Ramazon oyida muhtojlarga yordam berish, sadaqa, zakot chiqarish eng fazilatli amallardan hisoblanadi. Ehson qilishning savobi borasida hadisi shariflarda ham juda ko`p ma`lumotlar bordir. Jumladan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “...Suv olovni o`chirganidek, sadaqa gunohlarni o`chiradi” (Imom Termiziy rivoyatlari). Ulamolarimiz xayr-ehson – insonning imoni borligini tasdiqlovchi amal deyishgan.
Ming shukrkim, yurtimiz tinch va farovon. Shu bois bo`lsa kerak nafaqat Ramazon oyida, balki boshqa har bir oyda o`z ehsoni ila ehtiyojmandlar duosini olishni istaydigan yurtdoshlarimiz safi kengayib borayotganligi quvonarlidir. Biroq ehsondek ezgu amal bulog`ini ham o`z foydasi, manfaati maydoniga burib zulm va jaholat ishlariga sarflayotgan insonlar ham borligini unutmasligimiz kerak.
Gap shundaki, so`nggi yillarda internet orqali “ehson”, “hayriya”ni niqob qilib pul yig`ayotganlarning qilmishlari tez-tez tilga olinmoqda. Masalan, o`tgan 2025 yilning kuz faslida Koreya telekanallari orqali Janubiy Koreyada soxta xayriya orqali pul yig`ib, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirgan o`zbekistonlik yigit ushlanganligi to`g`risidagi xabarlar keng tarqaldi.
Ma`lum bo`lishicha, 29 yoshli o`zbekistonlik erkak xayriya tashkiloti niqobi ostida soxta faoliyat yuritib, 952 million von (663 ming dollardan ortiq) undirgan. Afsuski, to`plangan mablag`larning bir qismini BMT tomonidan terrorchi deb tan olingan KTJ (Katiba at-tavhid val-jihod) va HAMAS tashkilotlariga o`tkazib bergan.
Aniqlanishicha, jinoyatchi ilgari O`zbekistonda ham terrorchilik mablag`larini moliyalashtirishda ayblanib, mahalliy qidiruvda bo`lgan. O`zbekiston elchixonasi uning pasportini bekor qilib, Koreya polisiyasidan uni hibsga olishni so`ragan. Natijada esa...
Bundan tashqari, shu kunlarda OAVda Buxoroda terrorizmni moliyalashtirgan ota va o`g`il haqida xabarlar tarqaldi. Ma`lum qilinishicha, Buxoro shahrida yashovchi, 1999 yilda tug`ilgan shaxs yot g`oyalar ta`sirida 2019 yilda Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkiloti safiga borib qo`shilgan. U jangarilar safida faoliyat olib borish bilan birga, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli bahonalar bilan boshqalardan pul yig`ib, terroristik tashkilotning moliyaviy ta`minotini yaxshilashga ko`maklashgan.
2021—2025 yillar davomida mazkur shaxs internet orqali o`zbekistonlik fuqarolar bilan muloqotga kirishib, ularni kriptovalyuta ko`rinishida pul mablag`lari yuborishga da`vat qilgan va natijada katta miqdorda pul yig`ishga muvaffaq bo`lgan. Hozirda uning aldovlariga uchib, pul yuborgan 8 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 155-3-moddasi, ya`ni terrorizmni moliyalashtirish aybi bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, u o`zining qabih ishlariga Buxoroda istiqomat qiluvchi 1965 yilda tug`ilgan o`z otasini ham jalb qiladi. Hozirda otaga nisbatan hukm o`qilib, u 10 yilu 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jinoyatchi farzandga nisbatan esa, qidiruv e`lon qilingan.
Mazkur har ikki holatda ham “ehson” deya yig`ilgan pullarning oxiri borar manzili terrorchilarning cho`ntagi bo`lgan va ularning kayfi-safosiga sarflangan.
Bugungi kunda terrorchi tashkilotlar ham internet orqali musulmonlarga, G`azo aholisiga yordam berishni niqob qilgan holda xayriya aksiyalarini tashkil etish orqali pul yig`ishmoqda va ularning faoliyati moliyalashtirib kelinmoqda.
Rahmdil va saxovatpesha xalqimiz esa yuqoridagi kabi terroristik tashkilotlar tarafdorlarining aldoviga uchib, Internetda e`lon qilingan norasmiy manbalarga “ehson” yuborishmoqda. Biroq, amalda esa ushbu mablag`lar yangi terrorchilik harakatlarini amalga oshiriga yo`naltirilmoqda.
Bugun O`zbekiston tom ma`noda dunyoga tinchliksvar davlat sifatida nomoyon bo`lmoqda. Davlatimiz Rahbari G`azoni tiklash bo`yicha ham muhim tashabbuslarni ilgari surib kelmoqdalar. Jumladan, O`zbekiston Prezidenti Tinchlik kengashining G`azo sektori bo`yicha yig`ilishda G`azoning har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi sektor aholisining so`zsiz ichki qo`llab-quvvatlashiga tayanishi lozimligi ta`kidladi.
Barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa`y-harakatlari G`azoni tez fursatda qayta tiklash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga, mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Davlatimiz rahbari O`zbekiston ushbu hududda turar joylar, bolalar bog`chalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga imkon qadar hissa qo`shishga tayyorligini qayd etdi.
Ha, davlatimiz rahbari o`z tashabbuslari va ezgu niyatlari bilan global dunyo kengliklarida tinchlik, birdamlik va farovonlik mayog`ini baland ko`tarib borayotgan mard va jasur yo`lboshchi sifatida namoyon bo`lmoqda. O`zbekistonimizda kechayotgan islohotlar ne-ne ellar va xalqlarning orzusidir. Shunday ekan yurtdoshlarimizning har biri o`z hushyorligi, yuksak bilimi bilan mamlakatimiz olg`a surayotgan tinchlik siyosatiga o`z hissasini qo`shmog`i zarur.
Shu o`rinda 2025 yil 2 avgustda e`lon qilingan “O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimcha va o`zgartirishlar kiritish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasining Qonuniga diqqatingizni qaratmoqchimiz. Ushbu qonunda ijtimoiy-iqtisodiy sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining erkinligi kafolatlarini mustahkamlash hamda homiylik xayriyalarini yig`ish tartibini aniq belgilash borasidagi vazifalar qayd etilgan.
Ushbu Qonun fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga, uning samaradorligini oshirishga, ijtimoiy sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga, jamoat fondlari faoliyatidagi ortiqcha byurokratik talablarni bartaraf etishga, shuningdek homiylik tashkilotlari faoliyatining shaffofligini ta`minlashga xizmat qiladi.
Internetdagi turli xayriya jamg`armalariga pul o`tkazishdan oldin yaxshilab surishtirishimiz, peshona teri evaziga kelgan mablag`imizni asl ehtiyojmand insonlarga etib borishiga ko`zimiz etganidagina jo`natishimiz maqsadga muvofiqdir. Ayni Ramazon oyida “zakot”, “fitr” ga ajratilgan pullarimizni “Vaqf” yoki boshqa rasmiy fondlarga ajratganimiz esa ayni muddaodir.
Davr shiddatli, bu shiddat konveyerida hushyor bo`lmagan, o`z huquqini yaxshi bilmaganlar o`zlari bilmagan holda terrorizm va firibgarlarning hiylalari tuzog`iga ilinib qolishlari hech gap emas. Shunday ekan, ehsonu sadaqalarimizni o`z manziliga bexato yo`llab, tinimsiz qalqib turgan dunyoni muvozanatda tutib turuvchi, asl ehtiyojmand va muhtojlarni farovonlikka, ezgulik sarhadlariga boshlaguvchi insonprvar zamondoshlarimiz bilan bir safda bo`lishga intilaylik!