Go`sht narxi keskin oshmoqda: importga qaramlik va ichki muammolar bozorni izdan chiqarmoqda

26.03.2026 20:23

So`nggi haftalarda O`zbekistonda go`sht narxlari sezilarli darajada oshdi va bu aholi xarajatlariga jiddiy ta`sir ko`rsatmoqda. Aholi va mutaxassislar bu holatni bir qator ichki va tashqi omillar bilan izohlayapti.

Ma`lum bo`lishicha, ulgurji go`sht narxlari bir oy ichida o`rtacha 7-8 foizga oshgan. Ayrim hududlarda esa, bu ko`rsatkich 10 foizgacha etgani qayd etilmoqda.

Toshkent shahrida bugungi kunda mol go`shti ulgurji narxi 75-108 ming so`m atrofida, chakana bozorlarda suyakciz mol go`shti 180-200 ming so`mgacha etib borgan.

Qo`y go`shti ham arzon emas – uning narxi 85-110 ming so`m oralig`ida. Shu bilan birga, import qilinadigan go`sht mahsulotlari narxi ham oshish tendensiyasini ko`rsatmoqda.

Rasmiy statistikalarga ko`ra, 2024 yil yakuni bilan taqqoslaganda, go`sht mahsulotlari o`rtacha 15-18 foizga qimmatlashgan. Bu esa, oziq-ovqat inflyasiyasining asosiy drayverlaridan biriga aylangan.

Narx oshishiga nima sabab bo`lmoqda? Mutaxassislar go`sht narxining oshishini bir nechta omillar bilan bog`laydi:
- Rossiyada chorvachilikka ta`sir qilgan kasalliklar sababli eksport hajmlarining qisqarishi;
- Qozog`iston tomonidan go`sht eksportiga qo`yilgan vaqtinchalik cheklovlar;
- Importga yuqori darajada qaramlik;
- Ozuqa (em-xashak) narxlarining qimmatlashuvi;
- Logistika va tashish xarajatlarining oshishi.
Ayrim tahlillarga ko`ra, O`zbekistonda iste`mol qilinayotgan go`shtning 20-25 foizi import hisobiga to`g`ri keladi. Bu esa, tashqi bozordagi har qanday o`zgarish ichki narxlarga tez ta`sir qilishini bildiradi.

Muammo faqat import bilan cheklanib qolmayapti. Ichki ishlab chiqarishda ham qator muammolar mavjud. Xususan, em-xashak tanqisligi va uning narxi oshishi chorvachilik xarajatlarini ko`paytirgan.

Bundan tashqari, ayrim hududlarda chorva soni o`sish sur`atlari talab darajasiga mos kelmayapti. Natijada, bozorda taklif cheklanib, narxlarga bosim kuchaymoqda.

Ma`lum bo`lishicha, hukumat tomonidan go`sht narxlarini barqarorlashtirish maqsadida qator choralar ko`rilmoqda. Jumladan, chorvachilikni qo`llab-quvvatlash dasturlarini kengaytirish, ozuqa bazasini mustahkamlash va em ishlab chiqarishni oshirish, import geografiyasini diversifikasiya qilish, yirik chorvachilik loyihalarini moliyalashtirish choralari ko`rilyapti.

Hozirgi holatdan kelib chiqib aytish mumkinki, go`sht narxlari qisqa muddatda pasayishi qiyin. Tashqi omillar va ichki ishlab chiqarishdagi muammolar saqlanib qolar ekan, bozordagi bosim davom etishi turgan gap. Bu esa, aholi xarajatlarida go`sht mahsulotlarining ulushi yanada oshishiga olib kelishi ehtimoldan holi emas.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар