Kitob mutolaasini targ`ib qilib, ko`pchilikka tanilgan “Tirik kitob” sifatida e`tirof etilgan kitob sotuvchi Xayrulla Asadov jarimaga tortildi.
Ma`lum qilishicha, unga yaqinda yordam sifatida eski kitoblarni sotish uchun xayriya yo`li bilan maxsus joy qurib berilgan. Biroq faoliyati yuzasidan soliq organlariga shikoyat tushib, soliq organlari tomonidan xarid cheklari taqdim etilmagani vaji bilan sudga ariza kiritilib, ma`muriy ish qo`zg`atilgan. Asadovning so`zlariga ko`ra, arizani Mirzo Ulug`bek tumani hokimligida ishlaydigan fuqaro kiritgan.
Sud qaroriga ko`ra, Xayrulla Asadov Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 176-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikda aybdor deb topilib, unga 2 mln 60 ming so`m miqdorida jarima tayinlangan. Shuningdek, ashyoviy dalil sifatida olingan 3 turdagi 100 dona kitobni musodara qilish masalasi ham qaror qismiga kiritilgan.
Asadovning ta`kidlashicha, tekshiruv jarayonida kechki payt kelib, kitoblarni olib ketish yoki chiqindiga tashlash bilan tahdid qilingan holatlar ham bo`lgan. Ammo o`sha atrofdagi kishilarning yordami bilan kitoblar saqlab qolingan.
Kitobxonlikni targ`ib qilib kelayotgan Xayrulla Asadovga uni xalq orasida mashhur qilgan Erkin Bozorov moliyaviy yordam ko`rsatib, 2 mln 60 ming so`m jarimani to`lab bergan.
Avvalroq kitobxonlikni rivojlantirish bo`yicha Prezident qaror imzolangandi. Shuningdek, Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg`armasi ham tashkil etildi.
Ammo soliqchi va sudyalarimiz esa ma`naviyat va ma`naviyatchilarga qarshi jarima bilan kurashni boshladi.
Prezident qarori bilan kitobxonlik targ`iboti uchun bir qator imtiyozlar beriladigan bo`ldi.
“Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish” jamg`armasi orqali eng iste`dodli yozuvchilarga ijodiy buyurtma berilib, bir yil davomida oyiga 20 million so`mdan haq to`lanadi.
Eng sara xorijiy asarlarni o`zbek tiliga, milliy adabiyotni esa xorijiy tillarga tarjima qilish va nashr etish xarajatlarining yarmi qoplanadi.
Yangi o`quv yiliga qadar eng yaxshi 100 ta asardan iborat to`plam tayyorlanib, barcha maktab va texnikumlarga etkaziladi. Eng faol kitobxon o`quvchilarga 10 million so`mdan mukofot beriladi.
Kutubxona, “book cafe” va kitob do`konlari ochib, oyiga 10 ming donadan ortiq kitob sotgan tadbirkorlarga 3 yilgacha 1 milliard so`mgacha 7 foizli ssuda ajratiladi.
Ammo bu erda kitob targ`iboti bilan shug`ullanadigan fuqaro bilan soliqchilar sudlashib yuribdi.