Poygada o`zolmagan ot egasining bahonasi — poytaxtdagi tirbandlik sababini bilarmidingiz?

15.03.2026 10:28

Shaxsiy avtomobildan foydalanish nihoyatda arzon. Shu sababli Toshkentda tirbandliklar yuzaga kelar ekan. Bu haqda Toshkent shahar hokimi o`rinbosari Abdurahmon Baxtiev 12 mart kuni poytaxtda o`tkazilgan matbuot anjumanida ma`lum qildi.

Ya`ni avtomobillar, ularga xizmat ko`rsatish, gaz, benzin — hammasi arzon. Tirbandlikning asosiy sababi shu ekan. Jamoat transportining, yumshoq qilib aytganda, yomon holati, qatnovlar oralig`i, shahar infratuzilmasi, yo`llar va ularning sifati emas, aynan shaxsiy avtomobildan foydalanish arzonligi muammolarga sabab bo`lmoqda.

Shahar transport tizimini yaxshilash va yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash bo`yicha qilinayotgan ishlar haqida suhbatlashilgan mazkur tadbirda mutasaddilar sohaga oid savollarga javob berishdi.

Shaharda ikki taraflama qatnovli yo`llarga, shifoxonalar oldiga chiziq tortilib, parkovkalar tashkil etilgan. Hatto turar joylar atrofida, Gematologiya institutining old tomonida ham pulli to`xtash joylari ishga tushgan. Shuningdek, turli idora va tashkilotlar qarshisidagi yo`llarda ham pulli parkovkalar qilingan. Bu haqdagi savollarga Abdurahmon Baxtiev parkovkalar odamlarni jamoat transportiga jalb qilish uchun pulli qilinishini aytdi.

“Poytaxt parkingni chaqirdik. Gematologiya instituti, kasalxona to`g`risidagi va yonidagi parkovkalar bo`yicha chuqur o`rganish o`tkazilyapti. Lekin umumiy olganda, parkovkalar odamlarni jamoat transportiga jalb qilish uchun pulli bo`ladi. Faqat Toshkentda emas, butun rivojlangan shaharlarda pulli parkovkalar ishlamoqda. Odamlarga jamoat transportida yurgin, degan ishora berishimiz uchun shaxsiy avtomobildan foydalanishni qimmatroq qilishimiz kerak”, — dedi hokim o`rinbosari.

Abdurahmon Baxtievga ko`ra, xorijlik mehmonlar O`zbekistonda taksida yurish arzonligini, "pul to`laganimni sezmadim", deb doim ta`kidlasharkan. Bizda shaxsiy avtomobilda yurish narxi shu darajada pastki, hatto taksi narxi ham sezilmaydi. Bu esa tirbandlikka va shaharda mashinalar soni ko`payishiga olib keladi.

Shu bilan birga, hokim o`rinbosari jamoat transporti haqida ham to`xtalib o`tdi. Ma`lum qilinishicha, Toshkent shahrida 2030 yilgacha jamoat transporti ulushi hozirgi 30 foizdan 60 foizga etkazilib, avtobuslar soni bugungi 1897 tadan 3161 tagacha ko`paytiriladi. Metro liniyalari esa hozirgi 71 kilometrdan kelasi besh yilda 103 kilometrga uzaytiriladi.

Muammolarga "arzonlikni" asosiy sabab qilib ko`rsatish, poygada o`zolmagan ot egasining bahonasidek, hammaning ensasini qotirishi aniq. Kamchiliklarni to`g`ri tan olish ham insonlarning ishonchiga sabab bo`ladi. Yo`llar sifati, jamoat transportining ahvoli, bekatga bir xil raqamli avtobuslarning ketma-ket kelishi yoki soatlab kelmay qolishi oddiy holga aylanganini bilish uchun, hokim o`rinbosari yilda bir marta bo`lsa ham jamoat transportiga chiqib ko`rishi kerak. Faqat suratkashlar bilan emas, shunchaki o`zi, ertalab tig`iz vaqtda ishga avtobus yoki metroda borib ko`rsin.

Qolaversa, mulozim biror marta gaz yoki benzinni o`zi quydirmagach, metanga navbatda turib ko`rmagach, vaziyatni xorij bilan solishtirib xulosa chiqarishi xalqning kulgisiga sabab bo`lishi tabiiy. Balki kelajakda hokimlik tizimi ham saylovlar asosida shakllantirilar, shunda xalqqa yaqin, muammoning ildizini his qiladigan nomzodlar kelarmidi?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар