Avloddan avlodga meros bo`lib o`tib kelayotgan xatolarni o`zida mujassam etgan kichkina hikoya
Adashgan ota
Moskvada ishlab yurgan ota uyiga telefon qilib o`g`li bilan gaplashayapti. — O`g`lim nima ish qilayapsan? - deya so`raydi u. — Assalomu alaykum dada yaxshimisiz? - dedi o`g`li.-- bizlar yaxshimiz dadajon. — Vaalaykum assalom, nima gaplar ? — Maktabdan keldim, dars qilib o`tiribman. — Mollarchi? Qo`ylarni dalaga aylantirib kelmadingmi? — Kun sovuq dada, keyin o`qituvchimiz qo`shimcha darslar bergan ulgurmayapman. — Yig`ishtir dars - parsingni, o`qib olim bo`larmiding? Ko`rib yuribman oliy ma`lumotlilarni Moskvada ko`cha supirib yurishibdi. Molga qara shu mollardan foyda, qo`ylarni ko`paytirish kerak, maktabni tugatsang yonimga kelasan birga ishlaymiz.
— Dada o`qishga topshirmoqchi edim. — Men senga nima dedim, besh yil umringni behuda o`tkazib shaharda seltanglab yurib, bitta diplomga ega bo`lasan, keyin o`sha diplomni sandiqqa tashlaysan! Boshimni qotirma, o`qish haqida o`ylashni bas qil! — Dada do`stim Nurmurod bilan birga bitta joyga xujjat topshirmoqchi edik. — Men senga nima degandim, - jahl bilan xunuk so`kindi ota, - haliyam kitob ko`tarib yuribsanmi? Shuning o`rniga foydali ish qilsang bo`lmaydimi? Qo`ylarni kim boqayapti? — Tushlikkacha boqib keldim, keyin ukamga berib bu yoqqa kelgandim.
telefon go`shagidan odam yozishga uyaladigan so`kishlar eshitildi. — Men sizlar uchun begona yurtlarda ishlab yuribman, sen bo`lsang bekorchilikdan o`ynab yuribsan! Uyga borib telefonni onangga ber, o`sha sizlarni ja erkalatib yuboribdi. Yaqinda qaytib boraman, sizlar bilan boshqacha gaplashmasam bo`lmaydi shekilli.
Telefon o`chdi. Yana kunlar o`tdi, ota o`zi aytganidek tez kunlarda qaytib kela olmadi, unashtirib qo`yilgan qizining to`yigacha imoratning chalasini bitirib olish uchun ishlash kerak edi. To`yga ikki kun qolganda vatanga qaytgan ota. "Kimdan kam joyimiz bor" deya dabdabali to`y qildi, quda taraf oldida uyalib qolmaslik uchun bor topganini sarflab qizi bilan qo`shib quda tomonga jo`natdi. Ko`pi bilan bir xafta qishlog`ida yurdi-da, o`g`lini yoniga olib yana Moskvaga qaytdi. O`g`ilga o`qish armon bo`lib qoldi.
Ota-bolaning vazifasi ikkita katta uyning atrofini supirib tozalash, bo`sh vaqtlarida qo`shimcha ishlar ham qilib turishadi. Topish tutish yaxshi. — Kim bilan yozishasan-a, qo`ling bo`shadi deguncha telefonga yopishsan, - so`radi bir kuni otasi o`g`lidan. — Do`stim Nurmurod bilan gaplashayapman, Toshkentga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga xujjat topshiribdi,- o`g`ilning gapirishidan ma`lum edi do`stiga qanchalik havas qilayotgani.
— Oxo, mulla Nuriddinning bolasi katta dorga osilibdi-ku, otasining ham kallasi ishlamaydimi deyman. O`zi g`isht zavodda changga botib ishlab zo`rg`a kun ko`radi, fermer vaqtidayam shu bolasini umuman ishlatmasdi, o`g`lingni yoningga olib ishlatmaysanmi? Hech bo`lmasa to`rtta qo`zi olib ber, ortidan ergashib yursa ikki -uch yilda o`ttizdan oshadi, ro`zg`orga yordam bo`ladi desak, quloq solmaydi-ey.
