Qo`shiqchi soliq to`lamasinmi? To`ydan 500 dollardan 15 ming dollargacha pul olib, yana imtiyoz so`rash qanchalik to`g`ri?

31.03.2026 10:45

O`zbekistonda 2026 yil 1 sentyabrdan boshlab san`atkorlar, boshlovchilar va konsert-tomosha sohasida xizmat ko`rsatuvchi boshqa ijrochilarning har bir xizmati “Soliq” mobil ilovasida ro`yxatdan o`tkazilishi mumkin. Jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan loyihaga ko`ra, endi to`y, yubiley, sunnat to`yi, nikoh marosimlari, restoran va boshqa tadbirlardagi har bir chiqish “bir xizmat — bir to`lov” tamoyili asosida soliqqa tortilishi rejalashtirilgan.

Bu tashabbus ortidan ayrim san`atkorlar ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilib, yangi tartibni qayta ko`rib chiqishni so`ramoqda. Xonanda Samandar Hamroqulov san`atkorlarning asosiy daromad manbai to`y ekanini, ko`pchiligi qarzdorlikda yashashini aytdi. Sharof Muqimov esa san`atkorlarning og`ir hayoti, sahna ortidagi mashaqqati, hatto tirikchilik uchun taksi haydashgacha tushib qolayotgani haqida gapirdi.

Lekin masalaga bir yoqlama hissiyot bilan emas, adolat nuqtai nazaridan qarash kerak. Bugun bitta qo`shiqchi bir to`ydan kamida 500 dollar, ayrim hollarda esa 10–15 ming dollargacha xizmat haqi so`raydi. Bu mablag`ni zavodda ishlayotgan ishchi, maktabdagi o`qituvchi, poliklinikadagi hamshira yoki mahalladagi farrosh oylab ishlab ham topolmaydi. Shunday ekan, nega aynan qo`shiqchi yoki boshlovchi bir necha soatlik chiqishi orqali ishlab topgan pulidan soliq to`lamasligi kerak?

Bugun 500 ming oylik oladigan farrosh ham, 2 million maosh oladigan qorovul ham soliq to`laydi. Xususiy tadbirkor ham, do`konchi ham, haydovchi ham, quruvchi ham soliq to`laydi. Ulardan hech kim “mening ishim og`ir”, “mening ham qarzim bor”, “mening ham tirikchiligim qiyin” degan bahona bilan soliqdan ozod qilinmaydi. Nega endi sahnaga chiqqan san`atkor uchun boshqacha qoida bo`lishi kerak?

Ayrim san`atkorlar murojaatlarida “bizning qo`shiqlarimiz yoshlarni tarbiyalaydi”, “san`at mafkura uchun xizmat qiladi” degan fikrlarni ham aytmoqda. Ammo bu erda yana bir haqqoniy savol tug`iladi: bugungi kunda qaysi qo`shiq yoshlar tarbiyasiga jiddiy ijobiy ta`sir ko`rsatyapti? Ochig`ini aytganda, “maydon”ni to`ldirib yurgan qo`shiqlarning katta qismi chuqur ma`no, tarbiya yoki mafkuraviy yuk emas, balki engil-elpi, “oldi-qochdi” mazmundagi mahsulotlardan iborat. Qisqa vaqt ichida to`ybop bo`lish, trendga chiqish va tez pul ishlash uchun yozilayotgan qo`shiqlarni “millat tarbiyasiga xizmat qilayotgan ijod” deb ko`rsatish qanchalik haqiqatga yaqin?

Yana bir muhim jihat bor: to`ylarda jonli ijro ham emas, deyarli fonogramma orqali aytiladigan qo`shiqlar uchun katta pul olinadi. Ya`ni ba`zan san`atkor bir necha qo`shiqni tayyor ovoz yozuvi bilan ijro qilib, bir kechada oddiy insonning bir necha oylik daromadiga teng haq oladi. Endi shunday xizmatdan davlatga soliq to`lash talab qilinishi g`ayritabiiymi?

Albatta, bu sohada hammani bir xil deb bo`lmaydi. Hamma san`atkor ham boy emas, hamma ham bir xil pul topmaydi. Ammo muammo ham aynan shunda: yillar davomida sohada naqd pul aylanmasi bo`lib keldi, daromadlar ko`p hollarda ochiq hisob-kitobsiz belgilandi, xizmat haqining real hajmi aks etmay qoldi. Endi esa shu tartib o`zgarmoqchi bo`lganda, “bizga engillik bering” degan murojaatlar ko`paymoqda.

To`g`ri, yangi tartibning o`zi ham savollardan xoli emas. Har bir xizmatni ilovada ro`yxatga olish, reyting va hududga qarab to`lov belgilash, ro`yxatdan o`tmagan chiqish uchun katta jarima qo`llash kabi normalar amalda qanday ishlashi alohida muhokamaga arziydi.

Ammo shu bahona bilan asosiy prinsip o`zgarmaydi: san`atkor ham soliq to`lashi shart. San`atkorlik iste`dod bo`lishi mumkin, obro` bo`lishi mumkin, xalq oldida tanilish bo`lishi mumkin. Ammo bu soliq to`lamaslik uchun asos emas. Qonun oldida qo`shiqchi ham, farrosh ham, qorovul ham, tadbirkor ham teng bo`lishi kerak.

Shuning uchun bugungi bahsning mohiyati bitta savolga borib taqaladi: san`atkorlar jamiyatdagi boshqa kasb egalari kabi teng majburiyatni tan oladimi yoki yo`q? Agar javob “ha” bo`lsa, unda to`ydan 500 dollardan 15 ming dollargacha pul topadigan ijrochilarning soliq to`lashi ham tabiiy, ham adolatli talabdir.

Hurmatli san`atkorlar! O`zbekistonda deyarli hammaning krediti bor, juda ko`pchilik bo`lib to`lashga olib, qarz to`laydi. Sizchalik qimmatbaho kiyimlar kiyib, qimmatbaho mashinalarda yurmasa-da, sizchalik ko`p haq olmasa-da, boshqalar ham qarz to`layapti, yashayapti va topgan daromadidan soliq to`lamoqda. Hatto go`zallik salonlarida ham topilgan daromadidan hodimlar soliq to`lashadi. Shuningdek, o`qituvchilar, jurnalistlar, shifokorlar, yana ko`plab soha vakillari ham yoshlarimiz, umuman xalq ma`naviyatiga cheksiz hissa qo`shishadi. Qolaversa, hozirda juda katta qism o`zini san`atkor sanab, to`ylarda yurganlar yoshlar ma`naviyatiga aksincha ta`sir ko`rsatayotgani hech kimga sir emas. 
Shunday ekan, fuqarolik burchingizni bajarishdan qochmang, zero, shu paytgacha soliq yukini his qilmay faoliyat yuritganingiz uchun minnatdor bo`ling. Zero, soliqlar - yurtimiz rivojining asosiy manbaidir.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
3
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар