Biznesni rivojlantirish banki YORI-I loyihasi ishtirokchilarini taqdirladi

12.03.2026 11:24

Nukus shahrida“Biznesni rivojlantirish banki” ATB tomonidan tashkil etilgan tadbirkorlik sohasidagi mentorlarni tayyorlash bo`yicha birinchi xalqaro hamkorlik asosidagi ta`lim dasturi yakunlandi va tinglovchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo`lib o`tdi. 

Unda bank rahbariyati va mas`ul xodimlari, Qoraqalpog`iston davlat universiteti, Yaponiyaning Yamagata universiteti professorlari, mahalliy tadbirkorlar, mentorlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Yamagata Universiteti tadbirkorlik ta`limi tadqiqot Markazi 2024 yildan beri mamlakatda yosh tadbirkorlarni rivojlantirish maqsadida YORI-I Tadbirkorlik ta`limi Dasturini amalga oshirib kelmoqda. 2025 yilda mazkur dastur Qoraqalpog`iston Respublikasining Nukus shahrida davom etdi. Olti oy davomida mahalliy yosh tadbirkorlar bilim va malakalarini oshirishdi. Ular loyiha doirasida yapon mutaxassilari yordamida mavjud bizneslarini kengaytirish uchun g`oyalar yaratish, mazkur g`oyalar asosida biznes rejalarini ishlab chikish imkoniyatiga ega bo`ldilar.

2025 yil davomida “U-HOPE” dasturi doirasidagi to`rt bosqich (Kick-off, WS1, WS2, WS3) dan iborat bo`lgan dasturda:

• Biznesni rivojlantirish banki ATBning 30 nafar xodimi,

• Qoraqalpog`istondan 50 nafar yoshlar qamrab olindi.

Shu tariqa bugun 80 nafar istiqbolli mentorlar ishtiroki ta`minlangan dasturning yakuniy taqdimoti tashkil etildi. 

Ta`lim jarayoni Yaponiyaning 12 nafar etakchi ekspertlari tomonidan olib borildi. Xususan, Yamagata universiteti Tadbirkorlik ta`limi va tadqiqot markazi direktori, professor Tadashi Onodera ham bevosita mashg`ulotlar olib bordi.

Taqdirlash marosimida so`zga chiqqanlar tomonidan alohida qayd etildiki, bevosita davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tadbirkorlarni o`qitish jarayoniga “Yaponiya tajribasi”ni tatbiq etish va bu borada Yaponiyaning etakchi ta`lim muassasalari bilan hamkorlikni yo`lga qo`yishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Jumladan, Davlat rahbarining joriy yil 27 yanvardagi PF-10-sonli Farmonida yaponiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda Qoraqalpog`istonda faoliyat yuritayotgan yosh tadbirkorlar orasidan 50 nafar mentorni tayyorlash vazifasi qo`yilgan.

Ayni dastur ushbu maqsad yo`lidagi muhim qadam ekani alohida e`tirof etildi. Binobarin, ayni paytda mamlakatda aholi sonining tez sur`atlarda o`sishiga hamohang ravishda, yurtdoshlarimiz, xususan yoshlarning barqaror daromadga ega bo`lish imkonini beradigan bandligini ta`minlash eng dolzarb vazifalardan biridir. 

Shundan kelib chiqqan holda, mazkur loyiha O`zbekiston Respublikasi Hukumatining tashabbusi bilan va Prezident Farmoni doirasida “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan amalga oshirildi.

Bu borada 2024 yilda boshlangan ishlarning tadrijiy davomi sifatida start olgan loyiha 60 soatlik ta`lim: ma`ruzalar, amaliy mashg`ulotlar, jamoaviy ish va onlayn darslarni o`z ichiga oldi. Bunda asosiy yo`nalishlar: tadbirkorlik tafakkuri, ijtimoiy innovasiyalar, biznes-modellar ishlab chiqish, hududiy muammolarni echishdan iborat.

Yana bir ahamiyatli tomoni, tinglovchilar yapon ekspertlaridan ekologiya, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish hamda kadrlar tayyorlash bo`yicha keys-stadilar bilan bo`lishish imkoniga egalar. Olingan bilimlar esa, Qoraqalpog`istondagi dolzarb muammolarni echishga qaratilgan aniq biznes-loyiha ishlab chiqish asosida amaliy mashg`ulotlar bilan mustahkamlandi.

Ta`lim dasturi quyidagilarni o`z ichiga oladi

 • Kaizen (kaydzen) — doimiy takomillashuv falsafasi.

 • Lean Management (berejlivoe upravlenie) — resurslarni tejash va samarali ishlash usuli.

 • Ikigai (ikigay) — shaxsiy va kasbiy maqsadni topish, hayotiy muvozanat.

 • Kanban (kanban) — zamonaviy loyihalarni boshqarish tizimi.

 • Yapon kompaniyalari tajribasi (Case study) — kichik biznes orqali ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni echish namunasi.

 • Ijtimoiy tadbirkorlik va “kollektiv ta`sir” — daromad bilan birga ijtimoiy muammolarni ham hal qilish.

 • Digital Transformation (DX) — kichik biznesni raqamli texnologiyalar bilan rivojlantirish.

 • Green Business & Sustainable Agriculture — ekologik biznes-modellar va organik qishloq xo`jaligi.

Eng asosiysi, mashg`ulotlar orqali O`zbekistonda birinchi milliy mentorlar tarmog`ini shakllantirish, yoshlar startaplari va hududiy tashabbuslarni qo`llab-quvvatlash, ijtimoiy muammolarni biznes orqali hal etishga Yapon tajribasini joriy qilish maqsad qilingan.

“Yakuniy biznes-reja taqdimoti va bitiruv marosimi”da tinglovchilar olgan bilimlari asosida, shuningdek, mahalliy sanoat muammolari va bozor ehtiyojlarini hisobga olgan holda tayyorlagan biznes g`oyalarini taqdimot qildilar. Loyihalar mutaxassilar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi. Yakunda tinglovchilar maxsus sertifikatlar bilan taqdirlanishdi.

 

 

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар