Toshkentdan Xivaga 5 soatda etkazuvchi tezyurar temir yo`l loyihasi boshlanmoqda

21.05.2026 14:55

Toshkent va Samarqandni bog`lovchi yangi yuqori tezlikdagi temir yo`l magistralini kelajakda Xivagacha uzaytirish rejalashtirilmoqda. Agar ushbu strategik loyiha to`liq amalga oshsa, poytaxtdan Xivagacha bo`lgan safar vaqti hozirgi 7,5 soatdan taxminan 5 soatgacha qisqaradi.


Bu haqda Samarqand shahrida bo`lib o`tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig`ini doirasida transport vaziri o`rinbosari Jasurbek Choriev Spot nashriga bergan intervyusida ma`lum qildi.

Uning aytishicha, hozirda Toshkent-Samarqand tezyurar magistralining 300 kilometrlik qismi bo`yicha loyihalash ishlari yakunlangan. Yangi liniya ishga tushsa, ikki shahar o`rtasidagi safar vaqti atigi 1 soat 40 daqiqani tashkil etadi.

“Biz endi Toshkent-Samarqand yuqori tezlikdagi magistralining loyihasini tugatdik. Keyin esa qurilishni davom ettirish kerak bo`ladi. Nega uni Xivagacha uzaytirmaslik kerak?”, degan vazir o`rinbosari.

Ma`lum qilinishicha, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishi rekord darajada qisqa muddat – 14 oy ichida tayyorlangan. Ilk rejaga ko`ra, jarayon 2026 yil mart oyida tugallanishi kerak edi. Hozir esa Transport vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda hujjatlarni qayta ishlab chiqish, loyihaning investision jozibadorligini oshirish va xalqaro tenderga tayyorgarlik ishlarini olib bormoqda.

Vazirlikning rejasiga ko`ra, temir yo`l qurilishi ishlarini 2026 yilning o`zida boshlash maqsad qilingan. Koreya Eksimbankining Toshkentdagi vakolatxonasi rahbari Sangjin Kangning bildirishicha, tezyurar magistralni to`liq ishga tushirish 2030-yillarning birinchi yarmiga mo`ljallangan bo`lib, qurilish ishlari 7 yildan 10 yilgacha davom etishi mumkin.

Loyihaning dastlabki parametrlariga ko`ra, temir yo`l uzunligi 282 kilometrni tashkil etadi. Poezdlar o`rtacha 185,7 km/soat tezlikda harakatlanib, Toshkentdan Samarqandgacha 1 soat 26 daqiqada etib boradi. Shuningdek, yo`l bo`ylab jami 74 ta ko`prik va 3 ta tunnel qurilishi rejalashtirilgan.

Yangi magistral loyihasi Janubiy Koreya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu konsorsium tarkibiga Saman Engineering, Dong Myeong Engineering Consultants & Architecture, Korea Railroad Corporation (KORAIL) va Korea National Railway kabi yirik kompaniyalar kirgan. Loyihani tayyorlash uchun Koreya Eksimbanki tomonidan 3 million dollarlik grant ajratilgan.

Temir yo`lda harakatlanadigan poezdlar ham Janubiy Koreya texnologiyalari asosida bo`lishi kutilmoqda. Xususan, joriy yilning 2 mayidan Toshkent va Xiva o`rtasida Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi poezdlari sinov tariqasida qatnay boshlagan. Etti vagondan iborat ushbu poezdlar soatiga 260 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi. Kelgusida yangi magistralda ham aynan shu rusumdagi poezdlardan foydalanish rejalashtirilmoqda.

Yangi liniya mavjud temir yo`llardan farqli o`laroq, poezdlarning soatiga 300 kilometrgacha tezlikda harakatlanishiga imkoniyat yaratadi. Bu nafaqat ichki turizm va aholi harakatchanligini oshiradi, balki mamlakatning logistika va transport salohiyatini ham yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар