Joriy yil boshidan buyon hokimiyat va ETKlar quvvatlash stansiyalari faoliyatini tartibga solish bahonasida ularni ogohlantirishlarsiz elektrdan uzib qo`yishi kuzatilmoqda. Ma`lumotlarga ko`ra, hozirgacha 250 dan ortiq stansiya elektrdan uzilgan. Tadbirkorlar esa, albatta bundan norozi.
Toshkent shahar hokimligi stansiyalar tarmoqdan uzilayotganining sababini “ulanishlarni tartibga solish va aholi uchun xavf-xatarlarni kamaytirish” bilan izohlagan.
Ma`lum bo`lishicha, hokimlik tashabbusiga ko`ra, 3 martdan 12 ta ishchi guruh tuzilgan va poytaxtda bu bo`yicha tekshiruv o`tkazilmoqda.
Ular xatlov davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlangani, 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari yo`qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzilgani, shuningdek 62 ta shoxobchaning elektr ta`minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud bo`lmaganini xabar qilishgan edi. Shuningdek, hokimlik munosabatida texnik shartlarni keltirgan, lekin aniq talab yo`qligini va uni belgilash zarurligini qayd etgan.
12 mart kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida shahar hokimining transport va yo`l-transport infratuzilmasi masalalari bo`yicha o`rinbosari Abdurahmon Baxtiev stansiyalarni tarmoqdan uzish masalasini “barcha uchun mag`lubiyatli holat” deb atagan.
“Hokimlik pozisiyasini qisqacha aytaman. Nega biz bunday qarorga keldik? Reglament bor, shahar eri bor. Shahar hududiga quvvatlash stansiyasini o`rnatish uchun onlayn auksionda qatnashib, shu erni sotib olish kerak. Hozirda o`chirib qo`yilgan stansiyalar shahar erida turibdi va buning uchun pul to`lamayapti, qolaversa, ular onlayn auksion orqali sotib olinmagan. Shuning uchun ularni o`chirishga majbur bo`ldik”, degan Abdurahmon Baxtiev.
Hokim o`rinbosariga ko`ra, stansiyalarning o`chirilishi majburiy chora. Chunki, qishki va yozgi mavsum tuman elektr ta`minoti korxonalari hamda shahar elektr tarmoqlari uchun og`riqli masala.
Hukumat komissiyasining tadbirkorlar bilan 28 fevral kuni bo`lib o`tgan yig`ilishida energiyadan uzilgan kompaniyalar vakillari bosh vazir o`rinbosari Jamshid Xodjaevdan muammoni hal qilishda yordam so`ragan edi. Yig`ilishda biznes-ombusman o`rinbosari Jamshid Urunov elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini o`rnatish yuzasidan yagona bir tartibning o`zi yo`qligini ta`kidlagan.
U imkoniyati bo`lsa, hozircha tadbirkorlarga ishlab turishga ruxsat berish kerakligini aytgan.
“Gap sizlar noqonuniy ishlatishlaringda emas. Gap, mana Energetika vazirligi, Hududiy elektr tarmoqlari gapirsin, bular sizlar ishlatayotgan joyda bunchalik elektr energiyaga talab yuqori bo`lishini o`zining transformatorlari, liniyalarida nazarda tutmagan. Bular shundan qo`rqadi. Ertaga transformator kuyadi, qanaqadir liniyalar o`chadi, bular tekshirsa, juda katta hajmdagi elektr energiya ishlatilayotgan bo`ladi. Yuridik shaxs ijaraga beraman, pul qilaman degan. Energetik nuqtai nazardan yuklama hisobga olinmagan-ku”, - degan Jamshid Xodjaev.
Xodjaev bu stansiyalardan xalq foydalanayotganini aytib, tegishli tashkilotlar mas`ullaridan iborat ishchi guruh tuzishni va ikki hafta ichida taklif kiritishni topshirgan, tadbirkorlar masala hal qilingunga qadar stansiyalarni ishlatib turishga ruxsat so`ragan.
O`zLiDeP partiyasi quvvatlash stansiyalari tokdan uzilishi va avtobus bekatlaridagi do`konlar buzilishiga munosabat bildirib, buni davlat tashkilotlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatiga asossiz ravishda aralashuv va xususiy mulk daxlsizligini buzish deb bahogan edi.
Partiya “noqonuniy qurilmalar”, deb topilgan ob`ektlar masalasi faqat sud tartibida ko`rib chiqilishi shartligini qayd etgan, fraksiya a`zolari davlat tashkilotlariga deputatlik so`rovlari yuborilishi ma`lum qilgan edi.
Elektromobillar soni tobora ortib borayotgan bir paytda quvvatlash stansiyalarining uzilishi davlatning hali elektromobillarga tayyor emasligini bildiradimi? Nima bo`lganida ham, bu holatga tezkor choralar ko`rilmasa, tadbirkorlar va aholi zarar ko`rganidan tashqari, mamlakat obro`siga ham ijobiy ta`sir etmasligi aniq.