17 may kuni “O`zbekgidroenergo” AJ tasarrufidagi “Energetiklar sihatgohi”da O`zbekiston Respublikasi gidroenergetika sohasining 100 yilligi hamda “O`zbekgidroenergo” AJ tashkil etilgan topganligining 9 yilligi munosabati bilan katta bayram sayli tashkil etildi.
Mamlakatimiz gidroenergetikasi tarixi 1926 yil may oyida dastlabki GES – Bo`zsuv GESning ishga tushirilishi bilan boshlangan edi.
2017 yil 18 may sanasi esa mustaqil mamlakatimiz gidroenergetikasi tarixida yangi bosqich – muhim va ramziy ahamiyatga ega sana hisoblanadi. Zero, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 maydagi PF–5044-sonli Farmoni asosida “O`zbekgidroenergo” AJ mustaqil va yagona tarmoq sifatida tashkil etildi. Mazkur tarixiy qaror mamlakatimizda gidroenergetika sohasini yangi bosqichga olib chiqqan, sohani tizimli boshqarish, investisiyalarni keng jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qilgan muhim huquqiy poydevor bo`ldi.
So`nggi yillarda dunyoda energetika xavfsizligi masalasi tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Aholi sonining ortishi, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarining jadal rivojlanishi, energiya resurslariga bo`lgan talabning o`sishi davlatlar oldiga mutlaqo yangi vazifalarni qo`ymoqda. Shu bilan bir qatorda iqlim o`zgarishi, atmosferaga chiqarilayotgan zararli gazlar hajmini qisqartirish va ekologik barqarorlikni ta`minlash kabi masalalar butun dunyo hamjamiyati diqqat markazida turibdi.
2017 yilga qadar mamlakatimizda umumiy quvvati 1604 MVt bo`lgan 36 ta gidroelektr stansiya faoliyat yuritgan bo`lsa, keyingi to`qqiz yil ichida sohada ulkan islohotlar amalga oshirildi.
Natijada 2026 yilga kelib, mamlakatimizdagi gidroelektr stansiyalar soni 100 taga etdi. Sohaning umumiy o`rnatilgan quvvati esa 2402 MVtni tashkil etmoqda. Shuningdek, qisqa davr mobaynida qo`shimcha 800 MVt yangi “yashil” energiya quvvatlari yaratildi.
Eng muhimi, sohada nafaqat yangi quvvatlar barpo etildi, balki milliy muhandislik va sanoat salohiyati shakllantirildi.
O`tgan davr mobaynida “O`zbekgidroenergo” tizimida gidroelektr stansiyalarni loyihalash, qurish, montaj qilish, sinovdan o`tkazish va ishga tushirish jarayonlarining barchasi bosqichma-bosqich milliy mutaxassislar salohiyati asosida amalga oshiriladigan yaxlit tizimga aylantirildi.
Bugungi kunda gidroenergetika ob`ektlarini yaratish jarayonlari yagona uzviy zanjir asosida tashkil etilgan bo`lib, unda:
- loyihalash va texnik o`rganish ishlari,
- loyiha qidiruv va muhandislik izlanishlari;
- muhandislik -texnik hisob-kitoblar;
- gidroagregatlar va texnologik uskunalarni ishlab chiqarish;
- qurilish-montaj ishlari;
- gidromexanik uskunalarni tayyorlash va o`rnatish;
- elektrotexnik jihozlarni o`rnatish va montaj qilish;
- avtomatlashtirish tizimlarini joriy etish;
- sinov va ishga tushirish va foydalanish ishlari asosan mahalliy mutaxassislar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Bu esa mamlakatimiz gidroenergetika sohasida mustaqil milliy injenerlik maktabi shakllanganini anglatadi.
So`nggi yillarda sohada mahalliylashtirish darajasi ham yangi bosqichga chiqdi. Ilgari asosan xorijdan keltirilgan ayrim uskuna va mexanizmlar endilikda mamlakatimizda ishlab chiqarilmoqda.
Xususan, yangi sanoat quvvatlari va maxsus ishlab chiqarish korxonalari tashkil etildi. Gidroenergetika ob`ektlari uchun zarur bo`lgan metall konstruksiyalar, gidromexanik qurilmalar, ayrim turdagi texnologik jihozlar va ehtiyot qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi.
Bu nafaqat import o`rnini bosish, balki milliy sanoat kooperasiyasini rivojlantirish, yangi ish o`rinlari yaratish va yuqori qo`shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ham xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bugun gidroenergetika sohasida “milliy brend” asosida yangi loyihalar yaratilmoqda. GESlarni qurishda mahalliy muhandislar, loyihachilar, quruvchilar va energetiklar ishtiroki tobora ortib bormoqda.