Jo`rang kirmoqchi bo`lgan o`qishlarda vazirlarning bolalari o`qiydi, unaqa joylarga uncha -munchasi kira olmaydi. Meni aytdi dersan, o`sha sinfdoshing o`qishga kira olmagach senga telefon qiladi, "yordam qil, ish bo`lsa meni ham chaqir" deb. Vaqtingni bekor o`tkazma, tur o`rningdan. Narigi uydagi Galya momo "eski muzlatgichimni musorga chiqarib beringlar besh yuz rubl beraman " degandi, borib shuni aravaga ortib kel, metallomga sotsak harna bir ikki so`m bo`ladi, - dedi ota.
Oradan yana kunlar o`tdi. Telefonga termulib kimgadir xabar yozayotgan o`g`lini doimgidek ota so`roqqa tutayapti. — Shu telefoning ichiga kirib ketmasang bo`ldi biror kun, ishlasang bo`lmaydimi? — Hamma ishlarimni bitirib keldim dada, o`n beshinchi qavatda yashaydigan Boris gazchining uyiga yangi divan chiqarishdim, ming rubl berdi.- o`g`il cho`ntagidan pul chiqarib otasiga uzatdi.
— Onang bilan gaplashdim, kecha yuborgan pullarimizga material olib kelishibdi. Ertadan boshlab ustalar ish boshlashar ekan, imoratning ikkinchi qavatini ham ichki ta`mirini bitkazib qo`yishimiz kerak. Qo`ylarni hammasini sotinglar dedim, sigirlarni ham sotishadi. — Nega dada? - so`raydi o`g`il.
— Qo`y mol boqadigan yaylov yo`q, hamma joy egali bo`lib ketayapti ekan. Ashurmat fermerning bolalari kecha ukangni urib dalasidan haydab yuboribdi. "Yo bizda ishlaysizlar, yoki umuman bu tomonga mol qo`yingni olib kelma " deganmish. Beradigan puli kopeyka, bir telejka somon, bir telejka g`o`zapoya uchun yoz olti oy dalada kuning o`tishi kerak. Kanalda ham suv kamayib ketayapti, dehqonchilik ham qilib bo`lmasa. Mol qo`ylarning puliga bitta mashina olib qo`yamiz. Keyingi yil ukang maktabini tugatsa uni ham chaqiramiz, imorat to`liq bitgach seni uylantirish uchun pul yig`ishimiz kerak.
— Dada shu katta imorat nima kerak edi o`zi? Bor topganimiz uy qurishga ketayapti. Umringiz Moskvada o`tayapti, o`zingiz uy qurib o`zingiz yashamadingiz xali. Bu ketish bo`lsa bizga ham mehmonxonadek bo`lib qolsa kkerak, vatanga borganimizda bir ikki xafta yashab turish vaqtincha boshpana. — Shuncha yil rusda ishlab bitta ikki qavatli uy qura olmasak odamlar nima deydi, umri chetda o`tib bitta chaylani eplab qurib olishaolmadi deyishmaydimi? Yotib uxla endi, telefonni o`chir. Ertaga ish ko`p.
— Dada sizga aytaman deb esimdan chiqibdi, Nurmurod o`qishga kiribdi, eng yuqori bal to`plab grant bilan kiribdi,- o`g`ilning ko`zlari porladi, xuddi o`zi kirgandek xursandchilik bilan aytdi bu so`zlarni. — Yaxshi bo`libdi, uxla ertaroq! - dedi ota beparvo.
Kunlar o`taverdi, hash-pash deguncha bir yil vaqt ortda qoldi. Ota kenja o`g`lini ham yoniga ishga chaqirdi. Endi uchovlon uchta uyni atrofini tozalab, supurib oylik olishardi. Bir yil oldin olgan mashinasini sotishib qimmatroq mashina olishdi, yangi qurilgan imoratning ham xech kami bitmadi, tashqi tomonini zamonaviy uslubda yangidan ta`mirlatishdi. Nevarasiga qudalari beshik to`yi qilishganda bor topgan tutganini yana bir to`kib sochdi.
