Davlat idoralarida haftaning bir kuni “Sport kuni” sifatida belgilanadi – Prezident

08.04.2026 20:57

Joriy yilning 7 aprel kuni prezident Shavkat Mirziyoev raisligida o`tkazilgan yig`ilishda davlat organlari va tashkilotlarida ham sportni ommalashtirish bo`yicha yangi tartib o`rnatildi. Unga ko`ra, haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi.

Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi o`z xodimlarining sport bilan shug`ullanishi uchun namuna bo`lishi va sharoitlarni kengaytirishi shart.

Haftaning belgilangan kunida vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashg`ulotlari o`tkaziladi. Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar o`rtasida respublika musobaqalari o`tkaziladi.

Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qo`shimcha imkoniyatlar yaratiladi.

Jumladan, tadbirkorlar o`z ishchi-xizmatchilari uchun sport zali va maydoncha qurish hamda jihozlashga qilgan xarajatlarini foyda solig`i bazasidan chegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad solig`i va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.

Yig`ilishda aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federasiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi ma`lum qilindi.

Endi oliygoh rektori, federasiya rahbari va hokim o`rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga ko`ra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obektlarida darsdan tashqari vaqtda sport to`garaklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.

Shuningdek, sport yo`nalishidagi oliygohlar talabalarini dual ta`lim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qilish uchun to`garaklarga yuborish muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. To`garaklardan tushgan daromadning 50 foizi murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual ta`lim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.

Yig`ilishda sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham chuqur tahlil qilindi.

“Sport bu faqat musobaqa emas, balki sog`lom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon qiladigan katta kuch”, dedi davlatimiz rahbari.

Qayd qilinishicha, so`nggi to`qqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi qurilgani, joylarda 200 dan ziyod yirik sport inshootlari, 4 mingga yaqin xususiy sport klublari ish boshladi. Sport bilan professional tarzda shug`ullanadigan yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalarimiz sportchilari 2 barobar, paralimpiya bo`yicha 3 barobar ko`paydi. O`tgan yilda sportchilar xalqaro arenalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medali sohibi bo`lgani, ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.

Hozir olimpiya sport turlari bo`yicha 26 ta federasiyaning har biriga vazirlar va respublika tashkilotlari rahbarlari boshchilik qilmoqda. O`tgan yili viloyat hokimlari joylarda olimpiya harakatini rivojlantirish bo`yicha Prezident vakili etib belgilandi.

Yig`ilishda qayd etilganidek, soha mutasaddilari, hokimlar, 26 ta federasiya rahbari 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatiga borib, rahbarlari va jamoasiga chempion tayyorlash, olimpiadaga lisenziya olish bo`yicha sharoit qilib berganida hozirgi yutuqlar yanada yuqori bo`lishi mumkin edi.

Masalan, Zarbdor tumanida o`tgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etildi. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashdi. Bundan tashqari, tadbirkorlar bilan birgalikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni, fitness klubi tashkil qilindi.
Infratuzilma yaxshilangani uchun Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi bo`yicha joriy yilgi O`zbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi. Yoki qashqadaryolik 14 nafar tadbirkor o`z hisobidan ikki yilda maktab va mahallalarda 60 milliard so`mlik sport inshootlari qurib berdi.

Qolgan tumanlarda aholini ommaviy sportga jalb qilish ishlari sustligi, hokimlarning musobaqalar o`tkazish va umuman sportga befarqligi tanqid qilindi. Zarbdor tajribasini o`rganish va barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
1
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар