So`nggi kunlarda Toshkent shahrida elektromobillar uchun zaryadlash stansiyalarini tarmoqdan uzish masalasi atrofida jiddiy bahslar yuzaga keldi. Avvalroq Toshkent shahar hokimligi bu masala yuzasidan izoh berib, shaharda elektr quvvatlantirish infratuzilmasi to`xtatilmagani va ishlashda davom etayotganini ma`lum qilgan edi.
Hokimlik ma`lumotiga ko`ra, poytaxtda quvvati 20 kVtdan yuqori bo`lgan 1300 ga yaqin tezkor zaryadlash qurilmalari o`rnatilgan. Shuningdek, 3 mart kuni 12 ta ishchi guruh tuzilib, zaryadlash shoxobchalarini xatlovdan o`tkazish ishlari boshlangan.
Bugungi kunga qadar 300 dan ortiq shoxobcha tekshirilgan. Xatlov jarayonida 101 ta stansiya zarur hujjatlari yo`qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzilgani, yana 62 tasining esa, elektr ta`minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi aniqlangani aytildi. Xo`sh, tadbirkor bu zaryadlash shoxobchalarini o`z-o`zidan kelib, shunchaki qurganmi? Bunda qaysidir lavozimdagi shaxs aralashuvi borligi aniqku, shunday katta shaharda bir puldor tadbirkor hech kimdan so`ramasdan mana shu erda bo`sh o`rin bor ekan, deb uskuna o`rnatib olmasa kerak. Hokimlik bunga ruxsat berganlarni ham tekshirishi, ularning shaxsi va lavozimini ochiqlashi lozim. Ularga arzirli jazo berilishi, balki boshqalarga o`rnak bo`lar?
Hokimlik bu choralarni elektromobillar rivojini cheklash uchun emas, balki elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani tartibga solish va xavfsizlikni ta`minlash maqsadida amalga oshirilayotganini ta`kidladi.
Biroq bu bayonot jamoatchilik orasidagi norozilik kayfiyatini kamaytirmadi. Aksincha, ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar faoliyatiga to`sqinlik qilinayotgani haqidagi tanqidlar yanada kuchaydi.
Shundan so`ng Biznes-ombudsman ham bu masala yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, zaryadlash stansiyalarini tarmoqdan uzish amaldagi qonunchilikka zid bo`lishi mumkinligini ma`lum qildi.
Ma`lum qilinishicha, tadbirkorlik sub`ektlarining faoliyatini to`xtatib qo`yish yoki ularning mulkidan foydalanishni cheklash faqat qonunda belgilangan tartibda, zarur hollarda esa faqat sud qarori bilan amalga oshirilishi mumkin.
Shuningdek, har qanday inventarizasiya yoki tartibga solish choralari tadbirkorlarni oldindan xabardor qilgan holda va ularga moslashish uchun etarli vaqt berilgan tartibda amalga oshirilishi lozimligi ta`kidlandi.
Biznes-ombudsmanga ko`ra, tadbirkorlarning mulkini asossiz tarzda tarmoqdan uzish yoki buzish holatlari biznes yuritish kafolatlarining buzilishi sifatida baholanadi.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlar asosida o`rganish ishlari olib borilmoqda. Agar vakolatli organlar tomonidan asossiz harakatlar aniqlansa, aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan ta`sir choralari ko`rilishi ma`lum qilindi, deyiladi xabarda.
Bu orada Toshkent shahar hokimligi esa yana bir bor bayonot berib, poytaxtda elektromobillar soni ortib borayotganini va elektr tarmoqlari barcha aholiga xizmat qiladigan yagona tizim ekanini ta`kidladi.
Hokimlikka ko`ra, yuqori quvvatli zaryadlash stansiyalari tarmoq imkoniyatlari hisobga olinmasdan o`rnatilsa, elektr tizimida ortiqcha yuklama paydo bo`lishi va bu oddiy aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi mumkin.
Shu sabab zaryadlash infratuzilmasini faqat qonuniy va texnik talablarga muvofiq tashkil etish zarurligi qayd etilmoqda.
Biroq bu vaziyat yana bir dolzarb savolni o`rtaga tashlaydi: agar zaryadlash stansiyalari bilan bog`liq muammolar hal etilmasa, elektromobillar soni tez sur`atlarda ortib borayotgan bir paytda poytaxt infratuzilmasi bu yuklamani ko`tara oladimi?
Yana bir muhim savol: elektromobillardan foydalanishni targ`ib qilayotgan davlat siyosati bilan amaldagi infratuzilma o`rtasidagi ziddiyatni kim va qanday hal qiladi?
Bugun elektr tarmoqlarida yuklama ortishi haqida gapirilmoqda. Lekin hozir ham yo`llarda benzin va gazda yuradigan avtomobillar ulushi katta. Sovuq tushishi bilan gaz quyish shahobchalarida cheklov bo`lishi haqida gapirmasak ham bo`ladi. Agar yaqin oylarda aholining 60–70 foizi elektromobillarga o`tib ketsa, unda nima bo`ladi? Elektr tarmoqlari bu darajadagi yuklamani ko`tara oladimi? Yoki har galgidek avval infratuzilmani emas, balki zaryadlash stansiyalarini cheklash orqali muammo “hal” qilinadimi?