O`zbekiston prezidenti administrasiyasining rahbari Saida Mirziyoeva 18 may kuni Londonda moliya tashkilotlari rahbarlari va siyosatchilar bilan uchrashdi.
Varun Chandra (Buyuk Britaniya bosh vazirining investisiyalar bo`yicha maslahatchisi) hamda lord Jon Olderdays (Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo`yicha savdo vakili) bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda O`zbekiston Milliy investisiya jamg`armasining (UzNIF) jahon bozorlariga muvaffaqiyatli chiqishi hamda Britaniya biznes doiralarining O`zbekistonga qiziqishi ortib borayotgani muhokama qilindi.

Ta`kidlanishicha, hozirgacha Buyuk Britaniyadan O`zbekistonga yo`naltirilgan investisiyalar hajmi 1 milliard dollardan oshgan.
Saida Mirziyoevaning navbatdagi uchrashuvi jahondagi eng yirik aktivlarni boshqaruvchi kompaniyalardan sanalgan Franklin Templeton bosh ijrochi direktori Jenni Jonson bilan bo`ldi.
Uchrashuvda mamlakatimizda kapital bozorini rivojlantirish, moliyaviy boshqaruv sohasidagi qonunchilikni takomillashtirish, xalqaro kliring tizimlari bilan integrasiya hamda Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Jenni Jonson O`zbekistonda IPOga tayyorgarlik jarayoni qisqa muddatda amalga oshirilganini va mahalliy kompaniyalar aksiyalari savdosi yuqori natijalarni ko`rsatayotganini alohida ta`kidlagan.
Shuningdek, Saida Mirziyoeva London fond birjasi bosh ijrochi direktori Juliya Enn Hoggett bilan ham muzokaralar o`tkazdi. Unda O`zbekiston Milliy investisiya jamg`armasining London fond birjasi platformasiga muvaffaqiyatli chiqishi, barqaror moliyalashtirish, ESG standartlari, “yashil” obligasiyalar hamda o`zbek kompaniyalarini global bozorlarda ishlashga tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Juliya Enn Hoggettning aytishicha, UzNIF IPOsi London fond birjasida so`nggi besh yil ichidagi eng yirik joylashtirishlardan biriga aylangan. Uning ta`kidlashicha, bu O`zbekiston iqtisodiyotida olib borilayotgan islohotlar va mamlakatning investision jozibadorligi ortib borayotganining yorqin ko`rsatkichidir.
Saida Mirziyoeva global investorlar O`zbekistondagi islohotlar natijalarini amalda ko`rayotgani va mamlakat iqtisodiyotiga ishonch bildirayotganini qayd etdi.

Kechagi tadbirlar doirasida Prezident administrasiyasi rahbari Londonda AQSh prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili, elchi Serjio Gor bilan uchrashdi.
«Uning birja savdolarining ochilish marosimida yonimizda turib, qo`llab-quvvatlagani biz uchun alohida ahamiyat kasb etdi. Muloqot davomida o`zaro aloqalarimizni yanada mustahkamlash istiqbollariga to`xtalib, oldinga qo`yiladigan qadamlar borasida aniq kelishib oldik», deyiladi xabarda.
Avvalroq Prezident administrasiyasi rahbari IPOga chiqish haqida fikrlarini bildirib o`tgandi. U tizimli va izchil islohotlar natijasida mamlakat iqtisodiyoti 3 barobar o`sgani, davlat institutlari samaradorligi ortib, investorlar uchun kafolatlar mustahkamlanganini qayd etgan.