Oliygohlarimizning vazifasi mutaxassis tayyorlashmi yoki poyloqchi?

26.02.2026 09:08

Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligidan yana bir absurd taklif

O`zbekiston oliy ta`lim tizimi so`nggi yillarda akademik mustaqillik va xalqaro standartlar haqida bong urayotgan bir paytda, Maktabgacha va maktab ta`limi vazirligi (MMTV) kutilmagan, ammo juda tanish bo`lgan “yangilik” bilan chiqdi. Endi vazirlik tasarrufidagi oliygohlarda talabalardan iborat “Qalqon” jamoat patrullari tashkil etilar ekan.

Maqsad — talabalarning odob-axloqini nazorat qilish va “shubhali” xulq-atvor egalari haqida profilaktika inspektoriga xabar berish. Keling, ochiq gaplashamiz: bu islohotmi yoki talabalar orasida erkinlikni bo`g`ish, “ayg`oqchilik” madaniyatini tiklashga urinish?

Vazirlikning bu tashabbusi bitta achchiq haqiqatni yuzaga chiqardi: mutasaddilar hali ham talabani mustaqil fikrli shaxs emas, balki “nazorat qilinishi shart bo`lgan sub`ekt” deb ko`rmoqda. 18-20 yoshli, voyaga etgan, saylovda ovoz berish, oila qurish va qonun oldida to`la javob berish huquqiga ega shaxsning “yurish-turishi”ni kimdir nazorat qilishi kerakmi?
Bu — oliy ta`limni “kattalashtirilgan maktab”ga aylantirishdir. Ularni qolipga solishga urinish kreativlik va erkin fikrning o`limini anglatadi.

Eski tizim yangi nom bilan

Tarixga nazar tashlasak, bu uslub yangilik emas. O`sha mashhur “Kamolot” davrida ham xuddi shunday “faollar” bor edi. Natija nima bo`ldi? Hech narsa! Faqat qog`ozbozlik, sun`iy hisobotlar va talabalar orasida bir-biriga nisbatan ishonchsizlik uyg`ondi, xolos.

Tarix saboqlaridan xulosa chiqarmasdan, o`sha samarasiz va absurd tizimni yangi “Qalqon” brendi ostida qaytarish tizimning inqirozga uchrashidan dalolatdir.

Masalaning eng xavfli jihati esa bu patrullarning talabalar orasidan tayinlanishi. Tasavvur qiling: bir kursdoshingiz darsdan keyin ustingizdan profilaktika inspektoriga “ma`lumot” berib tursa. Bu qanday o`quv muhiti? Bu qanday jamoaviy ruh?

Talabalar orasiga ishonchsizlik urug`ini sochish orqali qanday “ma`naviyatli avlod”ni tarbiyalamoqchimiz? Bu tizim talabalarni ilmiy izlanishga emas, balki “qoidalarga moslashish” va “bir-birini poylash”ga o`rgatadi.

Oliy ta`lim maktab emas!

MMTV tasarrufidagi oliygohlarning bu darajadagi absurd tartiblarga mahkum qilinishi bitta xulosaga etaklaydi: Oliy ta`lim oliy ta`lim sifatida qolishi kerak. Universitetlarni maktab boshqaruvi uslubidan zudlik bilan qutqarish shart. Oliy ta`lim tashkilotlari vazirlik tarkibida qolib, maktab metodikasi bilan boshqarilar ekan, biz hech qachon “Top-1000” talikka kira olmaymiz.

Qolaversa, profilaktika inspektori bilan hamkorlik qilish talabaning ishi emas. Talabaning ishi — kutubxonada o`tirish, laboratoriyada tadqiqot qilish va jamiyatga foyda keltiradigan kadr bo`lib etishishdir.

“Qalqon” patrullari talabalarni xavfdan himoya qilmaydi, aksincha, ularning erkinligini bo`g`adi. Bizga “patrullar” emas, muloqot va o`zaro hurmatga asoslangan akademik muhit kerak. Vazirlikning bu tashabbusi zudlik bilan qayta ko`rib chiqilishi, absurd islohotlardan voz kechilishi shart. Aks holda, oliygohlar bilim dargohi emas, intizomiy nazorat lageriga aylanib qoladi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар