«Milliy tiklanish» partiyasi O`zbekiston haqida nomaqbul gapirgan xorijliklar ro`yxatini tuzib, buni Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan muhokama qiladi. Bu haqda 16 yanvar kuni o`tkazilgan matbuot anjumanida partiya raisi Alisher Qodirov ta`kidladi.
Tadbirda jurnalistlar «persona non grata»ga oid qonunchilik nega amalda ishlamayotgani bo`yicha izoh so`radi.
Alisher Qodirov O`zbekistonda bo`lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo`lmagan shaxslar ro`yxatini shakllantirish parlament vakolatida emasligi, ammo uning o`zida Rossiyada shovinistik siyosatni yuritayotgan o`nga yaqin insonlar ro`yxati borligini qayd etdi.
«Ular orasida Solovyov, Prilepin kabi o`zini tarixchi, siyosatchi, jurnalist sifatida nomlab olgan, lekin aslida nafaqat Markaziy Osiyo, umuman insoniyatga qarshi jinoyatlarni targ`ib qilayotgan shaxslar bor. Bu insonlarni O`zbekistonga umuman qaytib kira olmaydiganlar ro`yxatiga qo`shishni shaxsan qo`llab-quvvatlayman. Ammo bu ro`yxatning taklif sifatida berilishi masalaning echimi emas. Bu institut amalda ishlashi kerak, men ham xuddi sizlar kabi e`tiroz bildiruvchiman», — deydi u.
Uning so`zlariga ko`ra, O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi bunday keskin masalalar bilan amalda ham ishlashi kerak. «Vazirlikning faqatgina notalar berish bilan bog`lanib qolishi davlat rahbarining bevosita e`tirozida aks etdi», — deya qo`shimcha qildi partiya raisi.
«Andishaning oti qo`rqoq degan maqol bor bizda. O`zbekistonning bag`rikengligi va tinchlikparvar siyosatini o`zicha talqin qilayotgan ayrim kuchlarga endi sal keskinroq qarash vaqti keldi, deb o`ylayman. Masalan, shaxs sifatida Solovyovning bayonoti provokasiya ekanligini aytdim va bu Rossiyaning rasmiy munosabati emasligiga umid bildirgandim. Rossiya TIV ham bu rasmiy munosabat emasligini tasdiqladi. Lekin biz bunday bayonotlarga faqatgina gap bilan munosabat bildirmasligimiz kerak. Bu davlatlar orasidagi munosabatlarda muhokama qilinishi va choralar ko`rilishi zarur, deb hisoblayman», — deydi u.
Deputat O`zbekistonning Rossiya Federasiyasi bilan strategik sheriklik to`g`risidagi shartnomasi borligini eslatib, bunday holatlar «sheriklarning munosabatlariga uyg`un ruhda emasligini» ta`kidladi. «O`zbekiston bag`rikeng va sheriklaridan sadoqat, do`stlik munosabatlariga uyg`un harakatlar kutib qoladigan davlat», — deydi partiya raisi.
Qodirov jurnalistlarning Tashqi ishlar vazirligi bu borada haligacha o`zini ko`rsata olmagani, endi «Milliy tiklanish» partiyasi «persona non grata» shaxslar ro`yxatini tuzib, parlamentga kiritish kerakligi haqidagi savoliga izoh berarkan, bu masala bilan shug`ullanishga va`da berishini aytdi.
«Solovyovning chiqishidan keyin [bunday shaxslar ro`yxati bilan] biz shug`ullanmasak, boshqa hech kim shug`ullanmas ekan, degan xulosaga kelib bo`ldik va bu bilan shug`ullanmoqchimiz. Ro`yxatni kiritib, buni Tashqi ishlar vazirligi bilan muhokama qilamiz. Natijasi uchun esa va`da bera olmayman. Chunki qaror masalasi bor, biroq taklif berish va tashabbus ko`rsatishga va`da beraman», — deydi Alisher Qodirov.