O`zbekistonda mahalliy aviaqatnovlar chiptalarini arzonlashtirish maqsadida davlat tomonidan subsidiya ajratish mexanizmi joriy etilishi mumkin. Bu haqda transport vaziri o`rinbosari Jasurbek Choriev ma`lum qilgan.
Vazirlik rasmiysi 3–6 may kunlari Samarqand shahrida bo`lib o`tayotgan Osiyo taraqqiyot banki boshqaruvchilar kengashining 59-yig`ilishi doirasida transport sohasidagi bugungi murakkab vaziyat va aviaqatnovlar bilan bog`liq dolzarb muammolar haqida to`xtalgan. Uning ta`kidlashicha, Yaqin Sharqdagi geosiyosiy mojarolar xalqaro aviasiya bozoriga jiddiy ta`sir ko`rsatgan.
Jasurbek Chorievga ko`ra, mintaqa portlarining yopilishi neft logistikasiga salbiy ta`sir o`tkazib, yonilg`i narxining keskin oshishiga sabab bo`lgan. Bu esa, aviakompaniyalar xarajatlarini sezilarli darajada ko`paytirgan. Chunki aviasiya sohasida umumiy xarajatlarning qariyb 45 foizi yonilg`i hissasiga to`g`ri keladi.
“Yonilg`i narxi ikki barobarga qimmatlashdi. Bu esa, tabiiy ravishda aviachiptalar qiymatiga ham ta`sir qildi. Bundan tashqari, ayrim yo`nalishlarda uchish vaqti ham uzaydi. Masalan, avval Dubayga uch soatda etib borilgan bo`lsa, hozir 4–4,5 soat vaqt sarflanmoqda. Airbus 320 samolyotining har bir soatlik parvozi o`rtacha 10–15 ming dollarga tushadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, geosiyosiy mojarolarning aviasiya sohasiga ta`siri juda katta”, dedi vazir o`rinbosari.
Shuningdek, u O`zbekistonda aviareyslar sonining kamligi va kichik sig`imli samolyotlar jalb qilinmayotgani haqida ham izoh bergan. Uning so`zlariga ko`ra, bugungi kunda dunyo bozorida samolyotlar tanqisligi kuzatilmoqda. Xususan, Boeing kompaniyasi samolyot etkazib berish hajmini qisqartirgani sababli, havo kemalari narxi keskin oshib ketgan.
Jasurbek Choriev ayrim holatlarda samolyotlar narxi 150 foizgacha qimmatlashganini ta`kidlab, bu aviakompaniyalar uchun iqtisodiy jihatdan jiddiy bosim bo`layotganini bildirdi. Uning fikricha, qimmat samolyotlarni yo`lovchilar soni kam bo`lgan yo`nalishlarga qo`yish o`zini oqlamaydi.
Vazir o`rinbosari kichik samolyotlar orqali chiptalarni avtomatik tarzda arzonlashtirish mumkin degan qarash ham to`g`ri emasligini aytdi. Uning ta`kidlashicha, kichik havo kemalarida har bir o`rindiq tannarxi kattaroq samolyotlarga nisbatan yuqori bo`lishi mumkin. Shu sababli loukoster aviakompaniyalar asosan bir samolyotga ko`proq yo`lovchi joylashtirish hisobiga arzon tarif taklif qiladi.
“Ko`pchilik kichik samolyot – arzon chipta degan fikrda. Aslida esa, samolyot qancha katta bo`lsa, o`rindiqlar soni orqali xarajatlar shuncha samarali taqsimlanadi. Loukosterlar ham aynan shu usulda ishlaydi: servisni qisqartiradi va samolyotga ko`proq yo`lovchi joylashtiradi”, degan u.
Shu bilan birga, vazirlik mahalliy aviaqatnovlarni qo`llab-quvvatlash bo`yicha yangi mexanizm ustida ish olib borayotganini ma`lum qilgan. Jasurbek Chorievning so`zlariga ko`ra, prezident topshirig`i asosida mahalliy reyslar uchun aviachiptalarni davlat tomonidan subsidiyalashga oid qaror loyihasi ishlab chiqilgan.
Hozirda hujjat bo`yicha yakuniy kelishuv jarayonlari davom etmoqda. Qaror qabul qilinganidan so`ng, mahalliy yo`nalishlarda yo`lovchilar uchun chipta narxining bir qismi davlat tomonidan qoplab berilishi mumkin.
Vazir o`rinbosari subsidiya natijasida chiptalar qachon va qancha miqdorda arzonlashishi haqida aniq ma`lumot bermadi.
Eslatib o`tamiz, avvalroq Toshkent shahrida yangi xalqaro aeroport qurilishi iyun oyida boshlanishi, loyihaning umumiy qiymati esa 4,5 milliard dollarga baholanayotgani haqida xabar berilgan edi.