Endi navbat o`g`il uylantirishga edi, ota bolalar yillab ishlab topganini bir kunlik to`yda sarflashdi. Qars badabang to`y qilib hammani lol qoldirgan ota to`ydan bir xafa o`tib kichkina o`g`lini yoniga olib yana rus tomonga otlandi. Ketish oldidan o`g`liga tayinladi.
Ikki oydan keyin ortimizdan bor, ukangni uylantirish uchun ishlashimiz kerak. Ikki oy ikki kunda o`tgandek bo`ldi o`g`ilga, ikki oylik kelinchakning ko`zlarini yoshlatib o`g`il ham rusga otlandi.
Kunlar, oylar, yillar o`tib ketaverarkan. O`g`il o`g`illi bo`ldi ham uyiga kela olmadi, o`g`lini telefonda ko`rdi, telefonda erkaladi. — Uylanib bolali bo`lding ham es kirmadi senga, -doimgidek telefonda xabar yozib o`tirgan o`g`lini koyidi ota. — Nurmurod jo`ramdan xabar kelgan ekan, - dedi o`g`il. — Shu Nurmuroddan boshqa do`sting yo`qmi sening, faqat shu bola bilan gaplashasan a? — Birinchi sinfdan bitta partada o`tirib katta bo`ldik, eng yaqin do`stim. — Nima deydi? — O`qishdan bo`sh vaqtlarida repititorlik qilib yaxshi pul topayapti ekan, Toshkentda asta sekin o`z o`rnini topayapti do`stim - g`urur bilan dedi o`g`il. — Xmm.- deb qo`ydi ota beparvo.
Oradan yana yillar o`tdi. Kichik o`g`il ham uylandi, yana ortiqcha hoyu xavas, yillab ishlab topilgan pullar bir kunda sovurildi. Ota bolalar hamon rusda ishlashmoqda. Kunlar oylar bir xilda o`tardi, o`g`il bunaqa yashashdan zerikdi. — Dada shu ko`cha supirishdan charchadim, boshqa ish qilay,-dedi otasiga. — Qurilishga o`tay, hech bo`lmasa xunar o`rganardim. Erta bir kun vatanga qaytsak nima ish qilaman? — Qo`lingdan supurgi ushlashdan boshqa ish kelmaydi, qanday qilib qurilishda ishlamoqchisan? — Bironta ustaga shogird tushib yonida ishlab asta-sekin o`rganaman-da. — Asta-sekin o`rganganingcha qancha vaqt ketadi, hozir kam topayapsanmi? Jimgina qo`lingdan keladigan ishni qilib yuraver, gap tamom!, - dedi ota jahl bilan. O`g`il indamay ishiga chiqib ketdi.
Umr o`tib borardi. Kichkina o`g`il Moskvada bir majoroga aralashib qoldi, uy yo`lakchasiga chiqarib qo`yilgan bolalar aravachasini keraksiz bo`lgani uchun chiqargandir deb o`ylab olib ketadi. Aravacha egasi bo`lgan ayol polisiyaga o`g`rilik bo`ldi deya ariza beradi. Atrofga qo`yilgan kuzatuv kameralari orqali o`g`il topiladi va qamoqqa olinadi.
O`g`lini chiqarib olish uchun elib yugurgan ota bor budidan ayrildi, begona yurt begona ekanda. O`g`lim o`g`rilik qilmoqchi bo`lsa kuppa kunduzi olarmidi, doim eshik oldiga chiqarib qo`yilgan ortiqcha buyumlarni olib ketardik, bu safar ham shunday deb adashibdi deganiga hech kim quloq solmadi. Aksincha polisiya hodimlari bilan tortishgani uchun o`zini ham, katta o`g`lini ham deport qilishdi.
