Bugun – Abdulla Qodiriy tavallud topgan kun. Qodiriy haqida «ko`p va xo`b» yozilgan. Buyuk adibning hayoti va ijodida shunday jihatlar borki, hayratga tushmay iloj yo`q.
Abdulla Qodiriy matbuotda turli maqolalarini “Juvonboz”, “Kalvak Mahzum”, “Toshpo`lat tajang” kabi obrazli taxalluslar bilan e`lon qilgan.
Shuningdek, “Otam haqida” kitobida Abdulla Qodiriyning “Mushtum” va turli gazeta-jurnallarda bosilgan hajviy, tanqidiy maqolalarida ellikdan ortiq taxallus qo`llagani yoziladi. Ularning ayrimlari ochiq, ayrimlari yashirin bo`lgan. Habibulla Qodiriy bu taxalluslarning aksariyatini o`zi bilgan, ba`zilarini xabardor kimsalardan so`rab, ba`zilarini esa maqolalarning uslubi va mazmuniga qarab aniqlaganini aytadi. Julqunboy, Jirqinboy, J-boy, Ju-boy, U-boy, J, Julqunboy Sov-rinboy o`g`li, Mulla Julqunboy, Julqinchitir, Dumbulboy, Julbulboy jiya¬ni, Dumbulboy o`g`li, Dumbul devona, Dumbulnisa, Domladumbul, Jiyan, Jiyaningiz Mushtum, Kalvak mahzum, Kalvak mahzum jiyani, Kalvak mahzum Shoshiy, Toshpo`lat, Toshpo`lat tajang, Alimov, A.Q, Boyqush, Indamas so`fi, Yo`lovchi, Kampir, Karnaychi, Kolxozchi, Gaznitchi, Lakalang mahzum, Mavlon kufur, Mushtum, Sani xudo, Telba, Ovsar, Chin do`st, Chirmanda botir, Chi chora, Shapak mahzum, Shoshiy, Shilg`ay, Bog`bon, Qaqildoq xo`ja, Matbuot arisi, Moshxo`rdachi, Shakkok, Mulla eshonboy, G`o`sxo`r, Mulla Mushfiqiy kabi 50 dan ortiq taxalluslar keltirilgan.
Adibning nevarasi Xondamir Qodiriy «Bobomizdan qolgan asarlarni o`qish, u kishining uslubini o`rganish, kitoblarini tayyorlash natijasida shunga amin bo`ldimki, Qodiriy uslubi o`ziga xos va betakror. Uning so`z tanlashi, jumla tuzilishlariga qarab, “Otam haqida” kitobida keltirilgan ayrim taxalluslar taxminiy kiritib yuborilgan, degan xulosaga keldik. Hatto Bois Qoriev tadqiqotlarida keltirilgan taxalluslar ham bahsli, deb hisoblayman», degan.
Qodiriy nafaqat romannavis, balki zamonaviy o`zbek jurnalistikasining ilk namoyandalaridan biri hisoblanadi. U ilk jurnalistlardan biri bo`lib, turli gazeta va jurnallarda ishlab, o`tkir publisistik maqolalar yozgan. Uning maqolalarida ijtimoiy adolat, ma`rifat, millat taraqqiyoti kabi mavzular markazda bo`lgan.
“O`tkan kunlar” romani bugun klassik asar sifatida e`tirof etilsa-da, uni yaratish jarayoni juda og`ir kechgan. Asar ilk bor qism-qism holda chop etilgan va tanqidlarga ham uchragan.
Qodiriy bu roman orqali o`zbek adabiyotida ilk bor realistik roman janrini mustahkamladi. Asardagi qahramonlar tirik insonlardek tasvirlangani o`sha davr uchun katta yangilik edi.
Qodiriyning faqat jiddiy yozuvchi emas, balki kuchli yumor hissiga ega bo`lgan inson bo`lgan. Uning feleton va hajviy asarlari orqali o`sha davrdagi mansabparastlik, savodsizlik va ikkiyuzlamachilik qattiq tanqid qilingan.
Abdulla Qodiriy o`zbek adabiyotida yangi bosqichni boshlab bergan ijodkor sifatida qadrlanadi. U roman janrini rivojlantirib, milliy adabiyotni yangi bosqichga olib chiqqan. Juda qisqa umr ko`rgan ijodkorning millat ravnaqi uchun bu qadar kuyingani, shijoatini ba`zi ijod ahillari 80 yil yashab ham topolmasligini hisobga olsak, Qodiriyning naqadar buyuk shaxs bo`lganini his qilish qiyin emas.