AQSh sobiq prezidenti Jo Bayden siyosatdagi uzoq yillik faoliyati tufayli mamlakat tarixida lavozimini tark etgan davlat rahbarlari orasida eng katta nafaqani olish imkoniga ega bo`ldi. Uning yillik nafaqasi 417 ming dollarni tashkil etadi va bu hatto prezidentlik davridagi maoshidan ham yuqoridir. Bu haqda Milliy soliq to`lovchilar ittifoqi fondi vise-prezidenti Demian Bredi New York Post nashriga ma`lum qildi.
83 yoshli Bayden sobiq prezident sifatidagi faoliyatining birinchi yilidayoq ikkita pensiya jamg`armasidan katta miqdordagi mablag` olgan bo`lishi mumkin.
“Bunday katta miqdorda nafaqa olish juda g`ayrioddiy, tarixan misli ko`rilmagan holat”, deydi Bredi.
Undan Baydenning nafaqasini boshqa sobiq prezidentlarniki bilan taqqoslash so`ralganda, “Bu shubhasiz eng kattasi”, deya javob berdi. Hisob-kitoblarga ko`ra, Baydenning yillik pensiyasi uning sobiq o`tmishdoshi Barak Obama prezidentlikdan ketganidan keyin olgan pensiya to`lovlaridan ikki baravar ko`p bo`lib, Baydenning prezident sifatidagi yiliga 400 ming dollarlik maoshidan 17 ming dollarga yuqori.
Bredi ta`kidlashicha, bu Baydenning sobiq senator, vise-prezident va prezident sifatidagi “o`ziga xos siyosiy yo`li” bilan bog`liq. Aynan shu holat unga davlat tomonidan moliyalashtiriladigan bir nechta pensiya tizimlaridan foydalanish imkonini beruvchi “bo`shliq”dan foyda olishga yo`l ochgan.
Bir paytlar o`zini Kongressdagi “eng kambag`al a`zolardan biri” deb ta`riflagan Bayden 1958 yilda qabul qilingan Sobiq prezidentlar to`g`risidagi qonun hamda sobiq senatorlar uchun mo`ljallangan Fuqarolik xizmati pensiya tizimi (CSRS) doirasidagi to`lovlarni bir vaqtda olish huquqiga ega.
CSRS tizimidagi yillik pensiya miqdori Baydenning Senatdagi va vise-prezident sifatidagi 44 yillik faoliyati, shuningdek, shu davrdagi eng yuqori uch yillik maoshi asosida hisoblanadi.
Bredining aytishicha, Baydenning boshlang`ich senatorlik pensiyasi 166 374 dollargacha etishi mumkin. Bunga dastur doirasida turmush o`rtog`i uchun ajratilgan 18 186 dollar ham kiradi.
Agar sobiq prezidentning yillik to`lovlari uning eng yuqori maoshining 80 foizi bilan cheklanmaganida (vise-prezident va Senat raisi sifatida yiliga 230 700 dollar), u CSRS tizimi orqali yiliga 254 ming dollardan ortiq nafaqa olgan bo`lardi.
Senatorlik va vise-prezidentlik faoliyati uchun to`lanadigan pensiyadan tashqari, Bayden prezidentlik pensiyasi sifatida yiliga chorak million dollardan ortiq mablag` ham oladi. 1958 yilgi qonunga ko`ra, sobiq prezidentning pensiyasi hukumat vaziri (kabinet a`zosi) maoshiga teng bo`lishi kerak. Hozirda bu miqdor 250 600 dollarni tashkil etadi.
Mazkur qonun sobiq prezident Garri Trumen lavozimni tark etgach, moliyaviy qiyinchilikka duch kelgani haqidagi jamoatchilik xavotirlari fonida qabul qilingan. Biroq hozir ko`plab tarixchilar va mutaxassislar Trumen aslida prezidentlikdan keyin millioner bo`lganini va qashshoqlikka yaqin holatda yashamaganini ta`kidlamoqda.
Shuningdek, Sobiq prezidentlar to`g`risidagi qonun lavozimini tark etayotgan prezidentlar uchun soliq to`lovchilar mablag`i hisobidan moliyalashtiriladigan bir qator qo`shimcha imtiyozlarni, jumladan, xodimlar, jihozlar va ofis maydoni uchun er ajratishni ham nazarda tutadi.
2026 moliya yilida Bayden uchun 1,5 million dollardan ortiq mablag` ajratish rejalashtirilgan. Shundan 727 ming dollari faqat ofis ijarasi uchun mo`ljallangan bo`lib, bu boshqa barcha sobiq prezidentlarga ajratilgan mablag`dan ko`proqdir.
“Buning uchun ijara haqiga hech qanday cheklov yo`q. Demak, bu ijarasi juda qimmat bo`lgan, aholisi zich hududda joylashgan bo`lishi mumkin va soliq to`lovchilar hisobidan ijaraga olinayotgan maydon hajmiga ham hech qanday cheklov belgilanmagan. Bu umrbodga ta`minlanadi”, dedi Bredi.
Baydenning vakili New York Post nashrining nafaqa yuzasidan izoh berish so`roviga javob bermadi.