Milliy mediada kadrlar salohiyatini yuksaltirishning amaliy natijalari: Navoiyda yakunlangan haftalik soha vakillari uchun yangi bilim va tajriba almashinuv maydoni bo`ldi.
Navoiy viloyatida bir necha kun qizg`in davom etgan «Media haftalik» nihoyasiga etdi.
Haftalikning so`nggi kunida bo`lib o`tgan yirik Media forum loyihaning hududdagi sarhisobiga aylanib, o`zbek milliy axborot makonini zamon talablari asosida yangilashga qaratilgan qator amaliy chora-tadbirlarni o`rtaga tashladi.
Forumda har bir g`oya, har bir tashabbus va har bir media mahsulot nafaqat ichki axborot maydonimizni boyitishi, balki mamlakatimiz imiji va xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekani ta`kidlandi.
Tadbir doirasida Yoshlar ishlari agentligi, O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi hamda «Aloqabank» mutasaddilari ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda yosh kontent-meykerlar, bloger va jurnalistlarni tizimli qo`llab-quvvatlash, ularning professional o`sishini ta`minlash uchun taqdim etilayotgan yangi imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil so`z yuritildi.
Haftalik doirasidagi nazariy bilimlar amaliy rag`bat bilan uyg`unlashib ketdi. O`zlarining kreativ yondashuvi va izlanishlari uchun 12 nafar faol kontent-meyker maxsus plastik kartalar bilan taqdirlandi. Yangi g`oyalarga ochiqligi hamda media sohasidagi zamonaviy bilim va ko`nikmalarini oshirganining munosib e`tirofi sifatida 200 ga yaqin ishtirokchiga sertifikatlar topshirildi.
Navoiydagi mazkur «Media haftalik» turli avlod va qarashdagi media vakillarini bir maqsad yo`lida birlashtirgan, fikr va tajriba almashinuvini yangi bosqichga olib chiqqan chinakam ijodiy platformaga aylandi.
Eng muhimi, ushbu muloqot va ilgari surilgan tashabbuslar yaqin kelajakda yanada sifatli, global miqyosda raqobatbardosh va xalqchil milliy mediamizni shakllantirishda mustahkam poydevor bo`lib xizmat qilishi shubhasiz.