Shavkat Mirziyoev 15 may kuni Turkiy davlatlar tashkilotining «Sun`iy intellekt va raqamli rivojlanish» mavzusidagi norasmiy sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Turkiston shahrida bo`lib o`tgan tadbirda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev, Qozog`iston prezidenti Qasim-Jomart Toqaev, Qirg`iziston prezidenti Sadir Japarov, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliev ham qatnashdi.

Prezident nutqining avvalida sammit yuqori darajada tashkil etilgani uchun Qasim-Jomart Toqaevga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, TDTdagi samarali raisligi va tashkilot nufuzini oshirishga qaratilgan sa`y-harakatlari uchun Ilhom Alievga tashakkur aytdi.
Shavkat Mirziyoev turkiy dunyo integrasiyasi qardosh xalqlar taqdiriga daxldor uzoq muddatli strategik masalaga aylanayotganini ta`kidladi.
Ta`kidlanishicha, so`nggi yillarda TDT barqaror rivojlanish sur`atlarini namoyish etayotgan nufuzli tuzilmaga aylandi. 2025 yilda a`zo davlatlarning umumiy iqtisodiy salohiyati 2,4 trillion dollardan oshgan, o`sish sur`ati esa global ko`rsatkichdan ikki barobar yuqori bo`lgan.
O`tgan yili O`zbekistonning TDT mamlakatlari bilan savdo aylanmasi 14 foizga oshgan. Shu bilan birga, Turkiy investisiya jamg`armasi operasion faoliyatini boshlagani, Markaziy banklar kengashi va «yashil» moliyalashtirish bo`yicha Turkiy kengash ishga tushirilgani qayd etildi.
Prezident sun`iy intellekt va raqamli rivojlanish sohasida hamkorlikni kuchaytirish bo`yicha qator tashabbuslarni ilgari surdi. Jumladan, kvant hisoblash texnologiyalari va yagona raqamli makonni yaratish orqali iqtisodiy o`sishning yangi nuqtalarini belgilash zarurligi ta`kidlandi.

Davlat rahbari oldinda ko`p qirrali munosabatlarga tizimli tus berish bo`yicha dolzarb vazifalar turganini qayd etdi.
«O`lkalarimizda yashab ijod qilgan ulug` bobolarimiz — Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg`oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug`bek algoritm, matematika, astronomiya va fizika fanlari ravnaqiga beqiyos hissa qo`shib, shu tariqa hozirgi sun`iy intellekt rivoji uchun asos yaratganlar. Biz ajdodlarimizning ana shunday bebaho merosiga tayanib, bugun Turkiy dunyoning yangi raqamli taraqqiyot davrini barpo etyapmiz», — dedi Shavkat Mirziyoev.
Shuningdek, mintaqaviy ma`lumotlar almashinuvini ta`minlovchi «Raqamli turkiy koridor konsepsiyasi»ni ishlab chiqish hamda Toshkentda TDT davlatlari Texnologiyalar forumini o`tkazish taklif qilindi.
Prezident o`z nutqida Islom sivilizasiyasi markazi faoliyatiga ham to`xtalib, markaz TURKSOY va Turkiy akademiya bilan birgalikda tarixiy-madaniy manbalarni yagona «katta ma`lumotlar» platformasiga jamlashi mumkinligini aytdi.
Sammitda Yassaviy tariqatining bag`rikenglik va ma`rifatparvarlik g`oyalarini o`rganish va targ`ib etish, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, startap loyihalarini moliyalashtirish kabi masalalar ham muhokama qilindi.
Shavkat Mirziyoev O`zbekistonda amalga oshirilayotgan «5 million sun`iy intellekt etakchilari» dasturini eslab o`tdi hamda O`zbekiston va Qozog`iston tomonidan tashkil etilayotgan Qo`shma venchur jamg`armasiga boshqa a`zo davlatlarni ham qo`shilishga chaqirdi.
Transport va logistika sohasida E-Permit elektron ruxsatnomalar tizimi to`liq ishga tushirilgani qayd etildi. Shuningdek, Xitoy — Qirg`iziston — O`zbekiston temir yo`lini o`rta koridor bilan bog`lash va bojxona ma`lumotlari almashinuvini raqamlashtirish bo`yicha vazifalar belgilandi.
Iqlim o`zgarishiga qarshi kurash doirasida 2027 yilni turkiy dunyoda «Tabiatni asrash yili» deb e`lon qilish, sun`iy yo`ldosh ma`lumotlari asosida iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratish va suv resurslarini boshqarishda sun`iy intellektdan foydalanish taklif etildi.
Bundan tashqari, terrorizm, ekstremizm va kibertahdidlarga qarshi kurashish maqsadida kiberxavfsizlik va raqamli infratuzilmani himoya qilish bo`yicha Turkiy alyans tuzish tashabbusi ilgari surildi.

Sammit yakunida Turkiston deklarasiyasi qabul qilindi.