Endi o`z mablag`larimizni qaerga sarflaganimiz haqida ham hisob beramizmi?

03.03.2026 16:15

O`zbekiston hukumati 1 apreldan boshlab deyarli barcha oldi-sotdi jarayonlarida naqd puldan voz kechib, to`liq naqdsiz to`lov tizimiga o`tishni maqsad qilgan bir paytda, Markaziy bank buning aksiga xizmat qiluvchi qarorni ilgari surmoqda. Kartadan kartaga (P2P) pul o`tkazmalarida «o`tkazma maqsadini ko`rsatish» talabi jamiyatda katta savol va ishonchsizlikni uyg`otdi.

Hukumat va Markaziy bank: Kim qaysi yo`ldan ketyapti?

Bir tomondan, davlat iqtisodiyotni «oqartirish» uchun naqd pulsiz hisob-kitobni targ`ib qilmoqda. Ikkinchi tomondan esa, Markaziy bank kiritgan 16 banddan iborat ro`yxat iste`molchini har bir qadami uchun hisob berishga majburlayapti. Bu vaziyatda oddiy fuqaro oldida ikkita yo`l qoladi:

* Har bir o`tkazmada «Sovg`a», «Qarz» yoki «Yordam puli» kabi bandlarni tanlab, o`zini xuddi tergovda turgandek his qilish.
* Yoki tinchgina pulini naqdlashtirib, hech kimga hisob bermasdan ishlatish.

Mantiqiy savol tug`iladi: Agar maqsad ko`rsatish talabi odamlarni naqd pulga qaytishga majbur qilsa, unda raqamlashtirish islohotlaridan nima naf?

Bozor iqtisodiyotimi yoki ma`muriy nazorat?

Erkin bozor iqtisodiyotida shaxsiy mablag`larni tasarruf etish huquqi muqaddas sanaladi. Iste`molchi o`z hisobidagi pulning «egasi» sifatida uni kimga va nima uchun o`tkazishini hisobot ko`rinishida taqdim etishga majburlanmasligi kerak.
Jadvaldagi ayrim bandlar, masalan, «O`yin-kulgi xarajatlari» yoki «Oilaviy o`tkazma» kabi maqsadlarning kiritilishi insonning shaxsiy hayotiga daxl qilishdek taassurot uyg`otadi. Nega fuqaro o`z yaqiniga yuborayotgan pulini «maqsadli» ekanini isbotlashi kerak?

Zamonga zid yondashuv

Bugungi raqamli texnologiyalar asrida to`lov jarayonlarini maksimal darajada soddalashtirish trendga chiqqan. Markaziy bankning bu talabi esa jarayonni aksincha murakkablashtiradi.

Vaqt yo`qotish: Har bir o`tkazmada menyu ichidan kerakli bandni qidirish foydalanuvchi uchun ortiqcha vaqt va noqulaylik.

Xavfsizlik illyuziyasi: Jinoiy yo`l bilan topilgan pullarni yuvish bilan shug`ullanuvchi shaxslar hech qachon «Noqonuniy daromad» degan bandni tanlashmaydi — ular doim «Qarz» yoki «Yordam puli»ni tanlashadi. Demak, bu talab jinoyatchilikka qarshi kurashda samarasiz, ammo halol fuqarolar uchun ortiqcha yuk.

Markaziy bank noqulay ixtirolar qilmasdan plastikdan plastikka o`tkazishdagi foizlarni yo`qotish yo`llarini o`ylab ko`rsa bo`lardi.

Ishonch inqirozi

Yaqindagina millionlab fuqarolarning shaxsiy ma`lumotlari tarmoqqa sizib chiqqani haqidagi xabarlar fonida, bank tizimiga bo`lgan ishonch ancha zaiflashgan. Endilikda har bir o`tkazmaning maqsadi xoh u «ta`lim» bo`lsin, xoh «tibbiy xarajatlar» — bazada saqlanishi fuqarolarning shaxsiy hayoti haqidagi ma`lumotlar to`planishini anglatadi.
Bu ma`lumotlarning ertaga yana «sizib chiqmasligiga» yoki ulardan shaxsga qarshi foydalanilmasligiga kim kafolat beradi?

Maqsad o`zi nima?

Agar maqsad yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo`lsa, buni iste`molchilarga noqulaylik tug`dirish orqali emas, balki tizimni soddalashtirish va rag`batlantirish orqali amalga oshirish lozim. Nazorat mexanizmlarining haddan tashqari «qattiqlashishi» odamlarni yana naqd pul muomalasiga qaytishga majbur qilishi mumkin. Bu esa raqamlashtirish yo`lidagi islohotlarni bir necha yilga orqaga uloqtiradi. Agar tizim soddalashmasa, «raqamli iqtisodiyot» shunchaki qog`ozdagi balandparvoz gap bo`lib qolaveradi.

Xo`sh, siz nimani afzal ko`rasiz: har bir o`tkazma uchun «hisobot» berishni yoki eskichasiga naqd pulda qolishni?

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар