Biznesni rivojlantirish banki 2025 yilda 10,38 trln so`m kredit ajratdi

26.03.2026 16:57

26 mart kuni “Biznesni rivojlantirish banki” ATB 2025 yil yakunlariga bag`ishlangan matbuot anjumanida o`tgan yilgi asosiy ko`rsatkichlarini ochiqladi. Ma`lum qilinishicha, bank 2025 yil davomida jami 10 trln 380 mlrd so`m kredit ajratgan.

Bank ma`lumotida aytilishicha, 2026 yil 1 yanvar holatiga uning umumiy kapitali 5,27 trln so`mga etgan. Jami aktivlar 38 trln 167 mlrd 731 mln so`mni tashkil etgan bo`lsa, depozitlar qoldig`i 15 trln 241 mlrd 180 mln so`mga chiqqan. Shundan 4 trln 197 mlrd 471 mln so`mi jismoniy shaxslar omonatlariga to`g`ri keladi.

Hisobotda kredit qo`yilmalari hajmi ham o`sgani qayd etilgan. Xususan, 2025 yil yakuniga kelib bankning kredit qo`yilmalari 24 trln 551 mlrd 958 mln so`mga etgan. Bu 2024 yilga nisbatan 2 trln 25 mlrd 327 mln so`mga yoki 8,9 foizga ko`p.

Bank mijozlari soni 1 mln 865 ming 608 nafarga etgan. Xizmat ko`rsatish tarmog`i esa 76 ta ofis, 156 ta xalqaro pul o`tkazmalari shoxobchasi, 198 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi va 327 ta 24/7 nuqta orqali kengaytirilgani aytildi.

Shuningdek, “Kichik biznesni uzluksiz qo`llab-quvvatlash” dasturi doirasida 7 ming 601 nafar tadbirkorga 820 mlrd so`m kredit berilgan va 7 ming 809 ta yangi ish o`rni yaratilgan. Bankka biriktirilgan 610 ta mahallada esa 5 trln 215 mlrd so`m kredit ajratilib, 262 ming 293 nafar aholi bandligi ta`minlangan.

Bundan tashqari, 2025 yilda 6 ming 919 nafar fuqaroga 1 trln 892 mlrd so`mlik ipoteka krediti ajratilgan. Shundan 3 ming 39 nafar fuqaroga 909,5 mlrd so`m ipoteka krediti subsidiya asosida berilgan.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар