Biznesni rivojlantirish banki va “Uzagrostar xolding”dan yangi raqamli ekotizim

08.04.2026 21:55

2026 yil 8 aprel kuni “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi hamkorligida “Mening tomorqam” platformasining taqdimot marosimi o`tkazildi.

Unda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va tijorat banklari, manfaatdor vazirlik va idoralar, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi rahbariyati va tarkibiy tuzilmalar mas`ul xodimlari, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi, “BRB TECH” MChJ, Toshkent davlat agrar universiteti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ma`lum qilinishicha, so`nggi yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining shaxsan tashabbusi va qo`llab-quvvatlashi natijasida, milliy bank tizimida samarali islohotlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “O`zbekiston – 2030” strategiyasida bank sektorini isloh qilish borasida raqamli bank xizmatlarini yanada kengaytirish, bunda moliyaviy texnologiyalarni (FinTech) rivojlantirish, “raqamli bank” xizmatlarini ko`paytirish va bank tizimini to`liq raqamlashtirish kabi muhim vazifalar ko`zda tutilgan. Shundan kelib chiqqan holda, Biznesni rivojlantirish banki ham mijozlarga taklif etilayotgan raqamli bank xizmatlari soni va sifatini oshirishga muntazam ravishda e`tibor qaratib kelmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi “Tomorqa er egalari va dehqon xo`jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo`llab-quvvatlashning qo`shimcha chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi PQ-57-son Qarorida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda axborot tizimlari va ma`lumotlar bazalarini integrasiya qilgan holda tomorqa va uzoq muddatli ijaraga berilgan er egalariga onlayn maslahat va ma`lumot olish, moliyaviy xizmatlardan foydalanish hamda mahsulotlarni sotish bo`yicha yagona xizmat ko`rsatish va monitoring qilish platformasini ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Mazkur vazifalar ijrosi doirasida Platformaga integrasiya qilinishi ko`zda tutilgan vazirlik va idoralarning axborot tizimlari hamda ma`lumotlar bazalari bo`yicha tegishli hujjatlar imzolangan.

“Raqamli hukumat” tizimining idoralararo integrasiya platformasi orqali tegishli ma`lumotlar yuzasidan axborot almashinuvi yo`lga qo`yilgan.

Taqdimotda platforma haqida batafsil ma`lumot berildi. Unga ko`ra, "Mening tomorqam" platformasi quyidagilarni o`z ichiga oladi:

Marketpleys – mahsulotlarni sotish va xarid qilish imkoniyati;

Eskrou va billing tizimi – foydalanuvchilarga shaxsiy hamyon ochish va to`lovlarni platforma orqali amalga oshirish. Shu bilan birga Logistika, arizalar bo`limi, ta`lim bo`limi kabi bir nechta funksiyalar joy olgan.

Bundan tashqari, “Uzagrostar xolding” kompaniyasi muassisligida tashkil etilgan ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan tomorqa er egalari va dehqon xo`jaliklari kesimida ma`lumotlarni kiritish va yuritish moduli ishlab chiqildi. Shu bilan birga, ixtisoslashgan kompaniyalar uchun shaxsiy kabinetlar yaratildi. Ushbu elektron platformalar orqali quyidagi ma`lumotlar tizimlashtirilgan holda yuritiladi:

tomorqa er egalari va dehqon xo`jaliklari to`g`risidagi ma`lumotlar;

er maydonlari va mavjud issiqxonalar hajmi;

ekin turlari va hosildorlik ko`rsatkichlari;

sotuv va eksport hajmlari hamda ularning dinamikasi;

ixtisoslashgan ekin turlari bo`yicha etakchi xonadonlar va dehqon xo`jaliklari soni;

aholi tomorqalari va uzoq muddatli ijaraga berilgan er maydonlarida mahsulotlar etishtirish bo`yicha ixtisoslashuvi chuqurlashtiriladigan mahallalar to`g`risida ma`lumotlar;

ixtisoslashgan korxonalar va loyiha ofislari tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar to`g`risidagi ma`lumotlar;

tashabbuskorlar — kooperasiya asosida birlashadigan lider tadbirkorlar.

Platforma mobil ilovasida urug`, o`g`it, suv va maydon hajmini hisoblash imkonini beradigan maxsus hisoblash kalkulyatori funksiyasi ham joriy etilgan.

Qo`shimcha tarzda, jismoniy shaxslar billing tizimi orqali to`lovlarni amalga oshirish, mobil ilova orqali biriktirilgan bank kartalarini qo`shish, virtual karta ochish va bank kartasiga buyurtma berish imkoniyatiga ega. Shuningdek, hisob raqamini E-POS tizimi orqali to`ldirish va undan mablag`larni echib olish funksiyalari ham yo`lga qo`yilgan.

Alohida ta`kidlandiki, platforma “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan 3 ta bosqichli ekspertizadan o`tkazilib, ijobiy xulosa olingan.

Taqdimot davomida moderatorlar tomonidan mazkur loyihalardan foydalanish yo`llari, istiqbolda ko`zda tutilayotgan yangiliklar xususida ham atroflicha ma`lumot berildi. Davlatimiz rahbarining qarori asosida “Uzagrostar xolding” fermer, dehqon xo`jaliklari va tomorqa er egalariga tuproq tahlilidan tortib, mahsulotlarni qayta ishlash va yuqori qiymatli bozor topishgacha bo`lgan barcha jarayonlarda yaqindan ko`mak ko`rsatilmoqda. Xususan, qarorda qishloq xo`jaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish vazifasi yuklangan. Mazkur topshiriq ijrosini o`z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida “Uzagrostar xolding” kompaniyasi qoshida “Agrostar konsalting” tashkil etilgan.

Tadbir doirasida “Uzagrostar xolding” muassisligidagi “Agrostar konsalting” va 21 ta ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan tadbirkorlar bilan hamkorlikda tayyorlangan milliy brend ostidagi qishloq xo`jaligi mahsulotlari ko`rgazmasi ham bo`lib o`tdi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар