Tashqi reklama va axborot vositalarini joylashtirish tartibini soddalashtirish hamda tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik to`siqlarni kamaytirish maqsadida yangi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqildi. Raqobat qo`mitasi tomonidan tayyorlangan “Tashqi yozuvlarni tartibga solish to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo`yildi.
Qo`mita ma`lumotiga ko`ra, hujjat tashqi axborot vositalarini tizimli tartibga solish, tashqi yozuvlarni o`rnatish va ulardan foydalanishni nazorat qilish, shuningdek amaliyotda turli bahs va kelishmovchiliklarga sabab bo`layotgan tushunchalarga aniqlik kiritishni nazarda tutadi.
Loyihada “tashqi axborot vositasi”, “tashqi yozuv”, “axborot ko`rsatkichi”, “peshlavha”, “e`lon” va “ma`lumotlar taxtasi” kabi atamalarga huquqiy ta`riflar berilmoqda. Hujjatga ko`ra, tashqi axborot vositalari tashqi muhitga qaratilgan, ammo tijorat maqsadini ko`zlamagan axborot vositalari hisoblanadi. Shu sababli ularga reklama yoki tijoriy mazmundagi tasvir va yozuvlarni joylashtirishga yo`l qo`yilmaydi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar faoliyati uchun muhim bo`lgan peshlavhalar reklama ob`ekti sifatida baholanmasligi belgilanmoqda. Xususan, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko`rsatish ob`ektlarida joylashtirilgan tashkilot nomi yoki faoliyat yo`nalishini anglatuvchi yozuvlar — masalan, “dorixona”, “sartaroshxona”, “supermarket”, “milliy taomlar” yoki “qurilish mollari do`koni” kabi peshlavhalar tashqi reklama hisoblanmaydi.
Yangi tartibga ko`ra, tadbirkor egallab turgan binoda uning nomi, faoliyat turi yoki mahsuloti haqidagi axborotni joylashtirish uchun reklama joyining pasportini rasmiylashtirish talab etilmaydi. Shuningdek, bunday axborotlar uchun qo`shimcha ruxsatnoma olish yoki to`lov amalga oshirish majburiyati ham bo`lmaydi.
Hujjatda reklama tushunchasiga ham aniq ta`rif berilgan. Unga ko`ra, mahsulot yoki xizmatga e`tibor jalb qilish, unga qiziqish uyg`otish va bozorda foyda olish maqsadida ilgari surishga qaratilgan maxsus axborot reklama hisoblanadi.
Qayd etilishicha, xususiy mulk hisoblangan binolarda tashqi reklama konstruksiyalarini joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyi pasportini rasmiylashtirish mahalliy hokimliklar vakolatiga kiradi. Toshkent shahrida esa, bu vazifani hokimlik huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti amalga oshiradi.
Raqobat qo`mitasi reklama mazmunining amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligini nazorat qiladi. Ya`ni, davlat nazorati reklama konstruksiyasi emas, balki uning kontenti ustidan olib boriladi.
Qo`mita tadbirkorlar, tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikni mazkur loyiha muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirgan. Ta`kidlanishicha, kelib tushgan taklif va mulohazalar hujjatni yanada takomillashtirishda inobatga olinadi.
Mazkur tashabbus davlat rahbari tomonidan ham ma`qullangan va uni amaliyotga joriy etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berilgan. Loyiha muhokamasi 25 apreldan boshlangan bo`lib, 10 mayga qadar davom etadi.