Mazkur yutuqlar mamlakatimizda gidroenergetika sohasining faqat energiya ishlab chiqaruvchi tarmoq emas, balki yuqori texnologik, muhandislik va sanoat salohiyatiga ega strategik yo`nalishga aylanganini ko`rsatmoqda.
Mahalliylashtirish doirasida, Toshkent viloyatining Bo`stonliq tumanida barpo etilgan “UzHydroPower” zavodi o`z ixtisosligiga ko`ra gidroenergetika tarmog`i uchun zarur bo`lgan gidroagregatlarni ishlab chiqarish bo`yicha Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Quvvati 40 MVtgacha bo`lgan gidroagregatlarni ishlab chiqaruvchi zavodlar MDH kesimida ham, nafaqat Evropa yoki Osiyo, balki jahon kesimida ham juda oz sonli zavodlar qatoriga kiradi.
Hozirgi kunda “UzHydroPower” zavodi Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan “milliy loyihalar” uchun zaruriy bo`lgan uskunalar hamda ehtiyot qismlarni etkazib bermoqda.
O`zbekistonda ilk marotaba gidrotexnika inshootlarini raqamlashtirish maqsadida sohadagi ilg`or AQSh, Kanada, Angliya, Shveysariya, Italiya, Slovakiya va Xitoy davlatlarining nufuzli kompaniyalari ijobiy tajribasini o`rganib, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari yordamida texnik va tashkiliy uzilishlarni bartaraf etish hamda axborot tizimlari yagona kompleksini joriy etish yo`li bilan gidroenergetikada gidrotexnika inshootlarining xavfsiz ishlashini ta`minlashga qaratilgan axborot tizimlarining yagona majmuasi hisoblangan – “Vaziyatlar markazi” ishga tushirildi.
Aytish joizki, Markaz joylardagi tizimlarning uzluksiz ishlashini ta`minlab, Jamiyat tasarrufidagi jami 6 ta suv ombori hamda 100 dan ziyod katta va kichik GESlarni real vaqt rejimida mukammal kuzatish va tahlil qilish imkoniyatini yaratadi. Chuqur tahliliy o`rganishlar asosida Jamiyat tasarrufidagi suv omborlarini xavfsiz ishlashini ta`minlab borish maqsadida barcha turdagi nazorat-o`lchov qurilmalariga zamonaviy datchiklar o`rnatilib, ma`lumotlarni onlayn tarzda yuqori aniqlikda uzatish, suv omborlari xavfsizlik holatini doimiy monitoring qilish hamda hodisalarni elektron tarzda avtomatik qayd etishga erishildi.
Xususan, Jamiyat va tizim tashkilotlariga Italiyaning nufuzli “SISGEO” kompaniyasining 4000 ga yaqin yuqori aniqlikdagi (KIAlar, nazorat-o`lchov qurilmalari) zamonaviy datchik va qurilmalari ob`ektlarga o`rnatildi.
Jamiyat so`nggi uch yil davomida ESG reytingi bo`yicha 2-darajali 79 ball bilan xalqaro ko`rsatkichni saqlab kelmoqda. Bu Markaziy Osiyo miqyosidagi eng yuqori natijalardan biri hisoblanadi.
O`tgan davr mobaynida jami 1,3 mlrd. dollarlik investisiyalar o`zlashtirildi.
Jamiyat tomonidan olib borilgan izchil islohotlar, moliyaviy barqarorlikni ta`minlash va korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilgan sa`y-harakatlar natijasida so`nggi yillarda xalqaro kredit reytingi ko`rsatkichlari bosqichma-bosqich yuksalib bordi.
Alohida qayd etish lozimki, nufuzli xalqaro “Fitch Ratings” reyting agentligi tomonidan 2020 yilda “O`zbekgidroenergo” AJga ilk bor “B+” darajasida kredit reytingi berilgan bo`lsa, keyingi yillarda Jamiyatning moliyaviy barqarorligi, investision jozibadorligi va boshqaruv samaradorligi yuqori baholanishi natijasida reyting ko`rsatkichlari izchil ravishda oshirib borildi.
