Bu haqda prezidentning "Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo`ravonlik holatlarining oldini olish bo`yicha qo`shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to`g`risida"gi farmonida belgilangan.
Shavkat Mirziyoev kecha, 3 mart kuni ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini yanada kuchaytirish, ularga nisbatan tazyiq va zo`ravonlikning oldini olish yuzasidan takliflar hamda yangi tashabbuslar bilan tanishdi.
Erta nikoh, erta yoshdagi tug`uruq hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo`ravonlik holatlarining oldini olish masalalari ayni paytda dolzarb bo`lib turgani sir emas. Oxirgi paytlarda ochiq jamoat joylarida ham bolalar, xususan yosh qizlarga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilayotgani jamoatchilikni tashvishga solmoqda.
Bu holatlar ko`p marta muhokama qilinib, huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar oldiga aniq vazifalar qo`yilgan. Ularning bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida, idoralararo kengash tashkil etilgan va qisqa muddatlarda amaliy takliflarni ishlab chiqish topshirilgan edi.
3 mart kuni o`tkazilgan taqdimotda keng jamoatchilik, soha ekspertlarining takliflari hamda ilg`or xalqaro tajriba asosida muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tayyorlangan tashabbuslar ko`rib chiqilgan.
Shuningdek, shu kunlarda dolzarb bo`lgan bir qator masalalar bo`yicha takliflar bildirilgan.
Jumladan, shahvoniy shilqimlik uchun belgilangan 5 sutkagacha ma`muriy qamoq jazosini qat`iylashtirish;
pedofillar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilishgacha bo`lgan jazoni belgilash;
Jinoyat kodeksining 118 va 119-moddalaridagi jinsiy jinoyatlarni voyaga etmagan shaxslarga nisbatan sodir etgan mahkumlarni manzil-koloniyalarga o`tkazmaslik;
Jinoyat kodeksining 6 ta moddasidagi jinsiy jinoyatlar bo`yicha ishlarni tergov qilish vakolatini ichki ishlar organlaridan prokuraturaga o`tkazish;
shahvoniy shilqimlik bo`yicha ma`muriy huquqbuzarlikka oid materiallarda jinoyat alomatlari mavjud emasligi bo`yicha prokuror qarorini olish shartligi;
ayollar va bolalarga nisbatan zo`ravonlik jinoyatlari bilan maxsus tayyorgarlikdan o`tgan advokatlar, tergovchi va sudyalar shug`ullanishi;
zo`ravonlikdan jabrlangan va himoya orderi berilgan xotin-qizlar himoyasini kuchaytirish maqsadida ularning telefon qurilmalariga maxsus SOS ilovalarini o`rnatish, bunda chaqiruv tugmasi bosilganda 5 kilometr radiusdagi ichki ishlar xodimlari 10 daqiqada manzilga etib kelishi kabi takliflar bildirilib, prezidentga havola qilingan.
Davlat rahbari bildirilgan tashabbuslarni ma`qullab, tegishli farmonga imzo chekdi. Shuningdek, sohadagi yangiliklarni keng jamoatchilik orasida targ`ib qilish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar bergan.