Xalq dardini eshitish ham tijoratmi? Davlat idoralarining «ishonch telefonlari» kimning cho`ntagini to`ldirmoqda?
Bugun mamlakatda davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan bosh mezon, o`zgarmas tamoyil shu. Shaxsan Prezidentning o`zi har bir chiqishida, yig`ilishida aholi dardini eshitish, muammolarga ichkaridan, tizimli echim topish haqida gapiradi, davlat tashkilotlarini xalqning ichiga kirishga, unga yaqinlashishga chaqiradi.
Biroq, yuqoridagi balandparvoz shiorlar va prezidentning siyosiy irodasi quyi bo`g`indagi ijrochilarning «o`yinlari» oldida botib qolayotgandek. Bugun O`zbekistonda davlat tashkilotlarining «ishonch telefonlari» xalq muammosini hal qilish vositasidan ko`ra, puxta o`ylangan pul undirish mexanizmiga sof tijorat modeliga aylanib qolgani achinarli holatdir. Ishonish qiyin, ammo fakt shuki, bugun mamlakatda davlat idorasiga adolat izlab borish, qonunbuzarlik yoki korrupsiya haqida xabar berish uchun ham avval cho`ntakda pul bo`lishi kerak!
Keling, masalaning eng og`riqli va insoniy tomoniga qaraylik. Davlat idorasining «ishonch telefoni»ga kimlar qo`ng`iroq qiladi? U erga hech kim vaqti ko`pligidan yoki shunchaki ermakka sim qoqmaydi. U erga boshiga og`ir musibat tushgan, mahalliy amaldorlarning eshigidan haydalib, huquqi toptalgan, nohaqlikdan yuragi qon bo`lgan oddiy fuqaro qo`ng`iroq qiladi. Oilasini boqa olmay chorasiz qolgan ayol, haqqini undira olmayotgan ishchi yoki korrupsiya botg`og`iga duch kelib, adolat izlayotgan tadbirkor qo`ng`iroq qiladi.
Ular go`shakni qo`lga olganda ruhiy jihatdan nihoyatda og`ir, tushkun va ezilgan ahvolda bo`lishadi. Davlatning «ishonch raqami» ular uchun so`nggi umid, so`nggi najot qal`asi bo`lib ko`rinadi. Ammo o`sha og`ir vaziyatda ularni davlat qanday kutib olmoqda? Madad va tinglaguvchi quloq o`rniga sovuq va bepisand avtomatik ovoz eshitiladi: «Hisobingizda mablag` etarli emas».
Jabrdiyda inson u yoqda tursin, oddiy odamning ham bunday paytda dunyosi qorong`i bo`lishi tabiiy. Nahotki davlat o`z fuqarosini shu qadar bag`ritoshlik bilan qarshi olsa? Jinoyatni fosh qilmoqchi bo`lgan, boshiga adolatsizlik tushgan og`ir ahvoldagi insonga «avval pul to`la, keyin dardingga quloq solaman» deyish qaysi insoniylik mezonlariga to`g`ri keladi?
So`zimiz isboti uchun biz bir qator davlat idoralari va vazirliklarning ishonch telefonlariga qo`ng`iroq qilib ko`rdik. Afsuski, murojaat uchun taqdim etilgan qisqa raqamlarning aksariyati pulli ekani ma`lum bo`ldi.
Jumladan, Bosh prokuratura, Majburiy ijro byurosi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy sud, Kambag`allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Oliy ta`lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Sog`liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Adliya vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o`zgarishi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo`jaligi vazirligi, Sport vazirligi, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi, Transport vazirligi, Suv xo`jaligi vazirligi, Qishloq xo`jaligi vazirligi hamda Energetika vazirligiga murojaat qilish uchun fuqaro mablag` sarflashiga to`g`ri keladi.
Qo`ng`iroq qilingan tashkilotlar orasida faqat Ichki ishlar vazirligi tizimi murojaatga tezkor munosabat bildirib, qayta qo`ng`iroq qilish orqali holat bilan qiziqdi. Qolgan holatlarda esa, fuqaro o`z dardini aytish uchun ham avval hisobida mablag` bo`lishi kerak.
Eng e`tiborli jihati shundaki, korrupsiya, mansabdorlar tomonidan qonun buzilishi yoki boshqa huquqbuzarliklar haqida xabar berish uchun mo`ljallangan Bosh prokuraturaning ishonch telefoni ham fuqarolardan qo`shimcha xarajat talab qiladi. Aslida esa, jinoyat va korrupsiya haqida axborot berish imkon qadar sodda va to`siqlarsiz bo`lishi kerak.
Nahotki, korrupsiya haqida xabar berish, huquqbuzarlikdan shikoyat qilish yoki adolat izlash ham pulli xizmatga aylanib ulgurgan bo`lsa? Davlat idoralarining ishonch telefonlari xalqqa xizmat qilish vositasimi yoki qo`shimcha daromad manbaimi?
«Musiqa tinglaganingiz uchun rahmat, hisobingizdan pul echildi!»
[30.05.2026 16:22] Malak opa: Mabodo baxtingiz chopib, telefoningiz balansida pul bo`lsa, sizni ikkinchi bosqichdagi tizimli «tuzoq» kutib oladi:
Operatorga ulangucha kamida 10–15 daqiqalab asabni egovlovchi «sun`iy navbat» va majburiy musiqa eshittiriladi.
Eng alamlisi, siz go`shak ushlab navbat kutayotgan va operatorning paydo bo`lishini iltijo qilayotgan har bir soniyangiz uchun mobil operatoringiz hisobingizdan pul qirqishni boshlaydi.
Muammo u yoqda qolib, mas`ul xodim bilan gaplashib bo`lguningizcha telefoningiz balansi allaqachon «minus»ga kirib bo`ladi.
Buning nomi qonuniylashtirilgan talonchilik emasmi? Axir davlat idorasiga murojaat qilish tovar yoki xizmat sotib olish emas. Bu fuqaroning qonun bilan kafolatlangan huquqi. Huquqni amalga oshirish uchun qo`shimcha haq undirish esa, davlat bilan fuqaro o`rtasidagi ishonchga putur etkazadi. Xalq davlat idorasiga arz qilishi, jamiyatdagi kamchilikni ko`rsatish uchun nega kimgadir pul to`lashi kerak? Prezident «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan mezonni kun tartibiga qat`iy qo`ygan bir vaqtda, vazirliklar bu mezonni o`zlari uchun foydali «biznes-model»ga aylantirib olishganini qanday tushunish mumkin?
Byudjet milliardlari qayoqqa ketmoqda yoki murojaatlar uchun atayin qo`yilgan «filtr»
Davlat tashkilotlari bu sharmandali holatni, mas`uliyatni o`zlaridan soqit qilgan holda, «Aloqa operatorlarining tariflari» yoki «Texnik xarajatlar» deb xaspo`shlashga urinishlari ham mumkin. Bu jamoatchilikni ahmoq qilishdan boshqa narsa bo`lmagan, mutlaqo asossiz bahona.
Birinchidan, har yili davlat byudjetidan (ya`ni, aynan o`sha oddiy soliq to`lovchilarning cho`ntagidan) har bir vazirlik va qo`mitaga, ularning axborot tizimlari va Call-markazlarini saqlash uchun milliardlab mablag`lar ajratiladi. Bu pullar qaerga ketyapti? Xalqning arzini bepul eshitishga yaramagan tizimga byudjetdan milliardlab pul ajratish nechog`lik mantiqli?
Ikkinchidan, bu holatlardan murojaatlar soni sun`iy ravishda pasaytirilsin degan maqsad yashiringandek taassurot uyg`onadi. Maqsad: bitta og`ir ahvoldagi, puli kam aholi imkon qadar kamroq qo`ng`iroq qilsin, shikoyatlar soni sun`iy ravishda pasaytirilsin, idoralar esa ortiqcha boshog`riqsiz, tinchroq o`tirishsin.
Chunki, qo`ng`iroq uchun pul ketishini, hisobi kuyishini bilgan fuqaro oxir-oqibat qo`l siltab ketadi. Ijrochilarga esa aynan shu kerak, muammolar xaspo`shlansa, statistika «chiroyli» chiqaveradi. Bu esa, xalq dardini emas, balki murojaatlar soni kamayganini ko`rsatuvchi soxta hisobotlarnigina davolaydi.
Bu tizim kimga xizmat qilyapti: xalqqami yoki monopolistlarga?
2026 yil — raqamlashtirish, sun`iy intellekt va yuksak ochiqlik davri deb jar solyapmiz. Dunyoning rivojlangan davlatlari u yoqda tursin, qo`shni mamlakatlarda ham davlatning har qanday Call-markazlari va ishonch telefonlari mutlaqo bepul «Toll-free» tizimida ishlaydi. Chunki davlat bilan muloqot qilish fuqaroning tabiiy va konstitusiyaviy huquqi hisoblanadi.
Bizda esa, fuqaro korrupsiyani fosh qilmoqchi bo`lsa ham, huquqi buzilganini aytmoqchi bo`lsa ham avval telefon balansini to`ldirishi shart. Shunda mantiqiy shubha tug`iladi, davlat vazirliklari aloqa operatorlari bilan yashirin kelishuv tuzganmi yoki ularning ulushiga sherikmi? Boshqacha mantiqiy tushuntirishning o`zi yo`q. Agar bu sheriklik bo`lmasa, unda nega aloqa sohasiga mas`ul vazirliklar bu tizimli nohaqlikka ko`z yumib kelmoqda?
Davlat tashkilotlarining barcha «ishonch telefonlari» va qisqa raqamlariga qo`ng`iroq qilish fuqarolar uchun mutlaqo bepul bo`lishi kerak. Bu xalqqa ko`rsatilayotgan imtiyoz yoki iltifot emas, bu fuqaroning qonuniy haqqidir!
Ushbu tizimning texnik xarajatlari tashkilotlarning o`ziga ajratiladigan byudjet mablag`lari yoki Raqamli texnologiyalar vazirligi hisobidan qoplanishi shart. Xalq allaqachon o`z soliqlarini to`lab qo`ygan.
Agar vazirlik va qo`mitalar oddiy xalqning boshiga ish tushganda, og`ir ahvolda qolganda uning dardini bepul eshitishni ham uddalay olishmayotgan bo`lsa, unda «ishonch telefoni» degan balandparvoz shior ortiga yashirinib, odamlarni ovora qilishni to`xtatishsin va o`sha markazlarini butunlay yopib qo`ya qolishsin.
«Ishonch» degan muqaddas va umidbaxsh tushuncha fuqaroning telefon balansi yoki cho`ntagidagi puli bilan o`lchanmasligi lozim.
«Rost24.uz» tahririyati Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligidan ushbu «pulli tuzoqlar» yuzasidan aniq va ochiq rasmiy izoh talab qiladi.
Ijrochilarning prezident siyosatiga mutlaqo zid bo`lgan bu «biznes o`yinlari»ga qachon chek qo`yiladi? Xalq dardini eshitish qachon haqiqiy ma`noda bepul bo`ladi? Tahririyat mazkur holat yuzasidan Raqamli texnologiyalar vazirligi, mobil aloqa operatorlari hamda maqolada tilga olingan davlat idoralaridan rasmiy izoh kutadi. Biz mavzuni kuzatishda davom etamiz.