AQSh, Yaponiya va Nordik davlatlarda 30+ mamlakatda o`zbekistonliklar uchun yuqori daromadli ishlash imkoniyati bo`ladi

16.01.2026 13:23

Kecha Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yig`ilishida bir qator muhim masalalar qatorida, fuqarolarimizga xorijda yuqori daromadli ish o`rinlarini topib berish ham navbatdagi ustuvor vazifa sifatida belgilab berildi.

Yig`ilishda ilgari fuqarolarimiz asosan 2-3 ta davlatga borib ishlagan bo`lsa, hozir tashkiliy migrasiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilayotgani ta`kidlandi.
Misol uchun, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kompaniyalari mutaxassislarga talabidan kelib chiqib, O`zbekistonda o`quv kurslarini tashkil etdi.


Yaponiya kompaniyasi qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yo`nalishlarida “10 ming nafar o`zbek mutaxassisini jalb qilish” loyihasini boshladi. Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarni yuborish amaliyoti yo`lga qo`yilgan.


Lekin qolgan mamlakatlardagi elchilar bunday tajribani boshqa davlatlar bilan yo`lga qo`yish bo`yicha tashabbus ko`rsatmayapti.


Xususan, chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yo`nalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani ko`rsatib o`tildi.
O`tgan yili AQSh hukumati qishloq xo`jaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirdi. Ushbu mamlakatdagi elchiga AQShdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar ro`yxatiga O`zbekistonni kiritish bo`yicha muzokaralar o`tkazish topshirilgan.

Shuningdek, bundan keyin har bir viloyat hokimi ishchi kuchi qabul qiluvchi rivojlangan davlatlar hududlari bilan to`g`ridan-to`g`ri ishlash amaliyotini yo`lga qo`yishi kerakligi qayd etildi.
Umuman, har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish o`rinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga o`qitishga ham mas`ul bo`lishi belgilandi.


Bu borada Yaponiya, Shvesiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gresiya va O`mon bilan migrasiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligi ta`kidlandi.
Tahlillarga ko`ra, bugungi kunda Shvesiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor. Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o`zida 3 ming fuqaroni o`zlari o`qitib, ularga Evropa standartlari asosida sertifikat berishga tayyorligini bildirishgan. Shuningdek, Shvesiya grant ajratib, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va joriy yilning o`zida 500 nafarini ishga olish taklifini bergan.
Yig`ilishda mutasaddilarga Shvesiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, fuqarolarimizni yuqori daromadli ish o`rinlariga yuborish muhimligi ta`kidlanib, ularga vazifalar yuklandi.
Umuman, Shvesiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Nordik davlatlar bilan tashqi mehnat migrasiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар