2026 yilning yanvar–aprel oylarida O`zbekiston tashqi savdosida import hajmi sezilarli oshdi. Ayniqsa, benzin va tabiiy gaz importi keskin ko`paygan va mamlakat yarim yillik tanaffusdan keyin ilk bor yirik hajmda oltin eksport qilgan.
O`zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, yilning dastlabki to`rt oyida mamlakat 9,97 milliard dollarlik eksport va 16,35 milliard dollarlik importni amalga oshirgan. Natijada, tashqi savdo aylanmasida salbiy farq 6,38 milliard dollarga etgan.
Tahlillarga ko`ra, o`tgan yilning mos davriga nisbatan eksport hajmi 16,8 foizga qisqargan bo`lsa, import 26,7 foizga o`sgan.
Eksport tarkibida xizmatlar etakchi o`rinni egallaydi. To`rt oy mobaynida xizmatlar eksporti 3,46 milliard dollarga etib, umumiy eksportning qariyb 35 foizini tashkil qilgan. Bu ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan 32,6 foizga yuqori.
Shuningdek, aprel oyida O`zbekiston yarim yillik tanaffusdan keyin yana oltin eksport qilishni boshlagan. Bir oyning o`zida 1,5 milliard dollarlik oltin sotilgan bo`lib, bu yanvar–aprel oylaridagi umumiy eksportning 15,1 foiziga teng bo`lgan.
Sanoat mahsulotlari eksporti 1,5 milliard dollarga, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar eksporti esa 753 million dollarga etgan. Meva-sabzavot eksporti 463 million dollar, donli ekinlar eksporti esa 205,9 million dollarni tashkil etgan.
Mineral yoqilg`i va moylash materiallari eksporti 447,5 million dollarga etgan. Shu jumladan, neft mahsulotlari eksporti 234,3 million dollar bo`lib, bir yil ichida 55 foizga oshgan.
Tabiiy gaz eksportida esa pasayish kuzatilgan. To`rt oyda 129,4 million dollarlik gaz eksport qilingan bo`lib, bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 35,2 foizga kamdir. Elektr energiyasi eksporti ham 4,2 foizga qisqarib, 82,8 million dollarni tashkil etgan.
Import tarkibida esa, asosiy ulushni mashinalar va transport vositalari tashkil qilmoqda. Ularning umumiy hajmi 5,5 milliard dollarga etib, mamlakat umumiy importining qariyb uchdan bir qismini tashkil etgan.
Avtomobillar importi 1,3 milliard dollarga, elektr uskunalari va jihozlari importi esa 1 milliard dollarga etgan.
Shu bilan birga, mamlakat 1,9 milliard dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar hamda 1,44 milliard dollarlik mineral yoqilg`ilar import qilgan.
Eng katta o`sish benzin va gaz importida qayd etildi. Xususan, benzin importi 327,1 million dollarga etib, o`tgan yilning shu davriga nisbatan ikki baravar oshgan. Dizel yoqilg`isi importi ham 20 foizga ko`payib, 185,6 million dollarni tashkil etgan.
Tabiiy gaz importi esa, yanada yuqori sur`atlarda o`sgan. Yanvar–aprel oylarida O`zbekiston 508,3 million dollarlik gaz import qilgan bo`lib, bu 2025 yilning mos davriga nisbatan 53,6 foizga ko`p.
Tashqi savdodagi asosiy hamkorlar orasida Xitoy etakchilikni saqlab qoldi. Ikki davlat o`rtasidagi savdo aylanmasi 6,2 milliard dollarga etgan. Keyingi o`rinlarni Rossiya (4,5 milliard dollar), Qozog`iston (1,8 milliard dollar), Turkiya (920,6 million dollar) va Afg`oniston (728,2 million dollar) egallagan.
O`zbekiston eng ko`p eksportni Rossiyaga amalga oshirgan bo`lsa, import bo`yicha asosiy sherik sifatida Xitoy o`z mavqeini saqlab qolmoqda.
Benzin va gaz importining keskin o`sishi mamlakat ichki ehtiyojining ortishi hamda energetika sohasidagi mavjud talab bilan izohlanishi mumkin.