh oilalar nima qilsin? Agar bir xonali uyning ijarasi uchun kam deganda 4,5 million so`m to`lansa, bir kishi topgan 6,5 million so`mlik maoshidan qo`lida bor-yog`i 2 million so`m pul qoladi. Bu pulga bola boqish kerakmi, bog`chaga to`lash kerakmi, kasal bo`lsa dori olish kerakmi yoki to`yib ovqatlanish kerakmi?
Uy-joy narxlari kvadrat metriga 1000 dollardan oshib ketgan Toshkentda oddiy fuqaro qanday qilib boshpana sotib oladi? Ijarada yashab, kundalik qimmat mahsulotlarni iste`mol qilib, bola o`qitib uy olish uchun pul jamg`arish bugungi kundagi mutlaqo imkonsiz missiyadir.
Statistika to`q, xalq-chi?
Numbeo tadqiqoti va undagi raqamlar bir haqiqatni ochib beradi. Toshkent allaqachon yashash qiymati bo`yicha jahondagi qimmat shaharlar ro`yxatiga dadil kirib bormoqda. Ammo muammo shaharning qimmatligida emas, balki aholi daromadlarining bu qimmatchilikka parallel ravishda o`smayotganida, bog`cha, maktab, tibbiyot va maishiy xarajatlarning fuqaro elkasiga og`ir yuk bo`lib tushayotganidadir.
Agar mas`ul idoralar faqat «raqamlashtirish va shaffoflik» shiorlari ortiga yashirinib, bozordagi real narx-navo, dorixonalardagi vaziyat va aholining real xarid qobiliyati o`rtasidagi jarlikni ko`rmasa, go`sht va sutning narxi faqat xalqaro statistika sahifalarida «chiroyli» bo`lib qolaveradi.
Xalq to`yib ovqatlanishi va kelajakka ishonch bilan uy-joy qilishi uchun raqamlar emas, asl yashash tarzimizni o`zida farovon bo`lishi shart. Yo`qsa bu katta shaharda kishilar faqat statistikadagina baxtli bo`lib, kredit degan yov bilan kurashishda yashab o`tib ketadilar. Xulosa o`zingizdan...