O`tgan yil yakunlariga ko`ra, O`zbekistonda birlamchi uy-joylar narxi 5,7 foizga, ikkilamchi bozordagi xonadonlar esa 7,9 foizga qimmatlashgan. Sotilayotgan uylarning qariyb 30 foizi Toshkent shahri hissasiga to`g`ri keladi.
Markaziy bank poytaxtdagi ma`lumotlar asosida ko`p qavatli uylar narxiga ta`sir qiluvchi omillarni tahlil qildi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma`lumotiga ko`ra, 2025 yilda Toshkentda ikkilamchi bozorda 1 kvadrat metr uyning o`rtacha narxi 1104 dollarga etgan. Bu respublika bo`yicha eng yuqori ko`rsatkich hisoblanadi. Ayrim hududlarda esa bu ko`rsatkich hatto 600 dollarga ham etmagan.
Shuningdek, poytaxtda birlamchi uylar narxi o`tgan yili 9 foizga oshgan.
Tahlillarga ko`ra, uyning qavati ham narx shakllanishida muhim o`rin tutadi. Masalan, 10 qavatli uyning 4-qavatidagi xonadon bilan 4 qavatli uyning 4-qavatidagi xonadon narxi o`rtasida sezilarli farq bo`lishi mumkin.
Shu bilan birga, xaridorlar tanloviga ta`sir qiluvchi asosiy omillar quyidagilar:
— joylashgan hudud;
— umumiy maydon;
— xonalar soni;
— qavat;
— birlamchi yoki ikkilamchi bozorga tegishliligi.
Hududiy farqlar sezilarli darajada. Markaziy bank tahlillariga ko`ra, uy joylashgan tuman narxga kuchli ta`sir ko`rsatadi. Masalan, Mirobod tumanida joylashgan uylar narxi 23,7 foizga qimmatroq, Bektemir tumanida esa 24,4 foizga arzonroq.
Shuningdek, Yunusobod tumani va Olmazor tumani o`rtasidagi narx tafovuti so`nggi yillarda ortib, talab o`zgarganini ko`rsatgan.
Hisob-kitoblarga ko`ra, uy maydoni 1 kv.mga kengaysa, narx o`rtacha 0,1 foizga pasayadi. Yuqori qavatga ko`tarilgan sari narx 0,2–0,9 foizga arzonlashadi. Biroq, so`nggi yillarda yuqori qavatlarning salbiy ta`siri kamayib borayotgani qayd etilgan.
2022 yilda yangi qurilgan uylar ikkilamchi bozorga nisbatan 3–6 foizga arzon bo`lgan. Ammo 2025 yilga kelib, aksincha, ular o`rtacha 3 foizga qimmatroq bo`lib qolgan.
Shuningdek, g`isht uylar panel uylarga nisbatan 3–6 foizga qimmat. Monolit uylar narxi ham o`sish tendensiyasiga ega. Yangi ta`mirlangan xonadonlar o`rtacha ta`mirdagilarga qaraganda 7–8 foizga qimmat. Eng past va eng yuqori qavatlardagi uylar oraliq qavatlarga nisbatan arzonroq baholanadi.
2025 yil dekabr holatiga ko`ra, Toshkentda 1 sotix er o`rtacha 319 mln so`mni tashkil etgan. Bu o`tgan yilga nisbatan 9,4 foizga kamayganini bildiradi.
Bu holat, asosan shahar chekka hududlarida taklif 22 foizga oshgani, markaziy hududlarda esa 13 foizga kamaygani bilan izohlanadi.
Shuningdek, avvalroq e`lon qilingan ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekistonda har beshta uydan bittasi ipoteka krediti orqali sotib olinmoqda.