Bola boshlang`ich ta`limni o`z ona tilida olishi kerak — Alisher Qodirov

11.01.2026 16:04



“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bola bog`chada va boshlang`ich ta`limda o`z ona tilida tarbiya ko`rishi va ilm olishning poydevorini boshlab olishi kerakligini aytdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 6 yanvar kuni yalpi majlis o`tkazgandi. Unda tazyiq va zo`ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bolaning eng ustun manfaatlarini ta`minlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o`qishda ko`rib chiqilib, qabul qilindi. Bundan tashqari, milliy qonunchilikka “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasini kiritish orqali bolalar huquqlarini himoya qilish sohasidagi huquqiy asoslar takomillashtirilyapti.

“Biz bugun, afsuski, bolalarimizni begona tilida tarbiya ko`rishga majbur qilyapmiz, begona tilida boshlang`ich ta`limni olishga majbur qilyapmiz va buning oqibatida bolalarimizdan maktabdan kutgan bilimni, bog`chadan kutgan tarbiyani ololmayapmiz va bu xatoni negadir tan olishni xohlamayapti ko`p odamlar. Afsuski, bu pedagogikada isbotini topgan bir masala, muammo va bu qonunda buning aks etishi biz uchun juda ham ma`qul. Biz buni qo`llab-quvvatlaymiz”, dedi majlisda so`z olgan Alisher Qodirov.

Deputat “Ta`lim to`g`risida”gi qonunda ta`lim tilini tanlash erkinligi belgilanganini, tarbiya, boshlang`ich ta`lim va maktabgacha ta`limda har bir bolaning ustun manfaati sifatida o`z ona tilida tarbiya ko`rishi va boshlang`ich ta`limni olish majburiyatini ham kerak bo`lsa, belgilab qo`yish kerakligini aytdi. Qonun tashabbuskorlarini bu masalaga jiddiy qarashga chaqirdi.

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi fraksiyada qonun loyihasi birinchi o`qishda muhokama qilinganida bu haqda quyidagicha fikr bildirgan:

“Ta`limni bola o`zi tushunarli bo`lgan tilda olishi kerak-da, to`g`rimi? Bilmagan tilida sinfga qo`yilyapti. Bolaning manfaati buzilyaptimi? Buzilyapti. Lekin qonun bilan biz buni ota-onaga berganmiz. Ota-ona bolaning o`rniga tanlayapti. Bolaning manfaatlarini buzyaptimi? Bu qonun bolaning o`sha huquqini tiklab bera oladimi? Yo`q. Demak, ta`lim to`g`risidagi qonunga ham o`zgartirish kiritilishi kerak”.

Alisher Qodirovning qayd etishicha, bolaning ustun manfaati sifatida ta`lim olish tilini tanlash huquqi deb kiritish kerak. Bola qaysi tilda ta`lim olishini o`zi belgilashi kerak, ota-onasi emas. Ota-onalar belgilashi bolaning manfaatlariga katta zarar keltiryapti.

“Bu havodan olinib gapirilayotgan gap emas. Bizning markazimizdagi juda ham ko`p maktablarda borib tahlil qildik. Faqat Toshkent emas, viloyatlarda ham borib tahlil qildik. Oltinchi sinfgacha o`qiyapti, birinchi sinfdan boshlab rus sinfda o`qigan. Qip-qizil o`zbek bola. Ota-onasi ham o`zbek, etti urug`-aymog`i ham o`zbek. Bolasini rus sinfiga bergan, maqsad ezgu bo`lgan.

Men uni noto`g`ri demoqchi emasman. Lekin bola 6-sinfga kelib faqat til orqasidan quvib, oltinchi sinfgacha olishi kerak bo`lgan ilmiy o`lchovlarning birortasini olmagan. Na fizikaning boshlang`ich fundamental qismini olgan, na matematikaning boshlang`ich fundamental qismini olgan. Faqat til o`rganish bilan shug`ullangan. O`qituvchi nima deyapti ekan, deb og`ziga qarab o`tirish bilan shug`ullangan”, deydi deputat.

Uning ta`kidlashicha, buning oqibatida 6-sinfga kelib, bola fundamental bilimlarni bilmasdan ta`limning ikkinchi bosqichiga o`tyapti. Hech nima o`zlashtira olmayapti. 11-sinfga borib universitetga imtihon topshirganlarning past ball olayotgani mana shuning oqibatidir.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар