Avvalroq mamlakatimiz axborot makonida yilning eng yirik ta`limiy-amaliy voqeligi — butun respublikani qamrab oluvchi “Media haftalik” loyihasi o`tkazilishi haqida xabar berilgan edi. Bugun, 30 mart kuni ushbu haftalik Qoraqalpog`iston Respublikasida o`z ishini boshladi.
Orolbo`yi hududida start olgan ilk haftalik doirasida qatnashchilar zamonaviy media muhitidagi dolzarb masalalar yuzasidan ko`nikmalarini oshiradi.
Mashg`ulotlar samaradorligini ta`minlash hamda har bir kasbiy yo`nalishlar kesimida chuqurlashtirilgan va ixtisoslashgan bilimlarni berish maqsadida, o`quv-seminarlar sessiyalarga bo`lingan holda tashkil etilmoqda.
Dastur kontent yaratish, matnli va vizual formatlar hamda janrlarning qo`llanishi, axborot xavfsizligi, strategik kommunikasiya, media menejment, SMM hamda sun`iy intellektdan foydalanish kabi ko`plab muhim mavzularni qamrab oladi.
Trening va mahorat darslari davomida ishtirokchilar nafaqat nazariy bilimlarni, balki real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish, yangi yondashuvlarni shakllantirish imkoniyatiga ega bo`ladi.
Tadbirda ilg`or ekspertlar, amaliyotchi jurnalistlar, muharrirlar, prodyuserlar hamda mutaxassislar spiker sifatida qatnashmoqda. Ular o`z tajribalari bilan o`rtoqlashib, zamonaviy media rivojining ustuvor yo`nalishlari bo`yicha tavsiyalar beradi.
“Media haftalik”ning muhim jihati — ishtirokchilarga alohida e`tibor qaratilgani bilan ajralib turadi. Tadbir davomida o`nlab intervyular, ochiq muloqotlar va fikr almashinuvlar tashkil etilib, ishtirokchilarning o`zlari media sohasidagi muammolar, kutilayotgan natijalar va erishilgan yutuqlar haqida fikr bildiradi. Bu esa loyiha samaradorligini yanada oshirib, real natijalarni namoyon etishga xizmat qiladi.
Haftalik doirasida quyidagi yo`nalishlar bo`yicha maxsus sessiyalar tashkil etilgan:
• bosma va internet nashrlari jurnalistlari,
• telejurnalistlar va operatorlar,
• davlat organlari matbuot kotiblari,
• blogerlar va kontent yaratuvchilar,
• mobilograflar va SMM mutaxassislari.
Shuningdek, davlat organlarining ochiqligi, jamoatchilik bilan samarali muloqot o`rnatish hamda axborot siyosatini takomillashtirish masalalariga alohida e`tibor qaratiladi.
Haftalik yakunida Media forum tashkil etilib, unda tadbir natijalari sarhisob qilinadi.