18 may kuni Kontent tayyorlash markazida “Yurt qayg`usida 365 kun” kitobining taqdimoti bo`lib o`tdi. Tadbirda mamlakatimiz ijodkor ziyolilari, jamoat arboblari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur kitob O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025 yil davomidagi serqirra faoliyatini qamrab olgan keng qamrovli siyosiy-hujjatli to`plam hisoblanadi. Nashrda davlat boshqaruvi, xalqaro diplomatiya, iqtisodiy islohotlar, ekologik barqarorlik, ijtimoiy himoya, ilm-fan, ta`lim va madaniyat sohalarida amalga oshirilgan ishlar hujjatli manbalar, tahliliy sharhlar va fotolavhalar asosida yoritilgan.

Kitob mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tarixiy ko`lami, davlat boshqaruvidagi yangi yondashuvlar hamda inson qadri ustuvor bo`lgan taraqqiyot modelini aks ettiruvchi muhim manba sifatida baholanmoqda.
To`plamning asosiy konsepsiyasi davlat va jamiyat hayotidagi real o`zgarishlar, strategik qarorlar hamda inson qadrini ustuvor qo`ygan siyosiy yondashuvni ochib berishga qaratilgan. Nashrda 2025 yil davomida amalga oshirilgan keng ko`lamli islohotlarning mazmun-mohiyati izchil yoritilgan.

Xususan, kitob sahifalarida iqtisodiy o`sish sur`atlari, investision faollik, eksport hajmining ortishi, kambag`allikni qisqartirish, aholi bandligini ta`minlash, “yashil iqtisodiyot” siyosatini kengaytirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda Yangi O`zbekistonning global maydondagi nufuzi ortib borayotganiga oid muhim tahlil va faktlar o`rin olgan.
Shuningdek, unda davlat rahbarining xalq bilan bevosita muloqotlari, hududlarga tashriflari, xalqaro sammit va muzokaralardagi ishtiroki, strategik sheriklik aloqalari, ekologiya, energetika, raqamli texnologiyalar, mudofaa, uy-joy siyosati hamda ma`naviy-ma`rifiy taraqqiyotga oid tashabbuslari yaxlit tarixiy jarayon sifatida talqin qilingan.

Nashr xronologik ketma-ketlik asosida tayyorlangan bo`lib, kitob oylar kesimida tartiblangan. Har bir oy avvalida Prezident faoliyatining asosiy yo`nalishlari qisqacha jamlangan bo`lsa, keyingi bo`limlarda muhim voqealar, tashriflar, uchrashuvlar, videoselektor yig`ilishlari, xalqaro muzokaralar, imzolangan hujjatlar va yirik loyihalar batafsil sharhlangan.
Mualliflar fikricha, bunday yondashuv o`quvchilarga yil davomida amalga oshirilgan islohotlar dinamikasini izchil kuzatish, davlat boshqaruvidagi ustuvor yo`nalishlarni yaxlit manzarada anglash imkonini beradi.

Kitobda statistik ma`lumotlar, tahliliy sharhlar, iqtiboslar, xalqaro munosabatlarga oid faktlar, fotolavhalar hamda QR-kodlar orqali taqdim etilgan qo`shimcha materiallar ham o`rin olgan.
“Yurt qayg`usida 365 kun” kitobi keng kitobxonlar ommasi bilan bir qatorda siyosatshunoslar, tarixchilar, tadqiqotchilar, xalqaro munosabatlar mutaxassislari, jurnalistlar, talaba-yoshlar hamda Yangi O`zbekistondagi islohotlar jarayonini chuqur o`rganishga qiziquvchilar uchun muhim manba sifatida e`tirof etilmoqda.