Natijada, 2025 yil yakunlariga ko`ra, “Fitch Ratings” agentligi tomonidan Jamiyatga “BB+” darajasidagi “barqaror” kredit reytingi berildi. Mazkur ko`rsatkich Jamiyatning xalqaro moliyaviy bozorlardagi ishonchli va barqaror kompaniya sifatidagi nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganini anglatadi. Mazkur reyting Jamiyatning moliyaviy barqarorligi, investision salohiyati, korporativ boshqaruv tizimi hamda sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning xalqaro moliyaviy institutlar tomonidan yuqori baholanayotganini ko`rsatadi.
Eng muhimi, bu kabi xalqaro reyting va ko`rsatkichlar nafaqat Jamiyat nufuzining oshishiga, balki amalda xorijiy investorlar ishonchining mustahkamlanishiga ham xizmat qilmoqda. Natijada yirik loyihalarni davlat kafolatisiz, to`g`ridan-to`g`ri investisiyalar va davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish imkoniyatlari kengaymoqda.
Barchamiz shuni bilishimiz lozimki, bu xalqaro darajadagi reytinglar faqat qog`ozdagina chiroyli raqamlar yoki Jamiyatning nufuzini shunchaki ko`z-ko`z (PR) qilish uchun emas, balki bu ishlar hozirga kelib hayotda o`zining real natijasini bermoqda hamda qilingan xarajatlar o`zini to`liq oqlamoqda. Xususan, sohaga xorijiy investorlarning ishonchi oshib bormoqda va kelgusi yillardagi barcha yirik loyihalar davlat kafolatisiz to`g`ridan-to`g`ri kreditlar yoki davlat xususiy sherikchiligi evaziga amalga oshiriladi.
Joriy 2026 yilda ham asosiy iqtisodiy ko`rsatkichlarda ijobiy o`sish kuzatilmoqda. Jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 7,1 mlrd. kVt.soatga etkazish rejalashtirilgan.
Mazkur natijalar mamlakatimiz energetika tizimi barqarorligini ta`minlash, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlash, atmosferaga chiqarilayotgan uglerod chiqindilarini kamaytirish hamda ekologik musaffolikni ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi tantanali tadbirni kirish so`zi bilan Boshqaruv raisi o`rinbosari Bekzod Amirsaidov ochib berdi hamda sihatgohga yig`ilgan ishtirokchilarga Boshqaruv raisi hamda o`zining nomidan samimiy tabriklarini yo`lladi.
Shuningdek, tantanali va mazmunli tabriklar bilan Inson resurslari boshqarmasi boshlig`i Inoyat Sunatov hamda Boshqaruv raisining Ma`naviyat va davlat tili masalalari bo`yicha maslahatchisi Feruza Azimovalar barcha gidroenergetiklarni muborakbod etdilar.
Tashkil etilayotgan bayram tadbiri nafaqat soha yutuqlarini keng targ`ib qilish, balki ko`p yillar davomida gidroenergetika tizimida samarali mehnat qilib kelayotgan energetiklarning mashaqqatli mehnatini e`tirof etish, jamoada o`zaro hurmat va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Tadbir xalqona sayl va madaniy hordiq shaklida tashkil etilib, u “O`zbekgidroenergo” AJ tizimida mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila a`zolari uchun dam olish, samimiy muloqot qilish, o`zaro fikr almashish va jamoaviy birlik muhitini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida xodimlarning madaniy dam olishini tashkil etish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish, jamoada do`stona munosabatlarni mustahkamlash hamda korporativ madaniyatni yuksaltirishga alohida e`tibor qaratiladi.
Bayram dasturidan:
- sport musobaqalari;
- milliy va zamonaviy oshpazlik tanlovlari;
- hunarmandchilik ko`rgazmalari;
- intellektual va ma`rifiy bellashuvlar;
- milliy qadriyatlar va an`analarni targ`ib etuvchi chiqishlar;
- madaniy-konsert dasturlari;
- faol dam olish va ko`ngilochar loyihalar o`rin olgan.
Tadbir hududida oilaviy hordiq chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratilgan bo`lib, turli madaniy va sport musobaqalari, milliy qadriyatlar aks etgan ko`rgazmalar, ijodiy chiqishlar va ommaviy sayl muhiti ishtirokchilar uchun haqiqiy bayram kayfiyatini hosil qilmoqda.
“O`zbekgidroenergo” AJ tomonidan tashkil etilayotgan mazkur tadbir mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, gidroenergetika sohasining nufuzini oshirish, energetiklar mehnatini munosib qadrlash hamda jamoada sog`lom va ahil muhitni shakllantirish yo`lidagi muhim ma`naviy-ma`rifiy tashabbuslardan biri sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.