Rossiya hukumati 9 may kuni Qizil maydonda bo`lib o`tadigan G`alaba paradiga xorijiy jurnalistlar uchun berilgan akkreditasiya va taklifnomalarni bekor qildi. Endi tadbirni faqat sanoqli Rossiya ommaviy axborot vositalari vakillari yoritishi mumkin. Bu haqda Rossiya prezidenti administrasiyasiga tayanib Spiegel nashri xabar berdi.
Rossiya rasmiylariga ko`ra, paradni yoritish formati “mavjud vaziyatdan kelib chiqib” o`zgartirilgan. Shu sababli xorijiy OAV vakillariga tadbirda ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Taklifnomasi qaytarib olingan jurnalistlar orasida Germaniyaning Der Spiegel, ARD va ZDF telekanallari, Buyuk Britaniyaning Sky News, Fransiyaning AFP agentligi, Italiyaning Rai teleradiokompaniyasi hamda Yaponiyaning NHK telekanali muxbirlari bor.
Ma`lumotlarga ko`ra, avvalroq Rossiya tomoni G`arb jurnalistlarining akkreditasiyasini tasdiqlab, ularga tadbirlar dasturini ham yuborgan. Biroq, taklifnomalar qachon bekor qilinganiga aniqlik kiritilmagan.
Bu yilgi G`alaba paradi cheklangan formatda o`tishi va unda sanoqli xorijiy etakchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Moskva xorijiy davlat rahbarlarini maxsus ravishda taklif etmaganini aytgan.
Uning ta`kidlashicha, ayrim davlatlar rahbarlari paradda qatnashish istagini o`zlari bildirgan. Xususan, Belarus, Laos, shuningdek o`zini mustaqil deb e`lon qilgan Abxaziya va Janubiy Osetiya rahbarlari Moskvaga tashrif buyuradi.
Shuningdek, Slovakiya bosh vaziri Robert Fiso Rossiyaga tashrifi davomida Putin bilan uchrashish va Noma`lum askar qabriga gul qo`yishini bildirgan. Kreml uni parad ishtirokchilari ro`yxatiga ham kiritgan.
Ayni paytda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan paradda qatnashmasligini ma`lum qildi. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, jumladan, O`zbekiston prezidenti ham bu yilgi tadbirda ishtirok etmaydi.
Rossiya 8–10 may kunlari munosabati bilan vaqtinchalik otashkesim e`lon qilgan va Ukraina tomonini unga rioya qilishga chaqirgan. Moskva rasmiylari parad vaqtida hujum bo`lsa, Kievga qarshi raketaviy javob berilishidan ogohlantirgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa, 6 may kuni “sukunat rejimi” joriy qilinganini, ammo Rossiya tomoni bu kelishuvni buzganini ta`kidladi. U Moskvadagi parad vaqtida Ukraina dronlari hujum qilishi ehtimolini inkor etmadi va xorijiy davlat vakillariga Rossiya poytaxtiga bormaslikni tavsiya qildi.
So`nggi kunlarda Moskva va uning atrofida dronlar bilan bog`liq bir nechta hodisalar qayd etilgan edi. Shu fon ortidan Rossiya poytaxtida xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan.