So`nggi yillarda O`zbekiston iqtisodiyoti haqida ijobiy raqamlar ko`p aytilmoqda. YaIM o`smoqda, yangi loyihalar ochilmoqda, rasmiy statistikada kambag`allik va ishsizlik pasaygani qayd etilmoqda. Ammo, boshqa bir haqiqat hamon o`zgarmay turibdi: mehnat migrasiyasi hali ham ommaviy tusda davom etmoqda.
Rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, 2025 yilda xorijda ishlayotgan o`zbekistonliklar soni 1,86 million nafarga etgan. Bu o`tgan yilga nisbatan 512 ming kishiga ko`p.
Bu raqam mamlakat ichidagi iqtisodiy tizim hali ham millionlab odamlarga munosib daromadli hayot taklif qila olmayotganining belgisi.
Xo`sh, ishsizlik kamaydi, lekin odamlar nega ketyapti? Rasmiy hisobotlarda ishsizlik 5% atrofiga tushgani aytilmoqda. Lekin raqamlarning ichiga kirsak, manzara boshqacharoq.
Statistikaga ko`ra, 14,8 mln kishi band, shularning 4,3–4,8 mln qismi norasmiy sektorda. 1,8 mlndan ortig`i esa chet elda ishlayapti. Ya`ni, chetda ishlayotganlar hisobiga ham ishsizlik kamaygandek, buning ustiga, ish bilan ta`minlangan degan hisobot har doim ham munosib maoshli, barqaror ish degani emas.
Qishloqlarda yoki kichik shaharlarda ko`pchilik kunlik ishda, qurilishda vaqtincha mehnatda yoki rasmiy shartnomasiz tirikchilik qiladi. Oqibatda, odamlarda yo kam daromad bilan yashash, yoki Rossiya, Qozog`iston, Koreyaga ketish tanlovi qolyapti.
Rasmiy ma`lumotlarda kambag`allik 5,8% gacha tushgani aytilgan (Spot – Delove novosti Uzbekistana). Ammo World Bank tahlili qattiq signal beryapti, agar migrantlar yuborgan pullar bo`lmaganida, O`zbekistonda kambag`allik darajasi 16,8–17% gacha chiqishi mumkin ekan. Ya`ni, Kambag`allik rasman kamaydi. Lekin tizim hali ham migrant pullariga tayanyapti.
Bu degani, mamlakat iqtisodiyotining katta qismi ichki yuqori mahsuldorlikka yoki kuchli sanoatga emas, balki chet elda ishlayotgan fuqarolar yuborgan pulga suyanyapti.
Bu xavfli model emasmi? Chunki, masalan Rossiya iqtisodiyoti sekinlashsa, migrasiya qoidalari o`zgarsa yoki tashqi siyosiy inqiroz yuz bersa, millionlab oilalar daromadsiz qolishi mumkin.
Sifatli ish o`rinlarining etishmasligi eng katta muammolardan biri bo`lib qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni kuzatsak, ko`pchilik yoshlar yuqori maoshli ishlar kamligi, korrupsiya, “tanish-bilish” tizimi, ta`lim sifati, energiya va infratuzilma muammolarini tilga olishiga guvoh bo`lamiz (Reddit).
Aytish mumkinki, iqtisodiy o`sish raqamlarda bo`lishi mumkin. Lekin oddiy odam oyligiga uy ola olmasa, yaxshi tibbiyotga eta olmasa, farzandi uchun sifatli ta`lim topa olmasa, u o`sishni o`z hayotida sezmaydi. Bugun ko`p yoshlar uchun chet elga ketish faqat pul topish emas, balki adolatli imkoniyat izlashga aylanib qolgandek.
Ko`pchilikda shunday kayfiyat bor: mehnat emas, tanish hal qiladi; bilim emas, aloqa o`tadi; halol ishlab yuqoriga chiqish qiyin.
Inson kapitaliga ishonchning yo`qolishi mamlakat uchun xavfli nuqta. Chunki mamlakatning eng faol, eng harakatchan qismi chiqib ketishda davom etyapti, hatto boshqa mamlakatlar o`rtasidagi urushlarda ishtirok etib, jonlarini xavf ostiga qo`yishga ham rozi bo`lmoqda.
O`zbekistonda haqiqiy muammo faqat ishsizlik yoki kambag`allik emas. Asosiy muammo iqtisodiy o`sishning sifati, munosib maoshli ish o`rinlari tanqisligi, norasmiy iqtisodiyot ulushining kattaligi va aholining katta qismi tashqi mehnat migrasiyasiga bog`lanib qolganida. Rasmiy statistika yaxshilanishi mumkin.
Lekin agar odamlar ketishda davom etsa, bu raqamlar hali jamiyatdagi haqiqiy ishonch krizisini hal qilmagan bo`ladi.
Eng katta vazifa odamlarni ketmaslikka majburlash emas,
balki ularga shu erning o`zida munosib kelajak yaratishdir.