Kichik o`g`lining qamalmasdan qutulgani uchun shukur qilgan ota, o`g`illariga ketishga tayyorlanishini aytdi. Bolaligidan otasiga hech qachon qarshi gap aytmagan katta o`g`il shu joyida chiday olmadi.
Endi nima ish qilamiz dada? Vaqtida o`qiy desam qarshilik qildingiz, biror xunar o`rganay desam unga ham ko`nmadingiz, na menga, na ukamga ruxsat bermadingiz. Qurilishda ishlab tajriba orttirganlar ham o`zimizda yaxshi topishayapti. Biz nima ish qilamiz endi? Chorva qilaylik desak yaylov yo`q, hamma joyni amaldorlar egallab olishgan, dehqonchilik qilaylik desak kanalda suv etishmaydi. O`zimizda ko`cha supirganga nechchi so`m oylik berarkin? Yillab ishlab topganimizni ortiqcha hoyu havaslarga sarfladik!
O`g`lining haq gaplaridan ota boshini changallab erga o`tirib qolishdi. Toshkent halqaro aeroportidan chiqishgan ota- o`g`illarni Nurmurod bilan otasi Nuriddin hoji kutib turishgandi. Ota ularga ko`zi tushgach hayron bo`lib o`g`liga bir qarab oldi. Ko`rishib hol-ahvol so`rashishgach Nurmurodning yaqinda olgan yangi "KIA" mashinasida shaharning markazi tomon yo`l olishdi.
Ko`p qavatli uylarning birida birinchi qavatda joylashgan uch xonali uy yaqinda ta`mirdan chiqarilgan did bilan bezatilganligi sababli ko`zni quvnatadi. Ikki sinfdosh va qishloqdoshlar ancha mahalgacha suhbatlashib o`tirishdi. "O`g`ling o`qib olim bo`larmidi? Qo`liga ketmon ber ishlasin, bitta tayoq berib qo`y boqtir. Qachon ko`rsam qo`lida kitob, ishlatsang foyda-ku! " deya Nuriddin hojini gap bilan uzib-uzib olganlarini eslab hijolat bo`lib o`tirdi ota.
Mezbonlar uxlash uchun o`z xonalariga chiqib ketgach ota o`g`lidan so`radi. — Bu Nurmurodning o`zining uyimi? Jo`rang nima ish qilayapti? — Kitob bosib chiqaradigan bosmaxona ochgan, ishlari avjida. Bu uydan tashqari Toshkentda yana ikkita uy olgan, boya biz minib kelgan mashinani yaqinda oldi. Otasini shu yili hajga yubordi. Ukalari, qarindoshlarini ham chaqirib yoniga ishga olgan. — Ana yigit, baraka topsin. Menga aytmagan ekansan bular haqida. — Aytsam sizga yoqmayotgandek tuyulardi, shuning uchun indamay qo`ygandim.
Ertasi kuni ham Nuriddin hoji aka mehmonlarni ketishga qo`ymay birga Toshkent aylanishdi, bosmaxonaga borib ishlarni ko`rib qaytishdi. — Nuriddin hoji aka, sizga so`z bilan ko`p ozor berganman, meni kechiring. O`g`lingiz o`qib olim bo`larmidi, yoningizga olib ishlating deb uzib-uzib olaverardik. O`sha vaqtlarda siz aytgan " najot ta`limda, " bizni bu qiyinchiliklardan faqatgina yaxshi ta`lim olgan farzandlarimiz olib chiqib keta oladi " deganingizda biz omilar kitobiy gaplarni aytasizda deb kulgandik. Siz o`sha paytda to`g`ri yo`l tanlaganingizni bugun ko`zlarim bilan ko`rib turibman. Aksincha ilmga chanqoq o`g`limni o`qitmasdan men xato qilgan ekanman, meni kechiring hoji aka, — deya boshini egdi ota.
— Uzr demang, Alloh kechirsin har birimizni. Ilm olishni erta kechi yo`q, endi o`qitsangiz ham yaxshi bo`ladi, — dedi Nuriddin hoji dona—dona qilib. — Albatta endi o`qitaman, — deya pichirladi ota.
Baxtiyor Tursun