O`zbekistondagi ilk pulli avtomobil yo`li — Urganch—Xiva trassasi qurilishi jamoatchilikda jiddiy savollarni uyg`otmoqda. Qiymati 120 million dollar bo`lgan ushbu yo`l loyihasida shaffoflik va qonun ustuvorligi borasida qator shubhali holatlar mavjud.
Investor kim? Tender qani?
Loyihaning eng asosiy va jumboqli tomoni shundaki, qurilishni moliyalashtirayotgan investorning nomi haligacha oshkor etilmagan. Shuningdek, bunday yirik davlat loyihasi uchun majburiy bo`lgan tender o`tkazilgani haqida hech qanday ochiq ma`lumot yo`q.
Moliyalashtirishning bir qismi O`zbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamg`armasi zimmasiga tushgan bo`lsa-da, tomonlarning ulushlari sir saqlanmoqda.
Buyurtmachi ham, ijrochi ham — bitta tizim
Loyihaning ijro etilish sxemasi mutaxassislarning e`tirozlariga sabab bo`lmoqda:
* Buyurtmachi: Avtomobil yo`llari qo`mitasi huzuridagi direksiya.
* Pudratchi: Aynan shu qo`mita tarkibidagi korxonalar.
* Xom ashyo: Qo`mitaga qarashli zavodlardan etkazib berilmoqda.
Bunday vaziyatda bitta tizim ham texnik topshiriqni shakllantiradi, ham ijrochini tanlaydi, ham nazoratni amalga oshiradi. Bu korrupsiya xavfini va manfaatlar to`qnashuvini yuzaga keltiruvchi klassik holatdir.
Qonunga zid qurilishmi?
Eng xavotirli jihati, qurilish ishlari loyihalash bilan parallel ravishda olib borilmoqda. Vaholanki, 2025 yil 1 yanvardan boshlab O`zbekistonda tasdiqlangan loyiha hujjatlarisiz yoki loyihalash va qurilishni bir vaqtda olib borish orqali davlat mablag`larini sarflash qat`iyan taqiqlangan.
Xarajatlar ko`payishi muikin
Agar pudratchilar ochiq tendersiz, tizim ichida belgilangan bo`lsa, demak, narxlarning bozordagi qiyoslashi va qiymatning mustaqil baholanishi mavjud emas. Shuningdek, tashqi investor, moliyalashtirish ulushlari, tender haqidagi ma`lumotlar, bo`lajak tariflar, transport oqimi va yo`lning o`zini qoplashi bo`yicha hisob-kitoblar ochiqlanmagan.
Loyihalash bilan bir vaqtda qurilishni olib borish esa, ilgari kuzatilganidek, loyihaga tuzatishlar kiritilishiga, xarajatlar smetasining kengayishiga va sarf-xarajatlarning ortishiga olib kelishi mumkin.
Loyiha nima va`da qilmoqda?
35 kilometr uzunlikdagi to`rt polosali trassa qiymati 120 million dollarni tashkil etadi. U mavjud yo`lga muqobil bo`lishi, yo`l vaqtini 60 daqiqadan 17 daqiqagacha qisqartirishi va sutkasiga 20 mingdan ortiq avtomobil o`tkazish quvvatiga ega bo`lishi kutilmoqda. Loyiha 17 ta ko`prik, 8 ta yo`l o`tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o`tish joyini o`z ichiga oladi.
Ayni paytda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi loyiha yuzasidan o`rganish ishlarini boshlagan. Xalq puli va tashqi qarz hisobiga qurilayotgan yo`lning tariflari, o`zini qoplash muddatlari va iqtisodiy asoslari hamon “yopiqligicha” qolmoqda.