“Dok-1 Maks” ishi, 33 ming dollar pora, shaffoflik ko`rinmayotgan tizim – Antikorrupsiya agentligi farmasevtikadagi xavfli “tirqish”larni ochiqladi

07.05.2026 16:49

O`zbekistonda o`nlab bolalar o`limiga sabab bo`lgan “Dok-1 Maks” fojiasi ortidan farmasevtika sohasidagi korrupsiyaviy xavflar yana kun tartibiga chiqdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan taqdim etilgan tahlillar tizimdagi muammolar faqat bitta dori bilan cheklanmasligini, aksincha, butun sohada shaffoflik va nazorat etishmasligi saqlanib turganini ko`rsatyapti.

Agentlik farmasevtika sohasidagi korrupsiya oddiy iqtisodiy jinoyat emasligi, u inson hayoti va sog`lig`iga bevosita tahdid solishini ta`kidlamoqda. “Dok-1 Maks” bilan bog`liq mudhish voqea esa, tizimdagi kamchiliklar qanday og`ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko`rsatib berdi.
Tahlillarga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi qoshidagi Ekspertlar kengashi faoliyatida jiddiy huquqiy bo`shliqlar mavjud. Xususan, kengash a`zolarini tanlash va tayinlash tartibi qonunchilikda aniq belgilab qo`yilmagan. Shu bilan birga, kengashning ayrim a`zolari bir vaqtning o`zida markazda rahbarlik lavozimlarida ham ishlagani manfaatlar to`qnashuviga sabab bo`lgan.

Agentlik misol sifatida markaz bo`lim boshlig`i Nodirbek Musaevni keltirgan. U “Dok-1 Maks”ni davlat ro`yxatidan o`tkazish jarayonida ham ishtirok etgan, ham kengash a`zosi sifatida qaror qabul qilishda ovoz bergan.


Tizimda shaffoflik deyarli yo`q, demoqda tekshiruvlar. Ekspertlar kengashi a`zolari ro`yxati, qabul qilingan qarorlar, choraklik va yillik hisobotlar jamoatchilik uchun ochiq emas. Dori vositalarini ro`yxatdan o`tkazish jarayoni ham yopiq holda amalga oshiriladi.

Tahlillarda korrupsiyaning aniq ko`rinishlariga ham e`tibor qaratilgan. Xususan, Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan “Kuraraks 200” va “Kuraraks 400” dori vositalari bo`yicha shubhalar paydo bo`lganidan keyin inspeksion tekshiruv o`tkazish belgilangan. Ammo kompaniya rahbari R.Singh tomonidan mas`ul xodimlarga 33 ming dollar pora berilgani va tekshiruv bekor qilingani aytilmoqda.

Agentlik bu holatni davlat nazoratining zaifligi va inson omili haddan tashqari kuchli bo`lgan tizim oqibati sifatida baholamoqda.

Shuningdek, inspeksion tekshiruvlar amalda xalqaro standartlarga zid tarzda tashkil etilgani qayd etildi. Hozirda dori ishlab chiqarish sharoitlarini tekshirish vakolati “Zarur amaliyotlar markazi” davlat unitar korxonasiga berilgan. Biroq, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti va Evropa standartlariga ko`ra, bunday vakolat bevosita davlat nazoratida, ya`ni Sog`liqni saqlash vazirligi tizimida bo`lishi kerak.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sohani isloh qilish uchun bir qator takliflarni ilgari surdi. Ular orasida dori vositalarini ro`yxatdan o`tkazish jarayonini to`liq raqamlashtirish, arizalarni faqat my.gov.uz yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali qabul qilish, ekspertlar kengashi yig`ilishlarini onlayn translyasiya qilish kabi choralar bor.

Shuningdek, kengash tarkibiga mustaqil olimlar va amaliyotchilarni jalb qilish, yillik hisobotlarni ochiq e`lon qilish hamda inspeksion tekshiruv vakolatini to`g`ridan-to`g`ri Sog`liqni saqlash vazirligiga qaytarish taklif qilingan.

Eslatib o`tamiz, 2022 yil dekabrida “Dok-1 Maks” siropidan zaharlanish ortidan O`zbekistonda katta fojia yuz bergan edi. Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, ushbu dori 68 nafar bola o`limiga sabab bo`lgan, yana 16 nafar bola nogiron bo`lib qolgan.

2026 yil fevral oyida ushbu ish bo`yicha sud hukmi e`lon qilindi. Hindiston fuqarosi va Quramax Medical kompaniyasi rahbari Singh Ragvendra Pratar 20 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariev 18 yil, uning o`rinbosarlari Amirxon Azimov va Nodirbek Musaev esa 16 yildan qamoq jazosini oldi.

Sud qaroriga muvofiq, halok bo`lgan 68 nafar bolaning oilalariga 1 milliard so`mdan, jabrlangan va nogiron bo`lib qolgan bolalarning qonuniy vakillariga esa 500 million va 200 million so`mdan tovon puli undirilishi belgilangan.
“Dok-1 Maks” fojiasi O`zbekiston farmasevtika tizimi uchun qattiq ogohlantirish bo`ldi. Biroq, agentlik tahlillari shuni ko`rsatmoqdaki, agar sohadagi korrupsiyaviy “tirqish”lar yopilmasa, bunday fojialar takrorlanish xavfi hali ham saqlanib qolmoqda. Agentlik tutgan oynadan qo`rqinchli tasvirlar ko`rinmoqda. Bolalarimiz, kelajagimiz kimlarning qo`lida qolib ketganini ko`rishning o`zi dahshatli.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар