Markaziy Osiyo davlatlari dunyoda terrorizmdan eng kam zarar ko`rgan mamlakatlar qatoriga kirdi. Shunga qaramay, hisobotda mintaqa barqarorligiga tashqi omillar, ayniqsa, Afg`onistonga yaqinlik tobora ko`proq ta`sir qilayotgani qayd etilgan. Bu haqda “Global terrorizm indeksi 2026” hisobotida so`z boradi.
Mamlakatlarning ko`rsatkichlari to`rtta indikator: hujumlar soni, o`lim holatlari, jarohatlanganlar va garovga olinganlar asosida shakllantiriladi. Terrorizm ta`sirini o`lchash uchun besh yillik o`rtacha ko`rsatkich qo`llaniladi. Terrorchilik faoliyatining asosiy o`choqlari hamon Afrika va Janubiy Osiyo bo`lib qolmoqda. 2025 yilda dunyo bo`ylab terrorizmning umumiy darajasi pasaygan bo`lsa-da, tahdidlarning xarakteri murakkabroq va prognoz qilish qiyinroq bo`lib qoldi.
Hisobotga ko`ra, Qozog`iston, Qirg`iziston va Turkmanistonda birorta ham terrorchilik hodisasi qayd etilmagan. Ushbu davlatlar 0 ball bilan tadqiqot o`tkazilgan 163 ta davlat ichida oxirgi (163-o`rinni) bo`lishib turibdi. O`zbekiston (95-o`rin) minimal xavf toifasida qolmoqda. Mintaqada faqat Tojikiston nisbatan yuqoriroq xavf darajasiga ega bo`lib, global reytingning 41-pog`onasidan joy olgan.
Markaziy Osiyodagi nisbiy barqarorlik bir qancha omillar, jumladan, qat`iy xavfsizlik choralari, faol qurolli mojarolarning yo`qligi va xalqaro terrorchilik tashkilotlarining cheklangan ishtiroki bilan izohlanadi.
Ichki barqarorlikka qaramay, mintaqa uchun xavflar tobora tashqaridan kirib kelmoqda. Hisobotda Afg`oniston va Pokistonda ekstremistik guruhlar faoliyati kuchaygani, shuningdek, ikki davlat o`rtasidagi munosabatlar yomonlashgani va bu 2026 yilga kelib ochiq mojaroga aylanishi mumkinligi aytiladi. Ayniqsa, zaif nuqtalar saqlanib qolayotgan Tojikiston-Afg`oniston chegarasi alohida xavotir uyg`otmoqda.
Tashqi bosimlardan tashqari, ekspertlar ichki dinamikaga ham e`tibor qaratmoqda. Hisobotda yoshlar o`rtasida radikallashuv jarayoni tezlashayotgani, bunda raqamli platformalar va onlayn kontent muhim rol o`ynayotgani ta`kidlangan.
Reytingda birinchi o`rinni Pokiston egallagan, keyingi o`rinlarda Burkina-Faso va Niger bormoqda. To`rtinchi pog`onadan Nigeriya, beshinchisidan esa Mali joy olgan.
Global terrorizm indeksi ma`lumotlariga ko`ra, o`tgan yili eng ko`p qurbonlar berilgan terrorchilik hujumlari Afrikada sodir bo`lgan. Dastlabki uchta o`rinni Burkina-Faso davlati egallagan. Ushbu mamlakatda terrorchilar hujumi oqibatida jami 300 dan ortiq kishi halok bo`lgan.
To`rtinchi o`rinda Niger bo`lib, Tillaberi provinsiyasida IShID jangarilarining tinch aholiga hujumi tufayli 71 kishi qurbon bo`lgan. Beshinchi pog`onada Kongo Demokratik Respublikasi qayd etilgan – o`tgan yilning kuzida jangarilarning dafn marosimiga qilgan hujumi oqibatida 71 kishi halok bo`lgan.
2025 yilda dunyo bo`yicha jami 2,9 mingdan ortiq terrorchilik akti qayd etilgan bo`lib, ularning oqibatida 5,5 ming kishi vafot etgan.
Terrorchilik tahdidi saqlanib qolayotganiga qaramay, umumiy vaziyat yaxshilangan: bir yil ichida halok bo`lganlar soni 28 foizga, hujumlar soni esa 22 foizga kamaygan. Ijobiy dinamika 81 ta davlatda kuzatilgan bo`lsa, 19 ta davlatda vaziyat yomonlashgani qayd etilgan.
Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika hududi terrorchilik faolligining asosiy o`chog`i bo`lib qolmoqda, biroq u erda ham barqarorlashuv belgilari ko`zga tashlanmoqda. Mintaqaning o`nta davlatida qurbonlar soni kamaygan, to`rttasida esa ortgan.
Eng ko`p o`limga sabab bo`luvchi terrorchilik tashkiloti sifatida IShID qolmoqda, u 2025 yilda 15 ta davlatda faoliyat yuritgan. Bu guruh 22 ta davlatda faol bo`lgan o`tgan yilgi ko`rsatkichga nisbatan sezilarli darajada kamdir.