Faxriy jurnalistlarga ehtirom ko`rsatildi

19.03.2026 11:13

O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi hamkorligida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining  shu yil 6 martdagi “2026 yilgi Navro`z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida”gi qarori ijrosi doirasida bayram tadbiri tashkil etildi. 

Tadbirga jurnalistika sohasining faxriylari, turli yillarda televidenie, radio, matbuot nashrlarida va axborot siyosati yo`nalishida faoliyat yuritgan ustozlar, pedagoglar taklif etildi. Ustoz jurnalistlar Ramazon hayiti va Navro`z ayyomi munosabati bilan qutlandi ham ularga iftorlik dasturxoni yozildi. 

O`zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov tadbirni ochib, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining oqilona siyosati natijasida “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ulug`vor tamoyil hayotimizdan chuqur o`rin egallayotganini, O`zbekistonda ijodkorlar qadr topayotganini va jurnalistika sohasi yangi davrni boshdan kechirayotganini ta`kidladi.   

Soha faxriylarining bu galgi uchrashuvi o`ziga xos muloqot maydoniga aylandi. Tadbir doirasida O`zbekiston jurnalistikasining bugungi dolzarb masalalari bo`yicha fikr almashildi. Ommaviy axborot vositalari jamiyat va davlat o`rtasida mustahkam ko`prik vazifasini bajarib, ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta`minlashda muhim institut sifatida tobora rivojlanib borayotgani qayd etildi.

O`zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktori, senator Abdusaid Ko`chimov, O`zbekiston faxriylarining “Nuroniy” jamg`armasi raisining o`rinbosari Sharof Ubaydullaev, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboev, O`zbekiston xalq artisti Galina Melnikova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Xurshid Do`stmuhammad, faxriy jurnalistlar - To`lqin Qozoqboev, Nasiba Ibrohimova, “Ishonch” gazetasi bosh muharriri, senator Husan Ermatov O`zbekistonda bugun ijod uchun, so`z erkinligi va ommavi yaxborot vositalari  rivoji uchun keng imkoniyatlar yaratilganini, jurnalistika sohasida tub o`zgarishlar sodir bo`layotganini ta`kidlashdi. 

Uchrashuvda O`zbekiston jurnalistlari uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish va jurnalistika sohasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida Uyushmaning faol ishtirokini ta`minlash bo`yicha fikr-mulohazalar ham bildirildi. Xususan, “Ustoz-shogird” an`analarini davom ettirish, jurnalistlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, yosh jurnalistlarning yangi avlodini tarbiyalash, xalqaro hamkorlikni faollashtirish bo`yicha  takliflar  o`rtaga tashlandi. 

Umuman olganda bayram tadbiri faxriylarni qadrlash va ularga ehtirom ko`rsatishga, jurnalistika sohasi vakillarining hamjihatligini ta`minlashga hissa bo`lib qo`shildi. 

 

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар