O`zbekistonliklar daromadlarining eng ko`p qismini uy ta`mirlashga sarflangan

09.04.2026 19:00

 O`zbekistonda topgan pulining asosiy qismini uy ta`miri uchun sarflayotganlar ulushi ko`p. Bu haqda Markaziy bank e`lon qilgan aholining iste`mol kayfiyati sharhida ma`lumot berildi.

2025 yil IV chorakdagi so`rovda qatnashgan aholining 67 foizi kelgusida daromadlari oshishini bildirgan. Yana 25 foizi tushumlari barqaror qolishiga ishonishini qayd etgan. Ishtirokchilardan 8 foizi daromadlari kamayishini kutayotganini ta`kidlagan.

Daromadi oshishini kutayotganlar ulushi III chorakka nisbatan 7-10 million so`m daromadlilar guruhida bir oz oshgan. O`z navbatida 20 million so`mdan yuqori topadiganlar daromadi oshishi bo`yicha kutilmalar bir oz pasaygan. Daromadlar darajasi o`zgarmay qolishini kutayotganlar ulushining ortishi asosan 3 million so`mgacha, 10-15 million so`m hamda 20 million so`mdan yuqori topadigan guruhlarda kuzatilgan.

IV chorakda respondentlarning 67 foizi (III chorakda 62 foiz) daromad manbalari rasmiy oylik ekanini bildirgan. Tomorqa, kasb-hunar (kunlik daromadli ishlar) va pul o`tkazmalari orqali pul topishini ta`kidlaganlar o`tgan chorakka nisbatan kamaygan.

Maishiy xizmat, IT, OAV, qishloq xo`jaligi, davlat boshqaruvi, umumiy ovqatlanish va savdo sohasi vakillarida daromad oshishi bo`yicha optimistik kutilmalar qayd etilgan. Daromadlar oshishi bo`yicha fan-ta`lim, kommunal xizmatlar va qurilish sohalarida respondentlar ulushi kamroq bo`lgan.

Nimalarga ko`proq xarajat qilinyapti?
So`rovda qatnashganlarning 76 foizni kelgusida xarajatlari oshishini bildirgan. Bu ko`rsatkich bir chorak ilgari 78 foiz edi. Xarajatlarining kamayishini bildirganlar ulushi o`tgan chorakka nisbatan bir oz oshgan. Eng yuqori va quyi daromad oluvchi qatlamlar kelgusi oylarda xarajatlari kamayishini ta`kidlagan. O`rta (5-7 million so`mgacha va 7-10 million so`mgacha) va nisbatan yuqori (10-15 million so`mgacha va 15-20 million so`mgacha) daromad oluvchilar kelgusida xarajatlari oshishini kutmoqda.

So`rov ishtirokchilaridan asosiy qismi uy-joy ta`miri va ta`lim uchun eng ko`p xarajat qilayotganini bildirgan. Bunda nisbatan kamroq daromadlilar (5 mln so`mgacha) asosiy e`tiborni uy ta`miri va ta`limga qaratgan. Yuqori daromadlilar esa (20 million so`mdan ortiq) ko`proq avtomobil, uy sotib olish va  sayohat qilishni rejalashtirgan.

O`z navbatida 15 million so`mdan yuqori daromadlilarning 13 foizi mebel xaridlarini qayd etgan.

So`rovlarga ko`ra, ta`lim barcha guruh vakillarining eng asosiy xarajat yo`nalishlaridan biri bo`lib qolmoqda. Bunda daromadi pastroq bo`lgan qatlam ham ta`limga ko`proq xarajat qilishini ta`kidlagan. Respondentlar orasida yoshlar (30 yoshgacha) asosan ta`lim va uy-joy ta`miri bilan bog`liq xarajatlarga ustuvorlik berishini bildirgan. O`rta yoshlilar (31-50 yosh) uy-joy ta`miri, farzandlar ta`limi, davolanish hamda oilaviy bayramlarni, yoshi kattalar esa (51 yoshdan yuqori) sog`lig`ini tiklash va to`y marosimlari uchun ko`proq mablag` sarflashni rejalashtirmoqda.

Kelgusi oylarda respondentlar tomonidan asosan uy-joy ta`miri, ta`lim, davolanish, avtomobil xaridi va oilaviy tadbirlarni o`tkazish bilan bog`liq xarajatlarga yuqori talab shakllanishi kutilmoqda.

Avvalroq aholining banklardagi jami kreditlari 223,9 trln so`mga etgani, foizli qarzlarning eng ko`p qismi (81,2 trln so`m)uy sotib olishga ishlatilgani xabar qilingan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар