Buxoroda AI-95 deb sotilgan benzin avtomobilni buzib qo`ygach iste`molchiga etkazilgan zarar qoplab berildi

06.01.2026 21:45

Buxoro viloyatida AYoQShdan xarid qilingan benzin avtomobilning nosoz holatga kelishiga sabab bo`ldi. Raqobat qo`mitasining aralashuvi bilan, iste`molchiga etkazilgan 14 mln 400 ming so`mga yaqin zarar qoplab berildi.

Qo`mita matbuot xizmati xabariga ko`ra, iste`molchi “Narzulloobod Javohiri” xususiy korxonasiga tegishli yoqilg`i quyish shoxobchasidan olingan 10 litr AI-95 benzin sababli avtomobilida nosozlik yuzaga kelganidan shikoyat qilgan.

Shundan keyin Raqobat qo`mitasining hududiy boshqarmasi, servis xulosasi asosida, korxonaga nisbatan ish qo`zg`atgan va avtomobilga etkazilgan 14,4 mln so`mlik zarar iste`molchiga qoplab berilishi ta`minlangan.

Iste`molchilar huquqlarini himoyalovchi organ avtomobil egalarining manfaatlari himoya qilinganiga oid boshqa holatlar haqida ham ma`lumot berdi.

Motori nosoz Tracker

Iste`molchi “Jizzax Avto Savdo” MChJdan xarid qilgan Chevrolet Tracker Premier Plus avtomobilining motorida nuqson aniqlanganidan shikoyat qildi. Raqobat qo`mitasining Jizzax viloyati boshqarmasi topshirig`iga ko`ra, avtosalon nuqsonli avtomobilni xuddi shu narxdagi yangi avtomobil bilan almashtirib berdi.

Akkumulyatori nosoz Onix

Iste`molchi “Billur Avto Savdo Navoiy” MChJdan xarid qilgan Onix avtomobilining old eshik qoplamasida nuqsonlar bo`lgan, akkumulyatori esa nosoz holatda edi. Raqobat qo`mitasining Navoiy viloyati boshqarmasi avtosalon tomonidan nuqsonlar bartaraf etilishi va akkumulyator sifatlisiga almashtirilishini ta`minladi.

Nuqsonli Damas

Chinoz tumanida yashovchi fuqaro “Toshkent Deu” MChJdan Damas-2 D2 Style Plus avtomobilini xarid qilgan, lekin mashinada nuqsonlar borligiga qaramay, uni sifatlisiga almashtirishda muammoga uchragan. U Raqobat qo`mitasiga murojaat qilgach, Toshkent viloyati boshqarmasi fuqaroning mashinasini xuddi shu rusumdagi yangisi bilan almashtirgizib berdi.

Kechiktirib etkazilgan Cobalt'lar

Iste`molchi “Favorite-Cars-Service” MChJga 27.01.2025 kuni to`lov qilganiga qaramay, Sobalt avtomobili belgilangan muddatda etkazilmagan. Raqobat qo`mitasining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi 10 oy kutilgan avtomobil fuqaroga etkazib berilishini ta`minladi.

Shunga o`xshash holat Samarqand viloyatida ham kuzatildi. Fuqaro 2025 yil 3 noyabrda Sobalt uchun to`liq to`lov qilgan, lekin avtomobil o`z vaqtida etkazilmagan. Hududiy boshqarmaning aralashuvi bilan, avtosalon tomonidan Sobalt qisqa muddatda fuqaroga etkazib berilishi ta`minlandi.

Nosoz Chery

Termizlik fuqaro 173 mln so`mlik Chery avtomobilida qisqa muddatda nosozlik yuzaga kelgani va ta`mirlanmayotganidan shikoyat qildi. Raqobat qo`mitasining Surxondaryo viloyati boshqarmasi aralashuvi bilan, avtomobil avtosalon tomonidan ta`mirlab berildi.

Nosoz Kia

Kafolat bilan sotilgan Kia Sonet avtomashinasida texnik nosozlik aniqlangan va ta`mirlash uchun 840 ming so`m talab qilingan. Fuqaro Raqobat qo`mitasining Toshkent viloyati boshqarmasiga murojaat qilgach, “Qibray Avto Markaz” MChJ tomonidan avtomashina moyi va filtri yangisiga bepul almashtirib berildi.

@rost24_uz_bot — Хабар йўлланг. Сизнинг хоҳишингизга кўра ҳар қандай маълумот сир сақланади
0
Изоҳ қолдириш
Изоҳлар