Doktorantlar uchun yangi tizim — Ayupov tanqidi ish berdimi?

29.05.2026 07:30

Ilmiy sohada keng qamrovli islohotlar boshlanmoqda.
“Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestasiya qilish tizimini takomillashtirish to`g`risida”gi prezident farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to`lanadi.

Yangi tizim doirasida davlat byudjeti hisobidan doktoranturada kadrlar tayyorlash uchun differensial stipendiya mexanizmi joriy etiladi. Doktorantura qabul kvotasining kamida 60 foizi mamlakatning strategik ahamiyatga ega ustuvor yo`nalishlariga ajratiladi.

Ustuvor sohalar sifatida sun`iy intellekt; qayta tiklanuvchi energiya; oziq-ovqat xavfsizligi; tibbiyot; suv resurslari; yangi materiallar; seysmologiya kabi yo`nalishlar belgilangan.

Shuningdek, mazkur ixtisosliklarda tahsil olayotgan doktorantlar uchun tadqiqot ishlarida foydalaniladigan asbob-uskuna va reagentlar xaridi maqsadida har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo`shimcha mablag` ajratiladi.

Doktoranturaga qabul tartibi ham o`zgaradi. Farmonga muvofiq, ustuvor ilmiy yo`nalishlarga qabul qilishda an`anaviy kirish imtihoni o`rniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti asosiy mezon sifatida joriy etiladi. Taqdimotga qo`yiladigan talablar oliy ta`lim muassasalari va ilmiy tashkilotlar tomonidan mustaqil belgilanadi.

Tayanch doktoranturaning birinchi yilida ilmiy tadqiqot metodologiyasi, akademik yozish, statistika va ma`lumotlar tahlili, sohaviy maxsus fanlar bo`yicha maxsus kurslar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, ilmiy rahbarlarga nisbatan ham yangi talablar kiritilmoqda. Endi rahbar doktorant ixtisosligiga mos sohada amaliy ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo`lishi shart.

Ilmiy rahbarlar uchun rag`bat tizimi joriy etiladi. 2027 yildan boshlab ilmiy rahbarlik uchun har oylik to`lov o`rniga bir martalik rag`batlantirish tizimi amal qiladi.

Unga ko`ra, Xirsh indeksi 5 dan kam bo`lgan ilmiy rahbarlarga mehnatga haq to`lash eng kam miqdorining 40 baravarigacha, Xirsh indeksi 5 dan yuqori bo`lganlarga esa, 80 baravarigacha mablag` to`lanadi.

Chet tili imtihoni bekor qilinadi, OAK tizimi ham o`zgaradi. Farmon bilan 2027 yil yanvardan boshlab ilmiy daraja berishda qator tartiblar qayta ko`rib chiqiladi.
Xususan, chet tili bo`yicha malakaviy imtihon topshirish amaliyoti bekor qilinadi. Oliy attestasiya komissiyasi O`zbekiston Fanlar akademiyasi tizimiga o`tkaziladi.

O`zFA prezidenti Shavkat Ayupov avvalroq bergan intervyularidan birida ilmiy daraja berish jarayonlari, dissertasiya sifati va formal yondashuvlarni qattiq tanqid qilgan edi.
U ilmiy sohadagi bir qancha kamchiliklarga batafsil to`xtalgan, jumladan, akademik ilmiy sohada haqiqiy natija va amaliy tadqiqot o`rniga qog`ozbozlik va rasmiyatchilik ustun bo`lib qolayotganini ta`kidlagan edi. 

Ayupov tanqidi ortidan OAK ham raddiya bergan edi. Yuqoridagi islohotlar O`zFA prezidentning tanqidlari o`rinli bo`lganini yana bir bor isbotladi deyish mumkin.

Eslatib o`tamiz, 26 may kuni tizimga qariyb 11 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgan Ahmadbek Tadjievich Yusupov hukumat qarori bilan Oliy attestasiya komissiyasi raisi lavozimidan ozod qilingan edi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар